Buxorodagi bir nechta xonadondan qurol va portlovchi moddalar topildi

Buxoro viloyati ichki ishlar organlari xodimlari tomonidan o‘qotar qurol, o‘q dori va poroxlarni qonunga xilof ravishda saqlab yurish bilan bog‘liq bir nechta jinoiy holatlar fosh etildi. Bu haqda «Xabar.uz»ga viloyat IIB axborot xizmati rahbari Shuhrat Jalolov ma’lum qildi.
Bundan ilgari ham olib borilgan keng qamrovli profilaktik tadbirlar davomida o‘z xonadonida porox va gilzalar saqlashga oid noqonuniy holatlarning fosh qilinganiga oid xabarlar e’lon qilingan edi.
«Xavfsiz va sog‘lom yurt» keng qamrovli tezkor profilaktik tadbirining ushbu bosqichi doirasida ham ko‘plab xonadonlar ko‘zdan kechirilmoqda. Romitan tumani, Afrosiyob mahallasida yashovchi fuqaro R.Ch.ning xonadonidan otishga yaroqli bo‘lgan 42 dona ov quroli patronlari, ikki dona idish ichida 150 gramm og‘irlikdagi porox, alohida idish ichida 200 gramm qo‘rg‘oshin parchalari topildi. Shu tumanning «O‘ba» mahallasida yashovchi F.X. 8 dona patron, bir necha dona qo‘rg‘oshin parchalari, 6 dona har xil shakldagi sovuq qurolga o‘xshash buyumlarni noqonuniy tarzda saqlab kelayotgani aniqlandi. Xuddi shunday profilaktik tadbir Jondor tumani Tobagar mahallasi fuqarosi Sh.P. xonadonida ham o‘tkazildi. Ushbu shaxs tegishli ruxsatnomasiz IJEVSK mexanika zavodida ishlab chiqarilgan 32 kalibrli, bir silliq milli, «IjK» modelli ov miltig‘ini qonunga xilof ravishda saqlab kelgan»,-deydi Shuhrat Jalolov.
Bundan tashqari, Kogon tumani, Mustaqillik mahallasida yashovchi fuqaro S.S.ning xonadoni ko‘zdan kechirilganda, u ham portlovchi moddalar turkumiga kiruvchi, silliq milli ov qurollarining patronlari uchun mo‘ljallangan, ishlatish uchun yaroqli bo‘lgan 3,23 grammga teng bo‘lgan poroxni qonunga xilof ravishda saqlab kelayotganligi aniqlangan.
Turli ko‘rinishdagi o‘qotar qurol hamda portlovchi moddalarning yashirin ravishda saqlab kelinayotgani og‘ir oqibatlarga olib kelgani borasida qator xabarlar tarqalgan.
Mazkur holatlar yuzasidan yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 248-moddasi (O‘qotar qurolning, o‘q-dorilarning, o‘qotar qurol asosiy qismlarining, portlovchi moddalarning, portlatish vositalarining yoki portlatish qurilmalarining qonunga xilof muomalasi) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, hozirgi kunda dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter