Buxorodagi xatna to‘yida xalqaro kurash turniri o‘tkazildi (foto)
Buxoro viloyatining Jondor tumanida nomdor polvon nevarasining xatna to‘yida kurash bo‘yicha xalqaro turnir o‘tkazildi. Bosh sovrin — «Damas»ni surxondaryolik polvon qo‘lga kiritdi. Bu haqda Xabar.uz ga viloyat Sport boshqarmasi boshlig‘i O‘tkir Najmiddinov ma’lum qildi.
Buxorolik taniqli polvon, Markaziy Osiyo va Qozog‘iston mutlaq g‘olibi, xalqaro toifadagi sport ustasi Chori Sharipov xotirasini yodlab, uning nevaralari Ibrohim va Abdurahmon Choriyevlarning xatna to‘ylariga bag‘ishlab xalqaro turnir o‘tkazilgan. Turnirda O‘zbekiston viloyatlari va Qoraqalpog‘iston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikistondan 500 nafarga yaqin polvonlar ishtirok etishgan.
«Polvonlar sulolasi davomchilarining xatna to‘ylari polvonlarning azaliy urf-odatlariga ehtirom ko‘rsatgan holda o‘tkazildi. Turnirda 10 bosh tuya, 10 bosh ot, 10 bosh yirik shoxli qoramol, 50 bosh mayda shoxli mol, shuningdek, 100 million so‘m miqdoridagi pul mukofotlari va boshqa qimmatbaho sovrinlar qo‘yildi», — dedi O‘tkir Najmiddinov.
Qizg‘in va murosasiz kechgan bahslarda istalgan toifa va vazndagi polvonlar o‘zaro kuch sinashishgan. Bosh sovrin — «Damas»ni surxondaryolik polvon Zohid Husenov qo‘lga kiritgan. Ikkinchi o‘rin ham surxondaryolik polvon Muhsin Hisomiddinovga nasib qilgan va u 15 million so‘m bilan mukofotlangan. 3-o‘rinni egallagan buxorolik Nurbek To‘rayev hamda qashqadaryolik Sherali Jo‘rayevlarning har biriga 10 million so‘mdan pul mukofotlari topshirilgan.
«Bunaqasi hali bo‘lmagan. Mashhur polvonlar sulolasi davomchilarining xatna to‘yiga bag‘ishlangan kurash bellashuvlari tuman markaziy o‘yingohini larzaga keltirdi. Ko‘plab g‘oliblarga turnirga qo‘yilgan jonliqlar ham topshirildi. To‘ylarda kurashu ko‘pkarilarni ko‘paytirish kerak», — dedi buxorolik g‘olib Nurbek To‘rayev.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter