Saudiya Sudandan do‘st mamlakatlar fuqarolari evakuatsiyasini davom ettiradi
Saudiya Arabistoni yordam so‘rab murojaat qilgan qardosh va do‘st mamlakatlarning fuqarolarini Sudandan evakuatsiya qilish borasidagi ezgu ishlarni davom ettiradi. Bu haqda podshohlikning O‘zbekistondagi elchisi Yusuf al-Utaybiy «Xabar.uz» muxbiriga ma’lum qildi.
Ayni vaqtda Saudiya tomoni qardosh va do‘st mamlakatlarning o‘z yurtlariga qaytish istagida bo‘lgan fuqarolarini evakuatsiya qilish maqsadida Sudandagi hamkorlar bilan xavfsiz yo‘laklarni ta’minlash xususida bevosita muloqot olib bormoqda. Kelish joylarida ularga kirish vizasi berilishi muvofiqlashtirilmoqda.
Diplomatga ko‘ra, podshohlik Ikki muqaddas masjid xodimi va uning sodiq valiahdi ko‘rsatmasiga binoan hamda butun dunyo mamlakatlari fuqarolari oldidagi burchidan kelib chiqib, qardosh Sudan Respublikasidan fuqarolarni evakuatsiya qilish ishlarini amalga oshirdi.
Avval xabar berganimizdek, Saudiya harbiy-dengiz kuchlari Qurolli kuchlarning boshqa bo‘linmalari bilan amalga oshirgan amaliyot davomida qurolli to‘qnashuvlar kechayotgan Sudan hududidan 157 kishi olib chiqildi. Bu qariyb ikki hafta buyon urush kechayotgan mamlakatda amalga oshirilgan ilk qutqaruv amaliyotidir.
Amaliyot davomida 91 nafar Saudiya fuqarosi qutqarilgan. Shuningdek, 12 mamlakatning (Kuvayt, Qatar, BAA, Misr, Tunis, Pokiston, Hindiston, Bolgariya, Bangladesh, Filippin, Kanada va Burkina Faso) 66 nafar fuqarosi – diplomatlar va xalqaro tashkilotlar xizmatchilari ham nizoli hududdan olib chiqilgan. Yaqin kunlarda mazkur raqamlar oshishi kutilmoqda.
Ikki muqaddas masjid xodimining yurtimizdagi elchisi ta’kidlashicha, Saudiya tomoni Sudandagi birodarlarning evakuatsiyani amalga oshirish uchun yaratib bergan yengilliklarini qadrlaydi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter