Chol va xo‘roz (ibrat)

Kun issiqdan-issiq bo‘ldi. Toshboy chol hovlidagi bir tup tok tagi – chorpoyada yostiqqa yonboshlagan ko‘yi o‘tirar, kafti bilan ko‘zini quyoshdan to‘sib, hovli to‘riga qur-fur ser solib, har-har zamon ixrab-ixrab qo‘yardi. Uning ikki-uch kundan beri mazasi yo‘q – oyoqlari o‘ziga bo‘ysunmas, holi zabun, ayni paytda soya joyga-da yetolmas, ham bir piyola suvga zor bo‘ldi.
Choldan boshqa hovlidagi bor tirik jonzot – ikki dona chipor tovuq chorpoya chetida ochiq qolgan dasturxondagi ushoqlarni yeb, qattiq nonni cho‘qishar, tez-tez bosh ko‘tarishib, chol tarafga qarab-qarab qo‘yishar, cholning qo‘l sermab-qo‘l sermab, bazo‘r aytgan «kisht-kisht»lari benafu-besamar bo‘ldi.
Ayni dam issiqdan lohaslanib, lablari quriqshagan chol tovuqlarga qarab o‘y surar, xayolan ularga gina-yu kudurat qilar bo‘ldi: «Eh, senlar-a, o‘z erklaring o‘z qo‘llaringda, oyoqlaring butun bo‘lsa, suvdondagi suvdan ichib, soya-salqin kataklaringda yotmaysanlarmi ma-aza qilib, to soya-salqin tushguncha, zang‘arlar...»
...Cholning xayoli yoshligi – o‘t olov chog‘lariga ketdi. Katta uyning kenjasi va erkasi – Toshboy tinib-tinchimas, ham o‘ta qaysar edi. Otasi hayotligida unga ko‘pdan-ko‘p nasihatlar qildi. Toshboyning javobi esa og‘izda «xo‘p-xo‘p» bo‘ldi. Amalda manavi tovuqlar kabi qulog‘iga gap kirmas bo‘ldi. Uylandi ham o‘zgarmadi, xotin qo‘yib-xotin olish unga bir oddiy gapday bo‘ldi. Ota-onasining rizo-norizoligiga mutlaq befarq-bee’tibor bo‘ldi.
Kunlardan birida aroqdan kayfi taraq o‘tirgan Toshboy qaynog‘asining kelganini xushlamay, uning bor-yo‘g‘i nasihatomuz aytgan gapini hazm qilolmay, janjallashib, zo‘rligini unga ko‘rsatib ko‘ydi, jahl ustida xotinini-da do‘pposladi hamda «talog‘ini qo‘liga tutqazib» yubordi. Natija – bir necha yillik umri qamoqxonada hayf bo‘ldi.
Chol o‘tgan hayotini bir-bir ko‘z o‘ngidan o‘tkazarkan, o‘sha ikkinchi xotinining o‘ta «rashkchi» bo‘lgani esiga tushdi. O‘zicha ta’miz qildi: nega tovuqlar xo‘rozni bir-biridan rashk qilmaydi? So‘ng: bu – tovuq, u – xotin dedi, tovuqda miya yo‘q, xotinda miya bor, o‘y bor, his bor. Unda «tovuqmiya» demish gap-chi? Xotinning o‘z erini rashk qilishi o‘rinlimi? O‘rinli. Xotinni urganim...
Cholning xayolini, «pa-app» etib chorpoyaga chiqib kelgan xo‘roz bo‘ldi. Xo‘roz xo‘rozligini qildi, bir ikki marta tovuqlarga xezlanib, go‘yo do‘q-po‘pisa qilgan bo‘ldi, so‘ng tumshug‘iga bir bo‘lak qotgan nonni ilgancha tap etib tushib ketdi.
Pastga tushib olgan xo‘roz, non bo‘lagini yerga tashlab, go‘yo: «beri kel, baring kel» deganday, qisqa-qisqa «qooq-qoq, boq-boq-boq» deya tovush berib chaqirar – chorlar bo‘ldi. Chipor tovuqlarga quloq bitib, birin-ketin pastga tushishdi. Chol hayriyat-ye, dedi, ham «E-barakalla!» deya xo‘rozni alqar bo‘ldi.
So‘ng... so‘ng qiziqishi ortib, yostiqdan sal bosh ko‘tarib qarar bo‘ldi. Bir burda non bo‘lagi atrofida jamlangan bir xo‘roz, ikki tovuq va chorpoya tagidan chirqillab chiqmish besh-oltita ola chipor jo‘jalarni ko‘rib, ko‘zlariga ishonar-ishonmas bo‘ldi.
O‘ylanib turib, o‘saldan-o‘sal bo‘lgan chol turib-turib: «Vah, buni qara-buni qara», demish bo‘ldi. So‘ng: «yo‘q-yo‘q», dedi, «tovug‘-u xo‘rozning miyasi bor, miyasi bor», dedi. O‘ylanib-o‘ylanib: «Shu tovuqlarda bor miya aslida menda yo‘q», dedi. O‘zidan-o‘zi xafa bo‘ldi.
Yana, past-bo‘g‘iq ovozda, o‘ziga o‘zi: «Qara-ya bularning ahlligini, miyasining ishlagani-chi? Xo‘roz mendan istihola qilganday, non bo‘lagini pastga olib tushdi, so‘ng xotinlarini... yo‘g‘-e, tovuqlarni pastga chiqardi, jo‘jalarini o‘ylaganini qara... Qara, Toshboy, qara – ko‘r buni», demish bo‘ldi.
Alal-oqibat, cholning ishi uh tortish, o‘zini yozg‘irish bo‘ldi: «E, Toshboy, suf senga, xo‘rozman deb yuraveribsan-u, asli shu bir «Boboq»cha bo‘lmabsan, uch xotindan tug‘ilgan besh farzandga shu xo‘rozcha mehribonlik qilmabsan, ularga non topib yeyishni-da o‘rgatmabsan-a... Endi oqibatini ko‘r, kimga aylanding, bugun kimga kerakcan? Birinchingdan tug‘ilgan to‘ng‘iching bordi-keldi qilmaydi, ikkinchingdan ko‘rgan bolang el ko‘ringga bir-bir xabar olgan bo‘ladi, ikkita non ko‘tarib zo‘rg‘a oyog‘ini sudrab kelib, indamay o‘tirib-o‘tirib, «mayli, esa men ketdim», deydiyu ketadi. Hol-ahvol, bir nima kerakmi, deb so‘rash yo‘q, xuddi begonaday: na bir yaqinlik, na bir iliqlik bor. Turmushga chiqib ketgan ikki qizingdan-ku xabar ham, darak ham yo‘q...
A-ha, Toshboy, qaytar dunyo ekan, qara-ya, vaqtida ota-onangni norozi qilganing bugun oldingdan chiqdi, farzandlaringdan qaytdi, birovdanmas o‘zingdan o‘pkala...
O-o, Toshboy, Toshboy... Haliyam shukr qil, onasi qazo qilgach, kuningga kenja qizing yarab turibdi, kunda bir kelib xabar oladi, «qandaysiz» deydi, «ovqat yeb oling» deydi, «kiyimlaringizni almashtirib kiyib oling», deydi. So‘ng iloj-noiloj u ham «ota, men ketdim, boraqolay» deydi, «O‘z uyim-o‘lan to‘shagim» deydi-da... Uzzu kun to‘rt uy naridagi qizingning yo‘liga ko‘z tikib yotishdan boshqa chorang yo‘q endi...».
Chol bir o‘zi huvillagan hovlida, uchi-quyrug‘i yo‘q xayollarga bandi bo‘lib, afsus chekib: «Uh, Toshboy, bir xo‘rozcha bo‘lolmagan Toshboy...», deya o‘tgan umrini sarhisob qila-qila, xatosini anglaganday va nihoyat, «nima eksang, shuni o‘rasan», degan naqlning naqadar haqligini bilganday bo‘ldi.
Xolmo‘min Yodgorov
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter
Izohlar mavjud emas