Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Chorsu»da iste’molga yaroqsiz jigar mahsuloti savdodan olib tashlandi

«Chorsu»da iste’molga yaroqsiz jigar mahsuloti savdodan olib tashlandi

Qozog‘istonlik blogerning Toshkentdagi Chorsu bozoridan tayyorlagan videomaterialidan so‘ng Sanepidqo‘mita Toshkent shahar boshqarmasi bozorda o‘rganish o‘tkazdi.

Gap shundaki, bloger bozorning go‘sht mahsulotlari sotiladigan bo‘limida qoramol jigarini sotayotgan fuqaroning oldiga borib, u sotayotgan jigarlardan birining iste’molga yaroqsiz ekani, u o‘zida exinakokk qurtini saqlayotganini aytadi. Biroq sotuvchi bunga bee’tibor bo‘lib, mahsulotini sotishda davom etgan.

Ushbu videomahsulot ijtimoiy tarmoqlarda tarqalib ketganidan so‘ng, tarmoq foydalanuvchilarining e’tirozlariga sabab bo‘ldi.

Sanepidqo‘mita Toshkent shahar boshqarmasi mazkur holatga o‘z munosabatini bildirib, hududiy bo‘limlari bilan birgalikda doimiy ravishda bozorlar va oziq-ovqat savdo shoxobchalarida sanitariya-gigiyena talablariga rioya etilishi, xususan, mahsulotlarining sifat va xavfsizlik talablariga muvofiqligini nazorat qilish bo‘yicha kundalik nazorat tadbirlari olib borilishini ta’kidlagan.

Shuningdek, Chorsu dehqon bozorida ham doimiy faoliyat yurituvchi laboratoriyalar mavjud ekanligi, bu yerda go‘sht mahsulotlarining veterinariya-sanitariya ekspertizasi amalga oshirib kelinishi aytiladi.

Yuqoridagi holat bo‘yicha esa, qo‘mita va tegishli organ xodimlari bilan birgalikda olib borilgan nazorat tadbirida fuqarolarga ajratilgan yo‘lakda sanitariya qoidalariga zid ravishda, hech qanday hujjatsiz go‘sht mahsuloti (jigar) sotilayotgani aniqlangan. Shu sababli 9 kg jigar mahsuloti savdodan olinib, o‘rnatilgan tartibda yo‘q qilish choralari ko‘rilgan.

Qayd etilishicha, «Veterinariya to‘g‘risida»gi qonunga muvofiq, barcha chorvachilik ob’yektlarining, kushxonalarning, kelib chiqishi hayvonotga mansub mahsulot va xomashyoni qayta ishlovchi korxonalarning, kelib chiqishi hayvonotga mansub mahsulot va xomashyoni realizatsiya qiladigan va saqlaydigan savdo shoxobchalarini veterinariya-sanitariya holatini nazorat qilish va ekspertizasini amalga oshirish Veterinariya boshqarmalarining vazifasiga kiradi.

O‘z navbatida, fuqarolardan bozor rastalaridan go‘sht va go‘sht mahsulotlari xaridini amalga oshirayotganlarida mahsulot sifatini tasdiqlovchi veterinariya-sanitariya ekspertiza xulosalari borligini so‘rashlari so‘ralmoqda.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring