Aziz Muhitdinov: «Davlat organlari raqobatga moslashishi shart, yo‘qsa...» (video)
Hech o‘ylab ko‘rganmisiz, elektron hukumat aholimiz, tadbirkorlar va davlat tashkilotlari ishini qanday yengillashtirishi mumkin? Yangi – «Qulay hayot» loyihasi orqali buni ochiqlab boramiz.
Ilk suhbatdoshimiz Elektron hukumat loyihalarini boshqarish markazi direktori Muhitdinov Aziz Hakimovich.
– Bugun «Elektron hukumat» tushunchasi ko‘pchilikka begona emas. Shunga qaramay, keling, unga oddiy ta’rif berib o‘taylik, ya’ni «Elektron hukumat» nima?
– Men «Elektron hukumat»ga – davlat organlarining aholi va tadbirkorlik sub’yektlariga davlat xizmatlarini masofadan, axborot texnologiyalaridan foydalangan holda ko‘rsatilishi, shuningdek, davlat idoralarining elektron hamkorlik qilishiga qaratilgan chora-tadbirlar va texnik vositalar tizimi deya qisqacha ta’rif bermoqchiman.
– 2020 yil butun insoniyat kutilmagan hodisa, koronavirus pandemiyasiga duch keldi. Bu jarayonda eng to‘g‘ri yechim sifatida raqamlashtirishga alohida e’tibor qaratildi. Nima deb o‘ylaysiz, O‘zbekiston mana shu vaziyatga tayyor edimi?
– Qaysidir jihatlarda tayyor edi deya olaman. Pandemiyaning davomli kechganini inobatga olsak, qo‘shimcha jabhalarda ham yuqoriga siljishlar kuzatildi. Bir tasavvur qiling-a, pandemiya sharoiti, lekin axborot texnologiyalari yo‘q davr bo‘lsa, onlayn muloqot, to‘lovlar, masofaviy ta’lim imkoniyatlarini berolmasdik, nazarimda.
Davlat tashkilotlari faoliyatida esa pandemiya elektron hujjat almashinuvi va onlayn videokonferensiyalar tizimi rivojlanishiga yo‘l ochdi.
– Har bir ishning xayrli bir tomoni bor deganlaridek, aynan pandemiya raqamlashtirishning rivojlanishiga turtki bo‘ldi. Odamlar davlat xizmatlaridan my.gov.uz orqali foydalanishni boshlashdi. Natija qanday bo‘ldi, ya’ni elektron davlat xizmatlari qanchalik rivojlandi?
– Elektron davlat xizmatlarining rivojlanish ko‘rsatkichlarini pandemiyadan oldingi – 2019 yil bilan solishtiradigan bo‘lsak, my.gov.uz dan foydalanuvchilar soni 5 barobarga o‘sib, 1,3 mln.ga yetdi. 2021 yilda aholi va tadbirkorlar tomonidan Yagona portalga davlat xizmatlarini olish bo‘yicha 9 mln.dan ortiq arizalar kelib tushgan. Eng qizig‘i, o‘tgan yili jami ko‘rsatilgan davlat xizmatlarining 56 foizi my.gov.uz orqali amalga oshirilgan bo‘lsa, davlat idoralariga bevosita borgan holda olish esa 44 foizga to‘g‘ri keldi. Pandemiyagacha bo‘lgan davrda buning aksi edi, 70 foiz ko‘rsatiladigan xizmatlar bevosita davlat organlariga murojaat qilgan holda amalga oshirilardi.
– Hozir 44 foiz haqida so‘z yuritdingiz. Nima uchun mana shu 44 foizi hamon davlat xizmatlarini joylarga chiqib olyapti? Bundan ishlar noto‘g‘ri yo‘lga qo‘yilganmi yoki hali qilinishi kerak bo‘lganlari bormi, degan xulosaga kelamiz...
– Menimcha, bu elektron davlat xizmatlari bo‘yicha targ‘ibot masalasi sustligi bilan bog‘liq deb o‘ylayman. Chunki ko‘cha-ko‘yda odamlar bilan suhbatlashib qolganda, bizda hamon psixologik to‘siq mavjudligiga amin bo‘lamiz. Ya’ni aholimizda elektron tarzda olingan hujjatlarga ishonchsizlik bor. Masalan, hujjatni chiqarib olgandan keyin «Imzosi yo‘q, muhri yo‘q, bu olib borgan joyimga o‘tarmikin», deb o‘ylab qolishadi...
Buning sababini yetarlicha ma’lumotga ega emaslikdan deb bilaman. Shuningdek, ko‘p fuqarolarimizga my.gov.uz xizmatlaridan foydalanish juda qiyin jarayondek tuyuladi. Yaxshisi, joyiga borsam, ishim tezroq, ishonchliroq bitadi, degan fikr bor ularda.
– Bizdagi ma’lumotlarga ko‘ra, hozirgi kunda Yagona portaldagi elektron xizmatlar soni 300 dan oshgan. Bu yil ular sonini qanchaga yetkazish rejalashtirilgan? Ya’ni xalqimizga yana qanday qulayliklar taqdim etiladi?
– Bugungi kunda 700 dan ortiq an’anaviy davlat xizmatlari mavjud bo‘lsa, shulardan 309 tasi elektron ko‘rinishga o‘tkazilgan. Bu yilgi rejada yil yakuniga qadar ular sonini 400 taga yetkazishni maqsad qilganmiz.
Bulardan ba’zilarini sanab o‘taman. Bittasi xorijiy mehmonni O‘zbekistonga taklif qilish bo‘yicha ariza berish bo‘lsa, yana biri avtomobillarning oldi-sotdi jarayonlarida unga qo‘yilgan taqiqlarni tekshirish xizmati. Bundan tashqari, avtomobil tarixini ko‘rish imkoniyati ham yaratiladi. Ya’ni bundan oldin sotuvda bo‘lganmi, necha marta yo‘l-transport hodisalari kuzatilgan va hokazo.
Shu kunlarda o‘qituvchilarimiz uchun byurokratik jarayonlardan biri hisoblangan attestatsiyadan o‘tishga ariza topshirish xizmatini ishga tushiryapmiz. Endi ular 5 daqiqaga qolmay kompyuterda Yagona portal orqali ro‘yxatga turib, to‘lovlarini ham amalga oshirishlari mumkin. My.gov.uzda ko‘rsatiladigan xizmatlarga 10 foiz chegirma borligi esa ham moliyaviy, ham vaqt jihatidan juda qulaydir.
– Bugungi kunda AKT sohasini rivojlantirishda kadrlarning o‘rni, salmog‘i, bilim darajasi juda muhim, to‘g‘rimi?..
– Darhaqiqat, kadrlar masalasi dolzarb. Bu borada yetarlicha muammolar ham bor. Bilasizmi, AKT shunday sohaki, u chegara tanlamaydi. Masalan, hozir yirik IT kompaniyalar O‘zbekistonda o‘z ofislarini ochishyapti. Ularda yaxshi tajriba bor. Shular asosida yoshlarimizni ishga jalb qilishyapti. Bugun IT bozorda kadrlar bo‘yicha raqobat juda kuchli. Shunday ekan, davlat organlari ham bu raqobatga moslashishi shart. Yo‘qsa, malakali kadrlarni yo‘qotamiz. Bu o‘z navbatida ishimiz sifatiga, natijasiga ta’sir qiladi. Demak, davlat tashkilotlari ham IT mutaxassislar bilan ishlashga qarashlarini o‘zgartiradigan davr keldi. Bu kreativ soha, ularni chegaralab qo‘yish yaramaydi. Yangilik yaratishi, qo‘yilgan masalani noan’anaviy yo‘llar bilan yechishi kerak.
– Bilamizki, har ikki yilda bir BMT tomonidan elektron hukumatning rivojlanish reytingi olib boriladi. 2020 yilda O‘zbekiston 187 ta davlat ichidan 87-o‘rinni egallagan ekan. 2022 yilda aynan reytingni oshirish borasida Markaz o‘z oldiga qanday maqsadlarni qo‘ygan?
– BMT baholash reytingining 3 ta asosiy tamoyili bor. Birinchisi, elektron davlat xizmatlari: bu tomondan biz 46-o‘rindamiz. Yana ikkita: telekommunakatsiya va inson kapitali komponentlari bo‘yicha esa ishlashimiz kerak. Shu ikkalasini ko‘tarsak, reytingga albatta ta’sir qiladi. 2021 yilda koreyalik hamkorlarimiz bilan qo‘shma loyihani amalga oshirdik. Unga ko‘ra, joriy yilning yangi reytingida 87-o‘rindan 74-o‘rinlarga ko‘tarilish ehtimolimiz katta.
Koreyalik mutaxassislar bilan bu yo‘nalishda hamkorlik qilayotganimiz bejiz emas. Bu mamlakat ko‘p yillardan beri ushbu reytingda birinchilar qatorida yuradi. Ish tizimli tashkil qilingan. Koreyada BMTning elektron hukumat reytingi bahosi natijasi chiqqach, buning ustida katta analitik guruh ishlaydi. Ya’ni to‘g‘ri baholadimi-yo‘qmi o‘rganishadi. Bizda, afsuski, bunday tizim rivojlanmagan. Bu yil xalqaro reytinglar va indekslar bilan ishlaydigan mana shunday guruhni shakllantirmoqchimiz. Va bu kelajakda albatta o‘z hosilini beradi.
– Reytingdan kelib chiqib O‘zbekistonning bugungi kundagi yutuq va kamchiliklari nimalarda deb o‘ylaysiz?
– Albatta, reytingdagi o‘rnimiz bizning asosiy maqsadimiz emas. Men uni qilayotgan ishlarimiz, amalga oshirayotgan chora-tadbirlarimizni baholash mexanizmlaridan biri deb hisoblayman. Birinchi darajadagi vazifamiz – xalqqa manfaat keltirish. Reyting, baholash, indekslar esa shu yo‘nalishda qilayotgan ishlarimiz to‘g‘ri ketyaptimi, haqiqatan, qulayliklar yaratilyaptimi – shuni o‘zimizga belgilash mezonlari deb bilaman.
– Demak, bosh maqsad...
– Avvalo, aholiga davlat xizmatlaridan foydalanishida qulaylik yaratish, og‘irini yengil qilish, keng ko‘lamli xizmatlardan foydalanish imkoniyatini yaratishdir. Shuningdek, bir qator muhim texnik, idoralararo loyihalarimiz bor. Bular qilayotgan ishlarimizning ko‘rinmaydigan tarafi. Bizda asosan Yagona portal «front ofis» sifatida xizmat qiladi. Amalga oshirayotgan ishlarimiz samaradorligini esa elektron xizmatlardan foydalanayotgan fuqarolarimiz baholaydi.
Suhbatni to‘liq shaklda yuqoridagi videoda ko‘rishingiz mumkin.
Loyiha muallifi: Shohida Isroilova
Boshlovchi: G‘olibnazar Qurbonov
Videomuhandis: Sa’dulla Obidjonov
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter