Do‘st degani shunday bo‘lsa-da!..

Amerikalik mashhur aktyor Jorj Kluni o‘zining g‘ayrioddiy xatti-harakatlari bilan mashhur. Masalan, 2013-yilda u 14 nafar do‘stiga jomadonlar sovg‘a qilgan. Nima bo‘pti deysizmi? Gap shundaki, bu jomadonlarning har birida bir million dollardan naqd pul bor edi.
Jorj Kluni hayotining og‘ir damlarida unga qilgan yaxshiliklari uchun do‘stlariga pul ulashmoqchi bo‘lganini shunday tushuntirdi.
– Menga «Gravitatsiya» filmi uchun yaxshigina gonorar to‘lashdi, – deydi Kluni. – Shunda birdan yaqin insonlarim borligini angladim. Keyingi 35 yil ichida ular menga juda ko‘p yordam berishdi. Pulim bo‘lmaganida bu do‘stlarimning divanida uxladim. Zarurat tug‘ilganida menga qarz berishdi. Katta yordam ko‘rsatishdi. Men o‘zim ham qo‘limdan kelgan ko‘magimni ulardan ayamadim. Biz, barchamiz yaxshi do‘stlarmiz.
Agar men falakning gardishi bilan avtobus tagida qolsam, vasiyatnomamda barcha do‘stlarimning ismlari qayd etilgan bo‘ladi. Ammo nima uchun avtobus tagida qolishimni kutishim kerak? Otni hozir qamchilash yaxshi-ku!
Xullas, men 14 million dollar pulimni naqdlashtirib, ularni jomadonlarga soldim. Keyin esa do‘stlarimni uyimga taklif qildim. Tashrif buyurishgach, erishgan yutuqlarim haqida gapirib, ular tufayli ko‘rgan barcha natijalarimni e’tirof etdim. Keyin esa har biriga bir million dollardan pul solingan jomadonlarni berdim. Bu ularning yaxshiliklari evaziga men tomondan qilingan kichik minnatdorchilik, xolos.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter