Dunyo yoshlari nega o‘simliklarning ota-onasiga aylanmoqda?
“Chorsu” bozorining hunarmandlar rastasida ajoyib bir manzaraga duch keldim. Boshiga o‘zbekcha do‘ppi kiygan yigit va egniga adras nusxa yengil libos kiygan qiz nimanidir qizg‘in muhokama qilishardi. Ular mening qiziqish bilan tikilib turganimni sezib, yaqinlashishdi. Ammo suhbat boshlanishi bilan bu yoshlar o‘zbek emas, balki yurtimizga mehmon bo‘lib kelgan xorijliklar ekanligi ayon bo‘ldi. Menga telefonlaridagi suratni ko‘rsatishdi: turli-tuman noyob gullar bilan qurshab olingan kompyuter stoli, uning chetida ikki yosh va o‘rtada shiringina bolakayning surati. Bu shunchaki uy bezagi emas, balki tirik o‘simliklar bilan to‘la haqiqiy interer san’ati edi. Bildimki, ularga shu yaqin o‘rtadagi gul bozori kerak.
Ikki yoshni ko‘rgan paytim xorijlik gul kolleksionerlarining Instagram va YouTube kanallarini ko‘pdan buyon kuzatayotganim uchunmi, xayolimdan bir fikr chaqindek o‘tgandi: nahotki, bizning yoshlar orasida ham gulga shunchaki ishqiboz emas, balki xona va gullar uyg‘unligini san’at darajasiga ko‘targan kolleksionerlar bor bo‘lsa...
Yashillikning inson ruhiyatiga ta’siri...
Nima uchun bugungi dunyo yoshlari, xususan, xorijdagi ko‘pgina yoshlar gul kolleksiyasiga bunchalik mehr qo‘ymoqda? Keyingi paytlarda yosh oilalar ichi gullarga burkangan xonasini kameraga olish va mana shunday uylarga mehmonga borib, o‘simliklarni sharhlash ommalashdi. Savol tug‘iladi — bu oddiy interer trendimi yoki zamonaviy insonning yangi ruhiy ehtiyoji?

Gap shundaki, gul shunchaki uyning bir burchagida jimgina turadigan buyum emas. Tanga yoki antiqa buyumlar kolleksiyasidan farqli o‘laroq, gul sizdan doimiy e’tibor, cheksiz mehr va yuksak mas’uliyat talab qiladi. Uni shunchaki boshqa kolleksiyalardek tokchaga terib qo‘yib tomosha qilib bo‘lmaydi. U nafas oladi, o‘sadi, kasal bo‘ladi va xuddi yosh boladek g‘amxo‘rlikka ehtiyoj sezadi.
Hozirgi kunda butun dunyoda shakllangan “Plant Parenting” (O‘simliklarga ota-onalik qilish) madaniyati esa o‘simliklarni yanada “jonlantirmoqda”.

Bu maqolada biz nafaqat xorijlik yoshlarning qiziqarli xobbisi, balki ushbu “yashil inqilob”ning zamirida yotgan ehtiyojlar va bu mashg‘ulotning inson ruhiyatiga qilgan eng foydali investitsiyasi haqida so‘z yuritamiz.
Tadqiqotlar shuni ko‘rsatadiki, xona o‘simliklari bilan ishlash (tuproq almashtirish, barglarini artish) qon bosimini tushiradi va stress gormoni kortizol darajasini kamaytiradi. Ish stolida yoki xonada o‘simliklarning bo‘lishi diqqatni jamlash qobiliyatini 15 foizgacha oshirishi mumkin ekan. O‘simlikning o‘sishi, gullashi bevosita sizning harakatingizga bog‘liq. Uning yangi barg chiqarishi insonda “men nimadir foydali ish qilyapman”, “men kimgadir kerakman” degan hissiyotni uyg‘otadi. Inson o‘z yashash makonini san’at asaridek bezasa, miyada rohatlanish gormoni — dofamin ajraladi. Gullar va chiroyli tuvaklarning uyg‘unligi insonning o‘z uyini xavfsiz va go‘zal qo‘rg‘on deb qabul qilishiga sabab bo‘lishini kolleksionerlarning ko‘pchiligi ta’kidlaydi.

Aynan shu mavzuda o‘zimizning qorako‘zlar yuritadigan kontentlarni qidirib, gul biznesi bilan shug‘ullanadigan juda ko‘p kanallarni ko‘rdim. Afsuski, uyining intererini yashillik bilan uyg‘unlashtirgan bironta kontent topa olmadim.
Nazarimda bizda hali ham uy shaxsiy rohatlanish makoni emas, balki ko‘rgazma (mehmonlar uchun qilingan dizayn) bo‘lib qolmoqda.
Balki ko‘pchilik yosh oilalar uchun uy ichidagi kamyob gul (masalan, 500 ming so‘mlik nodir o‘simlik) shunchaki isrofgarchilikdek tuyulishi mumkin. Balki bizning jamiyatda xobbiga pul sarflash hali oddiy holga aylangani yo‘qdir. Balki yosh oila pulini ro‘zg‘orning birinchi darajali ehtiyojlariga yoki farzandining qo‘shimcha darslariga sarflashni afzal ko‘rar. Ehtimol gul ertaga “o‘lib” qolishi mumkin bo‘lgan befoyda xarajat sifatida ko‘riladi.
Men ko‘plab xorijliklarning uy ichini yashillik bilan uyg‘unlashtirganidan anglaganim shu bo‘ldi: bu ularning mustaqilligi ramzi, ular o‘z uyining xo‘jayini.
Xobbi bekorchilikmi?
Bizda gul parvarishi kabi xobbilar uchun esa ichki erkinlik va ortiqcha ruhiy energiya kerak. “Shuncha puling bo‘lsa, gul bilan ovora bo‘lmay, boshqa foydaliroq ish qil” yoki “Gulga pul sarflagancha, falonchi qarindoshimizning to‘yiga qimmatroq sovg‘a ol” degan qarashlar ustunmikan?
Balki bizning aksariyat odamlarda “ijodiy bekorchilik” (creative leisure) tushunchasi yo‘qdir. Insonning o‘z xobbisi orqali o‘zini qayta tiklashi (recharge) ko‘pchilik uchun begonadir?
Hatto qimmatbaho uylarda ham dizayn ko‘pincha hasham uslubida bo‘ladi: tillarang romlar, og‘ir pardalar, klassik mebellar. Bunday muhitda “Urban Jungle” (shahar changalzori) uslubidagi tirik, sochilib yotgan yashillik dizaynini yaratish bachkanalikdek, bekorchilikdek tuyulsa kerak.
Gul kolleksiyasi bilan shug‘ullanish esa vaqt va diqqat degani.
Gullar ruhiy sog‘lomlik madaniyatining bir qismidir
“Garden Center Group” va “National Gardening Survey” (AQSh) ma’lumotlariga ko‘ra, oxirgi yillarda ichki gullar savdosining 30 foizidan ortig‘i aynan milleniallar va Z avlod hissasiga to‘g‘ri kelmoqda.

Yoshlar uy sotib olish (ko‘chmas mulk) imkoniyati cheklangan sharoitda, o‘zlari ijaraga olgan kichik xonadonlarni gullar bilan bezash orqali “O‘z uyim” hissini yaratishga harakat qilishmoqda. Agar avvalgi avlodlar boyligini qimmatbaho mebellar bilan ko‘rsatgan bo‘lsa, hozirgi yoshlar uyidagi noyob va chiroyli gullar kolleksiyasi bilan o‘zlarining estetik didi va tirik dunyoga yaqinligini namoyish qilishmoqda. Ular gulga “bezak” emas, intererning tirik qismi deb qaraydi. Savdosi chaqqon monstera, filodendron, alokaziya, anturium, fikuslar… keyin turli o‘ziga xos tuvaklar, dizayner lampalar, havo tozalagichlar, moxli tayoqlar — butun bir estetik olam. “Journal of Physiological Anthropology” jurnalida chop etilgan tadqiqotda aytilishicha, yoshlarning xona o‘simliklari bilan muloqot qilishi ularning psixologik va fiziologik stressini kamaytiradi, mas’uliyat, tartib, emotsional bog‘lanishni kuchaytiradi. Bu hatto kompyuterda ishlashdan ko‘ra tinchlantiruvchiroq deb topilgan. Ayniqsa, internet kuchaygan zamonda yoshlar uchun tirik narsa bilan munosabat juda muhim. Chunki monitordagi hayot sun’iy, o‘simlik esa haqiqiy vaqtda yashaydi: barg chiqaradi, kasallanadi, moslashadi, nobud bo‘ladi ham.
Ehtimol shuning uchun ham dunyo tadqiqotchilari buni shunchaki gul xobbisi emas, balki ruhiy sog‘lomlik madaniyatining bir qismi deb baholashmoqda. Ayniqsa, xonadonni jungliga aylantirish Yaponiya, Janubiy Koreya, Niderlandiya, Germaniya, AQSh, Skandinaviya, Rossiya davlatlarida juda ommalashdi. Shu yerda qiziq nuqta bor: o‘simlik kolleksiyasi bilan shug‘ullanayotgan yosh oilalarni kuzatsangiz, juftliklar birga tuproq almashtiradi, yangi barg chiqishini kutadi, burchakni bezaydi, “buni qayerga qo‘ysak yaxshi?” deb bahs qiladi. Ya’ni bu kichik maishiy ijodga aylanadi.
Ammo bu xobbi hali bizning yoshlar orasida unchalik ommalashgani yo‘q. To‘g‘ri, gulga qiziquvchilar va shunchaki gul o‘stiruvchilar bor, lekin xonadonini yashil tabiatga aylantiruvchilarni deyarli uchratmadim. Menimcha, bunga bir nechta sabab bor. Birinchi sabab “xobbi madaniyati” shakllanmgan. Kolleksiya deyilsa, ko‘proq “qimmat narsa yig‘ish” tushuniladi. Bolalikdan “foyda bermaydigan mashg‘ulot, ortiqcha ish” deb o‘rgatilgani uchunmi, ko‘pchilik xobbini haligacha bekorchilikka yaqin tushuncha deb qabul qiladi.
Xobbi shunchaki ermak emas...
“Xobbi madaniyati” degani — insonning faqat majburiyat uchun emas, qiziqishi bilan ham yashashga o‘rganishi. Bu juda muhim farq. Ya’ni bola faqat o‘qish, baho, intizom kabi “kerak”lar bilan katta bo‘lmaydi, balki o‘z qiziqishini ham qadrlashni o‘rganadi. Psixologlar bolada shaxsiy qiziqish va xobbilarga moyillik odatda 5-7 yoshdan shakllana boshlashini aytadi. Aynan shu davrda bola nimagadir qayta-qayta qiziqadi, kolleksiya qilishga moyil bo‘ladi, o‘z burchagini yaratishni istaydi. Kimdir tosh yig‘adi, kimdir o‘yinchoq mashina, kimdir barg, kimdir rasm chizadi. Agar shu paytda kattalar bolani qo‘llab-quvvatlashsa, uning qiziqishlari hatto kelajagini belgilashi mumkin ekan.
E’tiborlisi, dunyoning ko‘p davlatlarida xobbi bola tarbiyasining muhim qismi hisoblanadi. Masalan, Yaponiyada bolaga kolleksiya qilish, tabiatni kuzatish, qo‘l mehnati, uyda o‘simlik parvarishi erta yoshdan o‘rgatiladi. Chunki bu faqat ko‘nikma emas, diqqatni jamlash, sabr va ichki tinchlikni ham shakllantiradi.

Psixoanalitik Donald Vinnikott insonning erkin qiziqishlari va o‘zi uchun qiladigan mashg‘ulotlarini shaxs shakllanishining muhim qismi deb hisoblagan. Uning fikricha, inson aynan qiziqish va o‘yin orqali o‘z ichki dunyosi bilan aloqa o‘rnatadi. Balki shuning uchun ham xobbi madaniyati rivojlangan jamiyatlarda odamlar faqat ishlashni emas, yashashni ham biladi.
Psixolog Mixay Chiksentmixayi esa insonning eng baxtli holatlari ko‘pincha erkin qiziqish va sevib bajariladigan mashg‘ulotlar paytida yuzaga kelishini ta’kidlaydi. Ya’ni xobbi — shunchaki ermak emas, ruhiyat uchun muhim ehtiyoj ham bo‘lishi mumkin.
Ikkinchi sabab, interer madaniyati endi shakllanyapti. Ko‘p uylarda hali ham keladigan mehmon va hashamat muhim, o‘zi uchun yashil burchak emas. Uchinchisi, iqtisodiy va psixologik charchoq. Odam tirikchilikdan ortmay turib, turli xobbilar haqida o‘ylamaydi. Lekin qizig‘i: aynan shu xobbilar ba’zan odamni ruhan saqlab qoladi.
O‘simlikni hamxona deb biladiganlar....
Amerikalik Xilton Karterni hatto “uy ichida changalzor dizayneri” deb atashadi. U dizayner, yozuvchi va gul kolleksioneri, xonalarni yashillik bilan uyg‘unlashtirishni ommalashtirgan insonlardan biri. Uning uyi tom ma’noda shahar ichidagi o‘rmon. Karter Instagram va kitoblari orqali minglab yosh oilalarni o‘simlik parvarishiga qiziqtirgan. Uning kontenti orqali ko‘plab yoshlar gul parvarishini faqat xobbi emas, balki hayot uslubi sifatida ko‘ra boshlashgan. Qiziq joyi, u gullarni shunchaki yashillik deb emas, hamxona deb qabul qiladi. Uning mashhur g‘oyalaridan biri: “Uy ichida nimadir o‘sganda, u haqiqiy xonadonga aylanadi.”

Amerikalik yana bir bloger va ekolog Sammer Reyn Ouks bir intervyusida o‘simliklar parvarishi unga ruhiy charchoq va xavotir davrlarini yengib o‘tishda yordam berganini aytgan. U “o‘simlikka g‘amxo‘rlik qilish, yana bir ma’noda o‘zingga g‘amxo‘rlik qilishdir” degan fikrni ilgari suradi.

Shuningdek, Yaponiya va Koreyadagi ayrim lifestyle blogerlarda ham shunday tendensiya bor: kichik kvartiralarda ham ular tabiat bilan aloqa qilishga harakat qiladi — mini-bog‘lar, osma o‘simliklar, bonsaylar orqali. Ulardan biri yaponiyalik Naoko Yokochining 13 nafar katta-katta gullarini uch farzandi bilan qanday parvarishlayotganini YouTubeda tomosha qilishingiz mumkin.

Rossiyalik Anton ismli bloger kolleksiya yig‘ishni 4-5 yil oldin sanoqli guldan boshlagan. Ilk davrida boqishni boshlagan ikki-uch bargli gullari hozir har bir burchagini yashillikka burkagan. Uning aytishicha, aslida juda sabrsiz, lekin gullar va o‘simliklarga qiziqa boshlagandan beri, o‘ta qanoatli bo‘lib qolgan. “Aynan gullar meni xotirjamlikka o‘rgatdi. Ularning har bir chiqargan bargini kutishga to‘g‘ri keladi. O‘simliklarga suvni vaqtida quyish, vaqtida cho‘miltirish bularning barchasiga sabr kerak. Gul kolleksiyasi hayotimizni tartibga tushirishda aynan biz ahamiyatsiz deb o‘ylagan mayda narsalarni qaytadan markazga olib chiqadi. U insonni katta rejalardan emas, kichik jarayonlardan zavq olishga o‘rgatadi”, deydi bloger o‘z gullari bilan faxrlanishini qayta-qayta ta’kidlarkan.
Qizig‘i shundaki, bu gulsevar blogerlarning kontenti ko‘pincha sodda hayot atrofida aylanadi. Ular murakkablikni emas, balki sekinlikni ko‘rsatadi. Shuning uchun ham bu videolarni odamlar faqat tomosha qilmaydi — ulardan dam oladi.
Psixologlar bu holatni tinchlantiradigan diqqat stimulyasiyasi deb ham tushuntirishadi. Insonga doim kuchli hissiyot emas, ba’zan sokin, bir maromdagi hayot kerak bo‘ladi.

Bugun dunyo yoshlari uchun gul o‘stirish ruhiyatiga kiritilgan eng katta sarmoyadir. Maqolani yoza turib, bir savol xayolimni band etdi: bizning yoshlar orasida o‘z xonasidan xobbisi va o‘z ruhiy ehtiyojlari uchun joy ajratish haqida o‘ylayotganlari ham bormikan? Balki gap vaqt yoki mablag‘da emasdir? Balki gap biz hali hamon uyni xizmat qilish maskanigina deb bilayotganimizdadir, axir xonadonimiz o‘zimizni tiklash va his qilish maskani ham emasmi?
Ammo men ishonaman. Vaqt o‘tadi va bizning yosh oilalarimiz ham og‘ir maishiy yuklardan ortib, najotni tabiatdan izlay boshlaydi. Bu xobbi shunchaki bir trend sifatida bizga ham “yuqadi”. Chunki inson tabiati baribir go‘zallikka, sokinlikka va tabiatga mehr berishga ehtiyoj sezadi.
Hozircha esa... “Chorsu” bozorida qo‘lida gultuvagini avaylab ko‘tarib olgan o‘sha xorijlik juftlikning ketidan qarab qolaman. Va kun kelib, ularning o‘rnida o‘z yoshlarimizni — o‘z ruhiyatining “ota-onasiga” aylangan nafis didli va erkin o‘zbek oilalarini ko‘rishni juda-juda istayman.
Barno Sultonova


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter