Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Dunyodagi eng yirik suveren fond Isroilga sarmoya kiritishni to‘xtatdi

Dunyodagi eng yirik suveren fond Isroilga sarmoya kiritishni to‘xtatdi

Foto: Shutterstock

Jahondagi eng yirik milliy farovonlik fondi Norvegiya davlat pensiya jamg‘armasi Isroilning 11 kompaniyasiga investitsiya kiritishni rad etib, ushbu mamlakatdagi tashqi boshqaruvchilar bilan barcha shartnomalarni bekor qildi. Fondni boshqaruvchi Norges Bank Investment Management (NBIM) bu haqda bayonot berdi.

2025-yil birinchi choragi yakunida jamg‘arma aktivlari 1,7 trln dollarni tashkil etgan.

Bayonotda aytilishicha, Norvegiya moliya vazirligi NBIMga murojaat qilib, Isroil kompaniyalariga kiritilayotgan sarmoyalarni qayta ko‘rib chiqishni so‘ragan. Ma’lum bo‘lishicha, 2025-yil birinchi yarmida fond investitsiya kiritgan Isroil kompaniyalari soni 61 tani tashkil etgan. Ulardan 11 tasi Norvegiya moliya vazirligining aksiyalar indeksiga kirmagan.

Ayni paytga kelib Norvegiya pensiya jamg‘armasi mamlakat moliya vazirligining bazaviy indeksiga kirmaydigan Isroil kompaniyalari uchun barcha pozitsiyalarni to‘liq yopgan. Fond rasmiylari ta’kidlashicha, endilikda Isroilning indeksga kiruvchi kompaniyalari uchun ham sarmoya kiritilmaydi.

Bundan tashqari, Norvegiya pyensiya jamg‘armasi Isroildagi tashqi boshqaruvchilar bilan barcha shartnomalarni bekor qilib, barcha sarmoyalarni fondning o‘z kompaniyalariga o‘tkazdi.

«Bu choralar favqulodda vaziyatlarga javoban qabul qilindi. G‘azo sektoridagi vaziyat jiddiy gumanitar inqirozga olib keldi. Biz urush holatida bo‘lgan mamlakatda ishlayotgan kompaniyalarga sarmoya kirityapmiz, Iordan daryosining g‘arbiy qirg‘og‘i va G‘azo sektoridagi vaziyat esa yanada yomonlashmoqda», dedi Norges Bank Investment Management bosh direktori Nikolay Tangen.

Ma’lumot uchun: Norvegiya moliya vaziri Yens Stoltenberg katta siyosatchi, NATOning sobiq bosh kotibi. O‘tgan hafta uning topshirig‘i bilan Isroilga kiritilayotgan investitsiyalarni taftish qilish boshlandi. Bunga esa Aftenposten gazetasida chiqqan maqola sabab bo‘ldi, unda yozilishicha, norveg pullarini olayotgan Bet Shemesh Engines (Isroil) kompaniyasi G‘azoga hujum qilayotgan qiruvchi samolyotlarga xizmat ko‘rsatmoqda.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring