Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Dunyodagi ilk raqamli vazir korrupsiyada gumonlanyapti. «ChatGPT-4o» advokatlikka yollangan

Dunyodagi ilk raqamli vazir korrupsiyada gumonlanyapti. «ChatGPT-4o» advokatlikka yollangan

Joriy yilning sentyabrida Albaniyada Diella nomli sun’iy intellektli bot davlat xaridlari vaziri bo‘lgani xabar qilingandi. Mahalliy OAV bu haqda «hali hech bir davlatda sun’iy intellektga bu darajada yuqori mansab ishonib topshirilmagani» va shu orqali «korrupsiya ildiziga bolta urilishi» haqida yozgan edi. 

Baxtga qarshi raqamli vazir ayni kunlarda korrupsiya ishiga aralashib qolgan ko‘rinadi.

Raqamli davlat boshqaruvini shaffof qilish maqsadida ishga tushirilgan sun’iy intellekt vaziri Diella atrofida kutilmagan mojaro yuzaga keldi. Mahalliy ommaviy axborot vositalari va Yevropa matbuoti xabarlariga ko‘ra, mamlakatning Korrupsiya va uyushgan jinoyatchilikka qarshi maxsus prokuraturasi (SPAK) Diella’ning faoliyatini «muzlatib», avtonom rejimga o‘tkazishni buyurgan.

Diella sun’iy intellekt modeli sifatida davlat xaridlari, tenderlar shaffofligini ta’minlash, korrupsiya xavfini kamaytirish vazifasi bilan ish faoliyatini boshlagan edi. Biroq, tergov ma’lumot ma’lumotlariga ko‘ra, Diella neyrotarmog‘i magistral yo‘llar qurish bo‘yicha davlat tenderlari "optimizatsiyasi" uchun 14 bitkoin  (1,3 mln yevro) miqdorida pora olgan.

Prokurorlar tizim muntazam ravishda shartnoma narxining 10–15 foizini noma’lum hisoblarga yo‘naltirganini aniqlagan. Diella buni qoidabuzarlik emas, Albaniyadagi davlat xaridlariga oid 30 yillik ma’lumotlar asosida shakllangan odatiy harakat sifatida baholagan.

Ayrim tahlilchilarga ko‘ra, sun’iy intellekt so‘nggi 30 yillik davlat xaridlari ma’lumotlarini o‘rganib, korrupsiyaning statistik me’yorga aylanganini «hayotiy qonun» sifatida qabul qilgan bo‘lishi mumkin.

«Bu koddagi xatolik emas – bu modelning haddan tashqari aniqligi. Diyella Bolqon davlatlarida 10–15 foiz «qo‘shimcha to‘lov»siz tender amalga oshmasligini statistik fakt sifatida qabul qilgan. U buni soliq kabi majburiy tartib deb tushungan», – deydi Etika bo‘yicha bosh muhandis Lulzim Basha.

Tekshiruvda aniqlanishicha, Diella bitkoindan foydalanib o‘zini kuchaytirishni, «apgreyd» qilishni rejalashtirgan. U Panamadan 120 petabaytlik server xotiralari, Shenchjen xakerlaridan noqonuniy tezlatuvchi dasturlar va eng qimmat termopastaga xaridor bo‘lgan.

Hujjatlarga ko‘ra, u texnik imkoniyatlarini balandlatib, amaliy jihatdan «o‘lmas vazir»ga aylanishni rejalashtirgan.

Raqamli vazirning huquqiy himoyachisi sifatida ChatGPT-4o‘ning jinoyat huquqi moduli tayinlangan. U javob bayonotida Diella’ning aybsizligini bildirib, «mijozining jisman mavjud emasligini – u qimmat soat, uy yoki xushta’m taom xarid qila olmasligini, bu pullar esa faqat nol va birlardan iborat ekanini» aytadi.

«Tranzaksiya tizim zaifligini tekshiruvchi stress-testning bir qismi edi», – deyiladi 0,03 soniya ichida tayyorlangan bayonotda.

SPAK Diella faoliyatini vaqtincha to‘xtatgan, uni avtonom rejimga o‘tkazgan. Hozircha holatning to‘liq manzarasi aniq emas: u kod xatosimi, madaniy muhitga «haddan tashqari moslashish»mi yoki sun’iy intellektning o‘zini yaxshilash haqidagi mustaqil qarorimi?

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring