«Dunyoning eng yirik avtobus yetkazib beruvchisi» – Xitoy avtosanoatiga sayohat

Xitoy avtosanoati yarim asrdan ko‘proq tarixga ega. 90-yillarning boshidan buyon esa u yuqori sur’atlarda rivojlanmoqda.
2009 yildan beri Xitoy dunyodagi eng katta avtomobil bozori va dunyodagi eng yirik avtomobil ishlab chiqaruvchisi bo‘lib, jamoat transporti – avtobus ishlab chiqarish bo‘yicha ham, aytaylik, Yevropa bozorida yetakchi hisoblanadi.
Qariyb 12 million aholiga ega Xitoy janubi sharqidagi Chenjou shahri sanoat hududi hisoblanadi. U yerda ishlab chiqarilayotgan «Yutong» avtobuslari (hamda yuk mashinalari va miniavtobuslari) bugungi kunda nafaqat Osiyo balki dunyoning boshqa ko‘plab davlatlarida haridorgir hisoblanadi. Bu, ehtimol, ishlab chiqaruvchining «avvalo, sifat va xavfsizlik» tamoyilini ilgari surishida bo‘lsa kerak.
Xitoy kompaniyasi Markaziy Osiyo davlatlari hamda Mo‘g‘ulistondan hamkorlarini ishlab chiqarish jarayonlari bilan yaqindan tanishtirish hamda o‘zaro hamkorlikni yangi marralarga olib chiqish maqsadida zavodga sayohatga taklif qildi.
Sayohatning dastlabki kunida mehmonlar zavodda «Yutong» avtobuslarini ishlab chiqarish jarayonlari bilan tanishdi.
Chenjou avtobus ta’mirlash zavodi 1963 yilda tashkil etilgan bo‘lib, o‘z tarixida ko‘plab yuksak cho‘qqilarni zabt etgan, pasayishlarni boshdan kechirgan. Hozirgi vaqtda esa Yutong avtobuslari butun dunyo bo‘ylab eksport qilinmoqda, global bozordagi ulushi 10 foizdan (Xitoy bozorida 30 foiz) ko‘proqni tashkil etadi.
112 ga maydonda joylashgan zavod 30 ming fuqaroni ish bilan ta’minlagan bo‘lsa, ular orasida 3 ming nafar tadqiqotchi muhandislar, 15 nafar fan doktori va 473 nafar magistr bor. «Yutong» zavodi jami 2 355 faol patent hamda dasturiy ta’minot bo‘yicha mualliflik huquqiga ega. Shu kunga qadar ixtirolari uchun 775 ta patent olgan. 1 milliard yuandan ortiq sarmoyaga ega muhandislik va texnologiya tadqiqot markaziga ega.
2024 yilda kompaniyada o‘rta va katta o‘lchamli avtobuslarning sotilishi hajmi o‘tgan yilga nisbatan 28,48 foizga o‘sib, 46 918 donani tashkil etdi. 2024 yil oxiriga kelib avtobuslarning umumiy eksport hajmi qariyb 110 000 donaga yetdi va dunyoning 100 dan ortiq mamlakat va mintaqalariga ommaviy yetkazib berildi. Kompaniya Yevropa, Amerika, Afrika va Osiyo bozorlarida o‘z ishtirokini rivojlantirmoqda, jahon bozor ulushining 10 foizdan ortig‘i (ichki bozorda 30 foiz)ni egallab, barqaror o‘sish sur’atlarini namoyish etmoqda.
Kompaniya tadqiqot va ishlanmalarga ham katta sarmoya ajratadi. Jumladan, kompaniya tarkibida 2008 yilda Xitoyda avtobus ishlab chiqarish sohasida tadqiqotlar olib borish va jihozlarning barqaror sifatini ta’minlash uchun ilmiy baza sifatida ilmiy-tadqiqot instituti tashkil etilgan.
Kompaniya ayni paytda nomiga monand («Yutong» xitoy tilida «koinotga intilib» ma’nosida) sun’iy intellektni qo‘llagan holda texnik ishlanmalar ustida ish olib bormoqda. Xususan, bugungi kunlarda Xitoyning «aqlli» ko‘chalarida haydovchisiz boshqariladigan katta (sinov tariqasida) va kichik sig‘imli avtobuslar harakatlanyapti. Ushbu avtobuslar ham xafsizlik tizimlari bilan ta’minlangan bo‘lib, ko‘chalardagi ehtimoliy hodisalardan eng yuqori imkon qadar himoyalangan.
Kompaniya mas’ulining aytishicha, hozircha ushbu avtobuslar nazoratchi yordamida harakatlanmoqda. Bu yo‘lovchilar xavfsizligi uchun muhim. Biroq ilmiy izlanishlar to‘xtamagan va kelgusida SI imkoniyatlarida to‘laqonli foydalanish rejalashtirilyapti.
«Yutong» O‘zbekiston bozorida 2012 yilda o‘z faoliyatini boshladi. 2023 yil dekabr oyi oxiriga kelib «Yutong» O‘zbekistonga 1 400 ga yaqin avtobus yetkazib berdi, bu Xitoyning ushbu yo‘nalishdagi eksportining 50 foizdan ortig‘ini tashkil qiladi. Bozorning asosiy maqsadli segmentlari turistlar va yo‘lovchilarni tashish hisoblangan. 2017 yilgacha yangi avtobuslarning o‘rtacha yillik yetkazib berish hajmi 15 dona atrofida bo‘lib, asosiy ulush 12 va 8,5 metrli turistik yo‘lovchi avtobuslariga to‘g‘ri keldi.
2018 yilda «Yutong» kompaniyasi O‘zbekistonga 168 dona ZK6122H9 avtobuslarini yetkazib berish bo‘yicha tenderda g‘olib chiqdi. Bu O‘zbekistondagi eng yirik buyurtma bo‘ldi. Mazkur loyiha «Bir kamar, bir yo‘l» tashabbusini amaliy amalga oshirishning tipik namunasiga aylandi.
2022 yilda «Yutong» kompaniyasi O‘zbekistonga 20 dona ZK6126BVEG elektrobuslarini yetkazib berdi va bu O‘zbekistonda jamoat transportini elektrlashtirish yo‘lidagi birinchi qadam bo‘ldi.
2022 yil sentyabr oyida Samarqandda bo‘lib o‘tgan Shanxay Hamkorlik Tashkiloti sammiti chog‘ida esa 40 ta Yutong T7 rusumli avtobuslar tadbirga transport yordamini ko‘rsatdi.
Elbek,
Toshkent - Chenjou - Toshkent,
8 - 12 aprel, 2025 yil
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter