EGOI 2025: Ucell ko‘magida o‘quvchi qizlarning yangi yutuqlari (video)

O‘zbekistonlik maktab o‘quvchi qizlaridan iborat terma jamoa Bonnda o‘tkazilgan EGOI 2025 qizlar o‘rtasida informatika bo‘yicha Yevropa olimpiadasida ikkita bronza medalini qo‘lga kiritdi. Bu ishtirok Raqamli texnologiyalar vazirligining ICT4Girls milliy loyihasi tufayli amalga oshdi.
Mazkur loyiha qizlarni IT sohasiga faol jalb etishga alohida e’tibor qaratadi. Shuningdek, ta’lim tashabbusining hamkori bo‘lgan Ucyell kompaniyasi ko‘magida xalqaro sayohat moliyalashtirildi.
Toshkent shahar Olmazor tumanidagi ixtisoslashtirilgan maktabning 8-sinf o‘quvchisi Oysha Mirzatillayeva va Qoraqalpog‘iston Respublikasidagi 1-ixtisoslashtirilgan maktab-internatning 9-sinf o‘quvchisi Malika Xo‘jamuratova bronza medali bilan taqdirlandi. Bu jiddiy yutuq mashaqqatli tayyorgarlik, qat’iyat va o‘z kuchiga bo‘lgan ishonch natijasi bo‘ldi.
Qizlarning xalqaro olimpiada sari yo‘li ketma-ket ikkinchi yil milliy saralash maydoni bo‘lib xizmat qilayotgan ICT4Girls loyihasidan boshlandi. U mamlakatning barcha hududlaridagi maktab o‘quvchilarini algoritmlarni o‘rganish, dasturlash va jamoaviy ishlashga jalb qiladi. Bu yilgi saralash bosqichida 400 nafarga yaqin maktab o‘quvchisi ishtirok etdi. Hududiy bosqich va respublika final bosqichidan so‘ng terma jamoaning yakuniy tarkibi ma’lum bo‘ldi.
Raqamli texnologiyalar vazirligi qoshidagi Raqamli ta’limni rivojlantirish markazining sa’y-harakatlari va Ucyell kompaniyasining ko‘magi bilan ta’lim tashabbusi tashkil etildi, g‘olibalarga sovrinlar topshirildi hamda terma jamoaning xalqaro musobaqalardagi ishtiroki moliyaviy ta’minlandi.
O‘zbekiston EGOI olimpiadasida ilk bor 2024 yilda ishtirok etib, bronza medalini qo‘lga kiritgan edi. Yangi muvaffaqiyat — ikki sovrin bilan qaytish — tizimli tayyorgarlik samaradorligini va Raqamli texnologiyalar vazirligi hamda Ucell kompaniyasi o‘rtasidagi hamkorlik natijadorligini tasdiqlaydi.
EGOI olimpiadasi ishtirokchilarga texnologiyalar olamida o‘zlarini namoyon etish, salohiyatni yuzaga chiqarish va xalqaro tajriba orttirish imkonini berdi. Bu yo‘lda Ucell har doimgidek ishonchli hamkor va tayanch sifatida bugun yurtimizning raqamli kelajagini barpo etayotgan yoshlar yonida turdi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter