YeI–Markaziy Osiyo: Samarqand anjumanida qanday masalalar muhokama etiladi?

YeI elchisi Sh.Adrian va Yevropa tashqi harakatlar xizmatining yuqori martabali vakili L.Devin.
Joriy yil 17-18-noyabr kunlari Samarqand shahrida Yevropa Ittifoqi va Markaziy Osiyoning vazirlar darajasidagi uchrashuvi hamda Markaziy Osiyo bilan o‘zaro aloqadorlik bo‘yicha YeIning birinchi mintaqaviy anjumani o‘tkaziladi. Bu haqda Yevropa tashqi harakatlar xizmatining Sharqiy hamkorlik, Rossiya, Kavkaz va Markaziy Osiyo bo‘yicha boshqaruvchi direktori o‘rinbosari Lyuk Devin Toshkentda 15-iyul kuni bo‘lib o‘tgan brifingda ma’lum qildi. Tadbirda YeIning O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari, elchi Sharlotta Adrian xonim ham ishtirok etdi.
L.Devinning ma’lum qilishicha, Samarqand anjumanida raqamli robitalarni takomillashtirish, transport tarmog‘ini rivojlantirish hamda qishloq xo‘jaligi va energetika kabi uch muhim masala muhokama etilishi kutilmoqda. E’tiborga molik jihati, an’anaviy ravishda o‘tkazilayotgan YeI – Markaziy Osiyo vazirlar darajasidagi uchrashuvda mintaqa davlatlarining tashqi ishlar vazirlari qatorida YeIning tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati bo‘yicha oliy vakili – Yevropa komissiyasi prezidentining o‘rinbosari Jozep Borrel va YeIning xalqaro hamkorlik bo‘yicha komissari Yutta Urpilaynen qatnashadi.
Markaziy Osiyo bilan o‘zaro aloqadorlik bo‘yicha Samarqand anjumani YeIning 2021-yil dekabr oyida qabul qilgan «Global darvoza» nomli yangi strategiyasi doirasidagi o‘zaro aloqadorlik bo‘yicha ilk mintaqaviy mashvaratdir.
2019-yilda YeI Markaziy Osiyo bo‘yicha yangi strategiyani tasdiqlagan.
Yangi strategiya Markaziy Osiyoda barqarorlik, farovonlik hamda qonun ustuvorligini qo‘llab-quvvatlash, xususiy sektorni rivojlantirish, sarmoyalarni jalb etish hamda mintaqaviy robitalarni yanada mustahkamlashga qaratilgan. Samarqand anjumani mazkur strategiyada ko‘zda tutilgan maqsadlarini hayotga tatbiq etish bo‘yicha muloqot maydoni vazifasini ham o‘taydi.
«Biz ushbu anjuman amaliy ahamiyat kasb etishi, uning doirasida jonli-manfaatli muhokamalar o‘tishi tarafdorimiz. Shu bois unga nafaqat Markaziy Osiyo hamda YeIning rasmiy doiralari, balki ulkan sarmoya imkoniga ega bo‘lgan xususiy sektor va xalqaro moliya tuzilmalari vakillarini ham taklif etib qolamiz», – dedi Yevropa tashqi harakatlar xizmatining yuqori martabali vakili Lyuk Devin brifingda.
Qayd etilishicha, YeI delegatsiyasi anjumanga tayyorgarlikni muhokama qilish maqsadida Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish, Tashqi ishlar, Investitsiyalar va tashqi savdo, Transport, shuningdek, Innovatsion rivojlanish vazirlari o‘rinbosarlari bilan uchrashdi. Samarqand mashvarati o‘zaro munosabatlarni yangi o‘zanga solishda muhim o‘rin tutishi kutilmoqda.
Janob Devin matbuot anjumanida joriy yil 6-iyul kuni Bryussel shahrida imzolangan O‘zbekiston Respublikasi va Yevropa Ittifoqi o‘rtasida Kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik to‘g‘risidagi bitimning (KShHTB) ahamiyatiga ham to‘xtaldi.
Avval xabar berganimizdek, 1996-yilda imzolangan amaldagi bitim o‘rniga ishlab chiqilgan yangi hujjat o‘zaro robitalarni yangi bosqichga olib chiqishi ko‘zda tutilgan.
«Kundek ravshanki, o‘tgan 20 yildan oshiq vaqt ichida dunyo, YeI va O‘zbekiston o‘zgardi. Bu esa o‘zaro munosabatlarni tartibga soluvchi hujjatni qayta ishlashni taqozo etdi. Kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik to‘g‘risidagi yangi bitim inson huquqlari, xavfsizlik siyosati kabi an’anaviy masalalarlan tortib savdo-tijorat, bojxona, sanoat, oziq-ovqat standartlari, intellektual mulk, raqobat qoidalari, davlat xaridi, raqamli iqtisodiyot, ta’lim, ilmiy tadqiqotlar, sport, sog‘liqni saqlash, madaniyat kabi kabi keng ko‘lamli yo‘nalishlarni qamrab oladi. Ishonchim komilki, ushbu bitim yangi formatdagi hamkorlik uchun mustahkam poydevorga aylanadi», – dedi L.Devin.
Keyingi vaqtlarda YeI Markaziy Osiyo bilan aloqalarni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratmoqda. Jumladan, 2021-yil 5-noyabr Qirg‘iziston poytaxti Bishkekda YeI – Markaziy Osiyo iqtisodiy forumi bo‘lib o‘tdi. Yevropa komissiyasi prezidenti Ursula fon der Lyayen forum ishtirokchilariga yo‘llagan videomurojaatida mintaqa iqtisodiyotini tiklash masalasiga e’tibor qaratdi.
O‘tgan yil 22-noyabr kuni Dushanbe shahrida bo‘lib o‘tgan 17-vazirlar uchrashuvida ham hamkorlikning muhim masalalari muhokama etilgan.
Eslatib o‘tamiz, YeIning tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati bo‘yicha oliy vakili Jozep Borrel 2021-yil iyul oyida Toshkentda o‘tgan «Markaziy va Janubiy Osiyo: mintaqaviy bog‘liqlik. Tahdidlar va imkoniyatlar» mavzusidagi xalqaro anjumanda qatnashgan va O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bilan uchrashgan edi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter