Ekotizimlarni saqlash borasida Xitoy tajribasi o‘rganilmoqda
O‘zbekiston Respublikasi va Xitoy Xalq Respublikasi bilan barcha sohalarda bo‘lgani kabi ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi sohasida ham izchil va samarali hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan.
Ma’lumot uchun, 2007 yil 3 noyabrda Xitoy Xalq Respublikasi Atrof-muhitni muhofaza qilish davlat boshqarmasi bilan o‘zaro anglashuv memorandumi imzolangan. 2019 yilda esa Orol dengizi xalqaro innovatsiya markazi (IIS) va Xitoy Fanlar akademiyasi (XIEG) qoshidagi Shinjon Ekologiya va geografiya instituti o‘rtasida Orol dengizi mintaqasida ilmiy hamkorlikni rivojlantirishga borasida kelishuvga erishilgan.
Xitoy Xalq Respublikasi qum bo‘ronlari va cho‘llarni nazorat qilish bo‘yicha milliy kengashi raisi An Fendzining Samarqandda o‘tkazilgan (SRIS-21) — BMTning cho‘llanish to‘g‘risidagi konvensiyasi ijrosini ko‘rib chiqish qo‘mitasining 21-sessiyasida ishtirok etishi o‘zaro hamkorlikni mustahkamlash borasidagi yana bir muhim qadamga aylandi.
Ta’kidlash joizki, An Fendzi va Ekologiya vaziri Aziz Abduhakimov o‘rtasidagi uchrashuvda yerlarning degradatsiyasi va barqaror yer boshqaruvi bo‘yicha tadqiqotlar olib borish, jumladan, tajriba almashish va O‘zbekistonning chang va qum bo‘ronlari xavfi yuqori bo‘lgan hududlarida qo‘shma ilmiy-tadqiqot faoliyatini amalga oshirish masalalari muhokama qilindi. Yakunda cho‘llanish va yerlarning degradatsiyasiga qarshi kurashish sohasida ilmiy-amaliy hamkorlik to‘g‘risida Memorandum ishlab chiqish va imzolash orqali tez orada yaqin hamkorlikni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha kelishuvga erishildi.
Shuningdek, 2023 yilda Ekologiya vazirligi xodimlari Xitoyda tajriba almashish bo‘yicha o‘quv dasturlarida ishtirok etishdi, bu esa xodimlarga o‘z bilim va ko‘nikmalarini kengaytirish imkonini berdi. Qolaversa, bugungi kunda Xitoy bilan Shanxay Hamkorlik Tashkiloti (ShHT) hamda Qor qoploni va uning ekotizimini saqlash bo‘yicha global dastur (GSLEP) kabi xalqaro platformalar doirasida hamkorlik qilinmoqda. Qolaversa, XXR bilan atrof-muhitni muhofaza qilish sohasida hamkorlik to‘g‘risidagi Bitim loyihasi ishlab chiqilmoqda.
Ma’lumot uchun, Xitoy unumdor tuproqlarni tabiatning salbiy ta’siridan himoya qilishga yordam beruvchi ekologik loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha yetakchi davlatlardan biri hisoblanadi. Cho‘llanishga qarshi kurashish va ekotizimlarni tiklashda ham katta tajribaga ega. Xususan, so‘nggi 10 yilda “Uch shimol” loyihasi doirasida o‘rmonlar maydoni 33,3 million gektardan ortiqroqqa ko‘paydi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Xitoydan O‘zbekistonga ilk bor chiqindi tashiydigan elektromobil olib kelindi. Shuningdek, Xitoy va O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi vakillari bilan ekologik toza binolar qurish va chiqindilarni qayta ishlash masalalari muhokama qilindi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter