Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

“El-yurt umidi” fondi va Davlat boshqaruvi akademiyasi qayta tashkil etiladi

“El-yurt umidi” fondi va Davlat boshqaruvi akademiyasi qayta tashkil etiladi

Foto: Prezident matbuot xizmati.

Prezident Shavkat Mirziyoyev 5-may kuni istiqbolli kadrlarni maqsadli tayyorlash va mutaxassislarning xorijda ta’lim olishini qo‘llab-quvvatlashga oid takliflar taqdimoti bilan tanishdi.

Mamlakatimizda har bir sohani rivojlantirishda kadrlar masalasiga alohida e’tibor qaratilmoqda. Yoshlarning o‘qishi, mutaxassislarning tajriba oshirishi davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlanmoqda.

Shu maqsadda “El-yurt umidi” jamg‘armasi tomonidan 2 ming 225 nafar stipendiatlar 45 ga yaqin davlatga o‘qishga yuborilib, budjetdan jami 1,5 trillion so‘m yo‘naltirildi. Hozirgacha ularning 1 ming 400 nafari O‘zbekistonga qaytib, iqtisodiyot tarmoqlarida, ta’lim, fan, tibbiyot va davlat boshqaruvida ishlamoqda. Bugungi kunda 748 nafar stipendiatlar “TOP-300” talikdagi nufuzli universitetlarda ta’lim olayapti.

Endi bunday ishlar ko‘lamini yanada kengaytirish maqsadida mazkur fondni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Istiqbolli kadrlarni tayyorlash bo‘yicha “El-yurt umidi” jamg‘armasi etib, Davlat boshqaruvi akademiyasini O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat siyosati va boshqaruvi akademiyasi etib qayta tashkil etish ko‘zda tutilmoqda. Ular Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi bilan birga kadrlar tayyorlash klasteriga aylantiriladi.

Jumladan, istiqbolli mutaxassislarni xorijda tayyorlash bo‘yicha bakalavriat, magistratura va doktorantura bilan bir qatorda davlat xizmatchilari olti oygacha maqsadli stajirovkaga yuboriladi. Bunda energetika, urbanizatsiya, transport, arxitektura, geodeziya, yer munosabatlari, texnika, muhandislik kabi iqtisodiyotning drayver sohalariga, davlat boshqaruvi va dolzarb ijtimoiy yo‘nalishlarga ustuvorlik beriladi.

Xalqaro reytinglarda “TOP-100” talik universitetlarga grant asosida o‘qishga kirgan nomzodlarga “El-yurt umidi” stipendiyasi imtihonlarsiz ajratiladi. “TOP-300” talikda bo‘lgan universitetlarga grantga kirganlarga xalqaro transport va turar joy xarajatlari imtihonlarsiz qoplab beriladi. “TOP-20” talikdagi universitetlar bakalavriatiga 50 foiz grant asosida qabul qilingan Prezident maktablari bitiruvchilariga stipendiyalar tanlovlarsiz ajratiladi.

Xorijda o‘qiyotgan yurtdoshlarimiz bilan doimiy muloqotda bo‘lish, ularning ehtiyojlarini aniqlash hamda ta’lim-tarbiya jarayonlarida yordamlashish maqsadida “El-yurt umidi” jamg‘armasi stipendiatlarining ota-onalari kengashi tuziladi. Elchixona va konsulliklarga talabalarga huquqiy va tashkiliy ko‘mak ko‘rsatish vazifalari yuklatiladi.

Zamon talablariga mos mutaxassislar tayyorlashda Davlat siyosati va boshqaruvi akademiyasining ham o‘rni katta. U yerda “Hokimlar maktabi”, “Rahbar ayollar maktabi”, “Kelajak liderlari” kabi kurslarda ilg‘or ta’lim dasturlari yo‘lga qo‘yilgan. O‘tgan o‘quv yilida 13 mingdan ziyod tinglovchilarning malakasi oshirilgan.

Yangi tizimga asosan, endi davlat xizmatchilari uchun 3 ta dastur – malaka oshirish, qayta tayyorlash va magistratura yo‘lga qo‘yiladi. Barcha uzoq va o‘rta muddatli o‘quvlar xorijiy hamkorlar bilan qo‘shma ta’lim dasturlari hamda Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkilotining tayanch tavsiyalari asosida tashkil etiladi.

Magistraturada “Davlat boshqaruvi”, “Davlat siyosati”, “Hududlarni kompleks rivojlantirish”, “Inson resurslarini rivojlantirish” va “Davlat moliyasini boshqarish” yo‘nalishlarida 18 oygacha muddatda chuqurlashtirilgan bilimlar beriladi. Davlat buyurtmasidan tashqari to‘lov-kontrakt shaklida ham talabgorlar qabul qilinadi.

Akademiyada ta’lim dasturlari va ilmiy tadqiqotlar sifatini oshirish bo‘yicha tavsiyalar berish, nufuzli xorijiy ilmiy-ta’lim muassasalari bilan hamkorlik o‘rnatish uchun Xalqaro akademik maslahat kengashi tuziladi.

Shuningdek, akademiya huzurida 4 ta yangi markaz tashkil etilmoqda. Misol uchun, Davlat boshqaruvi muammolarini ilmiy-amaliy tadqiq etish markazi davlat xizmati samaradorligini oshirish, xususiy sektordagi ilg‘or amaliyotlarni davlat boshqaruvida joriy qilishga qaratilgan tavsiyalar berib boradi.

Prezidentimiz takliflarni ma’qullab, bu tizimlarni yangicha yondashuvlar asosida joriy qilish, jamg‘arma va akademiya xodimlarining malakasini oshirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.  Iqtidorli yoshlarni doimiy izlab topish va yuqori darajada o‘qitish, malakali mutaxassislarni islohotlarga jalb qilish muhimligi ta’kidlandi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring