Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«El-yurt umidi» jamg‘armasi stipendiati poyga avtomobili uchun innovatsion tizim ishlab chiqdi

«El-yurt umidi» jamg‘armasi stipendiati poyga avtomobili uchun innovatsion tizim ishlab chiqdi

Foto: «El-yurt umidi» jamg‘armasi

«El-yurt umidi» jamg‘armasi stipendiati Saidakbarxon Po‘latov Arizona davlat universitetida diplom loyihasini muvaffaqiyatli himoya qildi. Ushbu loyiha doirasida u poyga avtomobili uchun innovatsion faol kuzov barqarorlashtirish tizimini (Active Anti-Roll Bar) ishlab chiqdi.

Saidakbarxon loyihasini «Sun Devil Motorsport» muhandislik jamoasi bilan hamkorlikda bajargan. Uning natijalari «Formula FSAE Michigan 2025» nufuzli xalqaro musobaqasida qatnashadigan avtomobil konstruksiyasida amaliy qo‘llaniladi. O‘rnatilgan barqarorlashtirish tizimi yuqori samaradorlik ko‘rsatdi: sinov poygalari natijalariga ko‘ra, yangi bolid o‘tgan mavsumda ishlatilgan avtomobildan 6,4 soniya tezroq bo‘ldi.

Saidakbarxon yaratgan tizim avtomobilning burilishlardan o‘tishda boshqaruvchanligini va barqarorligini oshiradi, bu ayniqsa poyga trassalari uchun juda muhimdir.

Ushbu loyiha «El-yurt umidi» jamg‘armasining xorijdagi ta’limga yo‘naltirilgan sarmoyasi natija berayotganini ko‘rsatadi. Xalqaro standartlar darajasida murakkab muhandislik yechimlarini ishlab chiqish va jahon texnologiya hamjamiyatida O‘zbekistonni namoyish eta oladigan kadrlar tayyorlanmoqda.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring