Elektron hukumat: O‘zbekistonning xalqaro reytingini ko‘tarish masalalari muhokama qilindi (video)

Bugun, 15-aprel kuni Toshkent shahridagi Inha universitetida Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi tomonidan «Elektron hukumatni rivojlantirish ko‘rsatkichlari va metodologiyasi tahlili asosida O‘zbekistonning xalqaro reytingini ko‘tarish» mavzusida ilmiy seminar bo‘lib o‘tdi.
Unda Prezidentimizning 2020-yil 2-iyundagi «O‘zbekiston Respublikasining xalqaro reyting va indekslardagi o‘rnini yaxshilash hamda davlat organlari va tashkilotlarida ular bilan tizimli ishlashning yangi mexanizmini joriy qilish to‘g‘risida»gi Farmoni hamda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining 2021-yil 9-martdagi topshirig‘i ijrolari bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar va natijalar ko‘rib chiqildi.
Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Senatining Yoshlar, madaniyat va sport masalalari qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Dilorom Toshmuhamedova, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirining birinchi o‘rinbosari Oleg Pekos, Birlashgan Millatlar Tashkiloti Taraqqiyot dasturining O‘zbekistondagi doimiy vakili Matilda Dimovska, Toshkent shahridagi Inha universiteti rektori v.b. Muzaffar Jalolov va boshqalar ishtirok etib, mavzu yuzasidan o‘z fikrlarini bildirishdi.
Mazkur ilmiy seminarga xalqaro ekspertlar ham jalb etilgan bo‘lib, BMTning xalqaro indekslar ko‘rsatkichi asosida turli mamlakatlarning elektron hukumat tizimini baholash metodologiyasi, bu boradagi xalqaro tajriba va O‘zbekiston Respublikasida elektron hukumatni rivojlantirish yuzasidan dolzarb masalalar muhokama qilindi.
Jumladan, Estoniya Elektron boshqaruv akademiyasi ijrochi direktori Astok Xannes tomonidan o‘qilgan ma’ruza ko‘pchilik tomonidan iliq kutib olindi.
Elektron hukumat loyihalarini boshqarish markazi mas’ul xodimi Baxtiyor Uglamovning O‘zbekistonda Elektron hukumatni rivojlantirish hamda raqamlashtirish darajasini reytingli baholash to‘g‘risidagi chiqishi mavjud vaziyatni to‘liq tahlil qilish imkoniyatini berdi.
Shuningdek, seminarda Estoniya elektron hukumati tizimining ekotizimi va rivojlanish saboqlari, BMTning davlatlar Ye-hukumatlari rivojlanishini baholash bo‘yicha metodologiyasi, xorijiy mamlakatlarda Ye-hukumat rivojlanishi tajribasini o‘rganish natijalari mavzularida ma’ruzalar tinglandi.
Bugungi kunda mamlakatimizda ijtimoiy-iqtisodiy va siyosiy-huquqiy taraqqiyotni tizimli tahlil qilib borish, turli sohalarda amalga oshirilayotgan tub o‘zgarishlarning O‘zbekiston Respublikasi uchun ustuvor bo‘lgan xalqaro reyting va indekslarda mamlakat o‘rnini yaxshilash maqsadlariga xizmat qilishini ta’minlash, mazkur yo‘nalishdagi ishlar samaradorligini oshirish bo‘yicha bir qator ishlar olib borilmoqda.
Axborot kommunikatsiya texnologiyalari taraqqiy etgan sari hayotimizni qulayliklar bilan boyitish maqsadida taqdim etilayotgan ishonchli imkoniyatlardan biri bu «Elektron hukumat» tizimining joriy qilinishidan. Ma’lumki, «Elektron hukumat» jahon amaliyotida o‘z afzalliklarini allaqachon ko‘rsata olgan tizim hisoblanadi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter