Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Barno Sultonova

Ozodlik qo‘rquvning yuziga tik qaray olishdir.

Yelim xalta pullik bo‘lgach... kim yutdi, kim yutqazdi?

Yelim xalta pullik bo‘lgach... kim yutdi, kim yutqazdi?

300 so‘m arzimasdek, zarari asrlarga tatiydi

Do‘konlarda, supermarketlarda 300 so‘m bo‘lgan yelim xaltani pullik bo‘lgani uchun, afsuski, hech kim rad qilayotgani yo‘q. (2019 yil 1 yanvarda Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi muhokama uchun e’lon qilgan «Sanitar tozalash tizimlarini yanada takomillashtirish va rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi hukumat qarori muhokamasidan keyin do‘konlarda yelim xaltalar pullik bo‘ldi.)

Har bir supermarketdagi kassa oldiga ilib qo‘yilgan matoli xaltalar o‘n ming, qog‘ozli xaltalar bir yarim ming so‘m. Bu xaltalarni ba’zi tabiat jonkuyarlari, yelim xaltaning koni zarar ekanligini anglagan odamlargina sotib olishi mumkin. Qolaversa, narxida juda katta farq bor. Demak, muammo uni pullik qilish bilan hal bo‘lib qolmabdi.

Bir ekofaol aytgandi: «Yelim xaltalar endi kirib kelayotganda, hali kamyob paytida avaylab ishlatardik», deb. Yelim xaltaning zararini kamaytirish uchun uni matoli yoki qog‘ozli xaltalar narxi bilan tenglashtirish va yoki kamyob holga tushirish kerakdir. Xorijda – Yevropa Ittifoqining barcha davlatlarida bunday mahsulotlarni bozordan olib tashlash va 2021 yil 3 iyulgacha ishlab chiqarmaslik majburiyatini yuklagan. 12 oy ichida avval ishlab chiqarilgan mahsulotlarni sotishga ruxsat berildi va keyin taqiq to‘liq kuchga kirdi.

Gruziyada 2019 yil 1 aprel sanasidan boshlab yelim xaltalardan foydalanish, olib kirish va ishlab chiqarish butunlay taqiqlangan. Endi yelim xaltalarni ishlab chiqaruvchi yoki import qiluvchi tadbirkorlarga yaxshigina jarima solinadi. 2014 yil statistik ma’lumotlarga ko‘ra, har bir fuqaroga yiliga o‘rtacha 525 dona, masalan, Irlandiyada bu raqam 14 tani, Daniya, Finlyandiyada esa to‘rtta yelim paketni tashkil etadi.

– Oddiy xalqning cho‘ntagidan chiqayotgan 300 so‘m pul arzimasdek, ammo toma-toma ko‘l bo‘lar, deganlaridek juda katta miqdordagi mablag‘ yelim xalta ishlab chiqaruvchilar va uni pullayotgan do‘kondorlarni cho‘ntagini qappaytirmoqda xolos, – deydi supermarketdagi bir xaridor. – Har kuni uyga yelim xalta kirib keladi, saqichdan tortib kir sovungacha o‘rab beriladi. Men matodan tikilgan xaltadan bitta olib qo‘ysam? bir necha oyga yetadi, o‘sha ketma-ket oladigan yelim xaltalarimning pulini qoplab ham ketadi.

Parijda ko‘cha supurilmaydi, yuviladi

Shodiyabegim Sharofiy:

– Fransiyada shisha idish boshqa chiqindiga qo‘shilmaydi, hech qachon qayta ishlanmaydigan oziq-ovqat mahsulotlari ochiq holatda duch kelgan joyga tashlanmaydi. Masalan, bir oiladagi homilador kunda olti marta qonidagi qand miqdorini tekshirib borishi kerak. Qon tahlillariga ishlatilgan narsalarni tashlash uchun ustiga «hayot uchun xavfli», deb yozilgan maxsus quti beriladi, to‘lgach ko‘chadagi sariq chiqindi qutiga og‘zi yopiq holatda tashlash kerak. Har bir chiqindi tashlanadigan qutining ranggi alohida. Masalan, supermarketlar oldiga o‘rnatilgan yashil qutiga baklashkani tashlaysiz va evaziga pul olasiz. Arzimagan pul, ammo odamlarni qiziqtiradi. Fransiyada ko‘cha supurilmaydi, balki yuviladi.

Chiqindilarni maxsus changyutgich tozalaydi, bu yerda ayollar ko‘cha supurmaydi. Ba’zida shahar kechga borib ifloslanib qoladi, chunki bu yerga turistlar ko‘p keladi. Va o‘zlarining tarbiyasini ko‘rsatishadi. Fransiyada kiyimlar alohida joyga tashlanadi. Har bir ko‘chada bittadan maxsus joy bor, kiyimlarni qayta ishlab boshqa mahsulot chiqaradi. Qolaversa, ko‘chaga qo‘yilgan narsalarning hammasi chiqindi hisoblanmaydi. Bolalar aravachasi, mebellar, hatto qo‘l telefoni, taxlab qadoqlangan kiysa bo‘ladigan kiyimlar – bularning barchasi ehtiyojmand odamlar uchun. Akkumulyatorlarni ko‘chaga tashlab ketish mumkin emas – jarimasi 500 yevrodan 3 yil qamoq jazosigacha. Chunki bu yerlarda mashinaning akkumlyatori shtrix kodlar bilan rasmiylashtirilgan bo‘ladi.

Chiqindini gulga ayirboshlashadi

   

Gulnoza To‘xtasinova, Farg‘ona ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi matbuot kotibi:

– Viloyatimizda 13 ta chiqindilarni qayta ishlash korxonalari bor. Oltiariq yo‘lidagi markaziy chiqindixonaga Belarusdan saralash texnologiyalari keltirildi. «Yosh avlod tayanchi» (polietilen), RTI texnik MChJ (yaroqsiz rezina mahsulotlari), Sanfa Viber, Robber Goods Produck MChJ (eski har xil rezina mahsulotlari), Robber Roud MChJ (eski mashina shinalari), Beshariq – Beshquvur (polietilen) chiqindilarni qayta ishlash orqali relslarga rezina, polietilen quvur, rezina to‘shamalar, sport to‘shamalari (yumshoq matlar), o‘yinchoq, ko‘rpa-to‘shak, yostiqlar ichiga solinadigan sentefonlar ishlab chiqarilmoqda. Afsuski, yupqa bir martalik yelim xaltalarni qayta ishlashning imkoni yo‘q. Sababi, ularning bir dunyosidan atigi bitta paket chiqadi. Bu uchun qancha mehnat, texnika kuchi ketadi. Qog‘oz va matoli xaltalarga esa bir qancha daraxtlarni kesishga to‘g‘ri keladi. Shuning uchun qarorda ko‘rsatilgandek, polietilen xaltalarning mikronini kattalashtirish haqida o‘ylash kerak, shunda bularni qayta ishlab chiqarish imkoni bo‘ladi va bir necha marta foydalaniladi. Hozir Farg‘onaning ko‘pgina hududlarida shina va baklashkalarni topolmaysiz.

Yana bitta yaxshi an’ana – o‘quvchilar o‘quv yili oxirigacha qog‘oz va baklashkalarni yig‘ib boradi, yil oxirida tadbirkorlarga topshiradi va maktab uchun kerak bo‘lgan gul, o‘quv qurollari sotib olishadi.

«Yelim xaltalardan nafratlanaman»

Zeboxon Murodimova, ingliz tili o‘qituvchisi:

– O‘zbekistonga kelishim bilan katta muammoga duch keldim. Ko‘cha-ko‘yda, bozorda, do‘konda bir kilo olma, sut-qatiq yoki biror egulik olasizmi rangli plastik paketlarga solib berishadi. Buni tabiiydek qabul qilamiz. Oshxona har xil rangdagi bunday paketlarga to‘lib ketadi. Hammasini yig‘ib bitta kattarog‘iga solasiz. Hechqisi yo‘q, axlat tashlashga qulay deysiz. Ertasiga uyga yana 3-4ta paket kirib keladi. Qancha ko‘p kirsa, shuncha ko‘p siz uni chiqindiga uloqtirasiz. Qarang, bu paketning xizmati 1-2 kunlik, lekin uning chirib, tuproqqa aylanib ketishiga 300 yillar ketadi. Kasbim taqozosi bilan Amerikada va Yevropada bo‘lib qaytdim, avvalo, odamlarning chiqindi masalasidagi mas’uliyati va madaniyati meni hayratlantirdi. Ular o‘zlari bilan setka olib yurishadi. Juda kamdan-kam hollarda yelim xaltalardan foydalanishadi. Shunday qilib bu plastik paketlarga qarshi urush ochdim, turmush o‘rtog‘im ko‘proq ko‘chada u-bu sotib olib kelganlari uchun bu kichik paketlar bir zumda ko‘payib qoldi. Men «STOP BRINGING THESE NASTY PLASTIC BAGS» dedim. Endi ular ham uyda bor matodan tikilgan xaltalarimizni olib ketadigan bo‘ldilar. Yelim xaltalardan nafratlanaman, ular sayyoramizni bo‘g‘ayapti.

Shvetsiyada chiqindi yo‘q

Nargis Qosimova, mediatrener, ekojurnalist:

– ekolog.uz telegram kanali 2018 yildan buyon faoliyat yuritadi. O‘tgan yillar ichida kanalimiz Ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi va uning viloyatlardagi boshqarmalari, Ekopartiya va uning bo‘linmalari bilan hamkorliklikni yo‘lga qo‘ydik. Chiqindilar bo‘yicha murojaatlarning eng ko‘pi Toshkent shahri va Toshkent viloyatidan tushadi. Bu, o‘z navbatida, murojaatchilarning yashab turgan joyiga befarq emasligini bildiradi.

Ming marotaba chiqindini tozalasang ham, odamlarning o‘zlari tashlamaslikni o‘rganmagunicha muammo hal bo‘lmaydi. Xorijda allaqachon chiqindini qayta ishlab, undan qimmatbaho metallarni ajratib olish, ikkilamchi resurs sifatida foydalanish yo‘lga qo‘yilgan. Shunday davlatlar borki, masalan Shvetsiya, ularda hattoki chiqindining o‘zi yo‘q. Bu og‘riqli muammoni hal etish uchun qayta ishlash bilan birga, chiqindini yoqish natijasida biogaz, elektr quvvati olish mumkin bo‘lgan bioqurilmalarni har bir hududga o‘rnatish lozim.

Bundan 5-6 yil ilgari Global ekologik fondning kichik loyihalari doirasida Toshkent viloyati, Sirdaryo viloyatining Xovos tumanida «Nadejda» fermer xo‘jaligida bioqurilma sinov tariqasida o‘rnatilib, mol go‘ngi va chiqindilarni yoqish natijasida hosil bo‘lgan biogaz bilan 100 tacha xonadonni gaz va elektr bilan ta’minlangandi. Nega aynan mana shunday loyihalar qo‘llab-quvvatlanmaydi?

Bu ham chiqindidan atrofni tozalash, ham o‘tin uchun daraxtlarning kesilishini oldini olish, ham tabiiy gaz zahiralarimizni tejash imkoni bo‘lardi. Chiqindini qayta ishlaydigan qurilmani qurish uchun ma’lum miqdorda kapital xarajatlar talab etadi, bunday loyihalar o‘zini o‘zi tez qoplamaydi va davlat dotatsiyasini talab qiladi. Yetakchi davlatlar, jumladan, Germaniya va ko‘pgina Yevropa mamlakatlari biogaz ishlab chiqaruvchilarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash yo‘lidan bormoqda. Bu «yashil tarif» shaklida amalga oshirilmoqda, ya’ni, elektr va issiqlik energiyasini oshirilgan narxlarda sotib olmoqda.

Jumladan, Germaniyada 1993 yilgacha biogaz qurilmalari soni 250 tagacha yetgan. Faqat 1990 yildan boshlab, jamoatchilik tarmoqlariga bunday elektr energiyani nisbatan atigi 10 sent/kVt ga kam sotishga imkoniyat berilishi kafolatlanishi qonunda paydo bo‘lishi, qurilmalarning sonini 2000 yilga kelib, deyarli to‘rt barobar, ya’ni 1000 taga oshishiga sabab bo‘lgan. Rivojlangan davlatlar ichida Xitoy biogazdan foydalanish bo‘yicha eng peshqadam, bu yerda doimiy asosda axlatxona va kanalizatsiyalarda 20 mln. ortiq biogaz qurilmasi ishlab turibdi...

Biz har doimgidek ushbu mavzuni to‘ldirish maqsadida Ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi mutaxassislariga yuzlandik, ammo hali hamon javoblar tayyorlanmoqda ekan...

Ismoil Sagdullayev, «Maxsustrans» DUK rahbarimaslahatchisi:

– Mamlakatimizda 197 ta chiqindi poligoni bor, 24 tasi to‘lgan, ekologik talablarga umuman javob bermaydi. Toshkent shahridan bir kunda ikki ming tonna chiqindi chiqadi. Osiyo taraqqiyot bankidan 3 mln 200 dollarlik rekultivatsiya uchun texnikalar oldik. 59 gektarli poligon o‘zining vaqtini yashab bo‘ldi. Endi 30 gektarli beton va plenka qatlamli suv va ekologiyaga zarari bo‘lmagan poligonni ishga tushiramiz. Xorij kompaniyalari bilan shartnoma tuzganmiz. Ya’ni, ko‘milgan (asosiy qismi yelim va qattiq) chiqindilardan chiqayotgan metan gazdan elektr energiya olishni mo‘ljallayapmiz. 18 mingga yaqin konteyner qo‘yganimiz bilan ekologik madaniyat bo‘lmasa qiyin. Kelajakda har bir poligon oldida saralash va qayta ishlash zavodlari quriladi.   

Ma’lumot uchun: O‘zbekistonda so‘nggi yillardagi iqtisodiy o‘sish sabab yiliga 7 mln tonna maishiy chiqindi hosil bo‘lmoqda. Bu haqda Prezident Shavkat Mirziyoyev chiqindilar bilan ishlash tizimini takomillashtirish va hududlardagi ekologik holatni yaxshilash, «Yashil makon» umummilliy loyihasini amalga oshirish bo‘yicha 2022 yildagi ustuvor vazifalar yuzasidan joriy yil fevral boshida o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida so‘z ocharkan, ushbu chiqindilarni yig‘ish, saralash, olib chiqish, qayta ishlash va utilizatsiya qilish ahvoli qoniqarli emasligini urg‘ulagan.

Ta’kidlanishicha, maishiy chiqindilarni qayta ishlash darajasi Andijonda – 45 foiz, Buxoroda – 43 foiz, Navoiy va Namanganda – 36 foizni tashkil etib, yaxshi natija ko‘rsatilmoqda. Aksincha, Qoraqalpog‘iston – 10 foiz, Farg‘ona va Qashqadaryo – 20 foiz bilan qolgan hududlardan orqada. Shuningdek, chiqindilarni olib chiqish qamrovi 90 foizga yetgan bo‘lsa-da (2017 yilda atigi 25 foiz edi), 781 ta mahallada 30 yildan buyon chiqindini olib chiqish masalasi hal yetilmagani tanqid qilindi.

Zero-waste – chiqindilarning nol iyerarxiyasi

Zero-waste – bu narsa va narsalarni qayta ishlatish orqali chiqindilar miqdorini minimallashtirishga qaratilgan tamoyillar to‘plami. Nolinchi chiqindilarning maqsadi har qanday chiqindilarni poligonlarga, yoqish zavodlariga yoki okeanga (afsuski, dengiz va okeanlarni ifloslantiruvchi chiqindilarning 80% dan ortig‘i plastikdir) yuborishni to‘xtatishdir. Hozirda plastikning atigi 9 foizi qayta ishlanadi. Zero-waste harakati ommalashib, 1998-2002 yillarda o‘zining eng yuqori cho‘qqisiga chiqdi va shundan so‘ng nazariyadan amaliyotga o‘tib, asosiy e’tibor chiqindisiz jamiyat tuzilishi va xatti-harakatlari qoidalariga qaratildi. Masalan, mana shu tamoyil bo‘yicha Kaliforniyada yashovchi fransuz-amerikalik Bea Jonson buni to‘rt kishilik uyida qo‘llashga qaror qildi. 2009 yilda u mashhur Zero-waste home blogi orqali o‘z tajribasi bilan o‘rtoqlasha boshladi va 2010 yilda u Nyu-York Tayms gazetasida chop etildi.  

Germaniyada Mari Delapiyer ilk qadoqsiz do‘konni ochdi.

Mana shu tamoyil bo‘yicha o‘zimizda ham bir korxonaning xayrli ishi haqidagi ma’lumot tasodifan qo‘limizga tushib qoldi.

Shveysariyadagi Zero-waste asoschisi Natali Bino notijorat tashkilot tuzdi. Shunday qilib yillar davomida Zero-waste turmush tarzi keng tarqaldi. Dunyo bo‘ylab minglab ijtimoiy media kanallar, bloglar, ommaviy do‘konlar va tashkilotlar paydo bo‘ldi. Va, o‘z navbatida, bu jadal rivojlanayotgan ommaviy harakat Unliever i Procter and Gamble kabi yirik korporatsiyalarga qayta foydalanish mumkin bo‘lgan muqobil mahsulotlarni yaratishga talabni kuchaytirdi.

Maqola yozish asnosida chiqindilarning inson salomatligiga qay darajada zarari borligiga haqidagi ma’lumotlarga duch keldik, garchi bu alohida mavzu hisoblansa-da qisqacha qo‘shimcha fakt bermoqchimiz:

Tabiiy chirigan axlatlarda topilgan vodorod sulfidi o‘pka saratoni  va nafas olish kasalliklarini rivojlantirsa, tug‘ilish nuqsonlari va kam vazn poligonlarga yaqin yashaydiganlarda uchraydi, ya’ni mayda zarrachalar va azot dioksidi sabab bo‘ladi. Poligon filtrlarida maishiy kimyo va retsept bo‘yicha dori-darmonlar tobora ko‘proq topilmoqda. Ushbu materiallarning chiqindixonalardagi tarkibi va bu kimyoviy moddalar, dorilarning yer osti suvlari va atrof-muhitga kirishi mumkinligi esa katta tashvish uyg‘otishini hisobga olib bu mavzuga yana qaytamiz...

Barno Sultonova

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring