Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Yelizaveta II — mutlaq rekordga ikki yildan ozroq qoldi

Yelizaveta II — mutlaq rekordga ikki yildan ozroq qoldi

Foto: «Fokus»

Britaniya qirolichasi Yelizaveta II uzoq hukmronlik qilish bo‘yicha tarixdagi ikkinchi monarxga aylandi. U 70 yil va 126 kun hukmronlik qilgan (1927–2016-yillar) Tailand qiroli Pumipon Adulyadet (Rama IX)ning ko‘rsatkichini yangilab, ro‘yxatda bir pog‘ona ko‘tarildi.

Mutlaq rekordni yangilab, birinchi bo‘lishdan esa 96 yoshli ingliz qirolichasini ikki yildan kamroq vaqt ajratib turibdi. Fransiya qiroli Lyudovik XIV (1638–1715-yillar) 72 yil va 110 kun hukmronlik qilgan.

2015-yil sentyabrida Yelizaveta II taxtda o‘tirish davomiyligi bo‘yicha britan qirolichasi Viktoriya (1819–1901-yillar)ning rekordini yangilagandi.

Yelizaveta shundoq ham ko‘plab rekordlarni o‘rnatib qo‘ydi: hozirgi davlat rahbarlari orasida eng yoshi ulug‘i, ayol monarxlar orasida eng uzoq vaqt tojni boshida ko‘tarib yurgani.

Yelizaveta II qirolichalik davrida 100 dan ziyod mamlakatga tashrif buyurgan, 21 mingdan ortiq tadbirda qatnashgan. 4 mingta qonunga qirollik sanksiyasini bergan, Londonga davlat tashrifi bilan kelgan 112 nafar davlat rahbarini qabul qilgan. Uning hukmronligi davrida Buyuk Britaniyada 14 nafar bosh vazir, AQShda 14 nafar prezident almashgan.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring