Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Endi ayrim turdagi tergov harakatlari videokonferensaloqa rejimida o‘tkaziladi

Endi ayrim turdagi tergov harakatlari videokonferensaloqa rejimida o‘tkaziladi

Foto: «Kun.uz»

Davlatimiz rahbari tomonidan 2019-yil 24-may kuni «O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga jinoyat protsessi ishtirokchilarining huquqlari himoya qilinishini ta’minlash bilan bog‘liq o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi qonun imzolandi. E’tiborlisi, mazkur hujjat bilan ayrim turdagi tergov harakatlarini ideokonferensaloqa rejimida o‘tkazish tartibi belgilab berildi.

Xususan, guvohlar, jabrlanuvchilar, gumon qilinuvchilar va ayblanuvchilar ishtirokidagi tergov harakatlari (so‘roq, shaxslarni va narsalarni tanib olish, yuzlashtirish) ular turgan joydagi yoki yashash joyidagi viloyat yoki tuman (shahar) ning huquqni muhofaza qiluvchi organiga yoki sudiga chaqirgan, texnik vositalardan foydalangan holda videokonferensaloqa rejimida o‘tkazilishi mumkin. Videokonferensaloqa jarayonida tergov harakati ishtirokchilari tergov harakati jarayoni va natijalarini to‘g‘ridan-to‘g‘ri translyasiya orqali bevosita kuzatib boradi.

Tergov harakatlarini videokonferensaloqa rejimida o‘tkazish to‘g‘risidagi qaror surishtiruvchi, tergovchi, prokuror yoki sud tomonidan o‘z tashabbusi bilan yoxud jinoyat protsessi ishtirokchilarining iltimosnomasiga ko‘ra qabul qilinadi.

Qonunchilikka muvofiq, shaxsning jinoyat ishini tergov qilayotgan organga yoki tergov harakati o‘tkazilayotgan joyga sog‘lig‘ining holatiga yoki boshqa sabablarga ko‘ra bevosita kelish imkoniyati bo‘lmaganda, jinoyat protsessi ishtirokchilarining xavfsizligini ta’minlash zarurati tug‘ilganda hamda kechiktirib bo‘lmaydigan tergov harakatlari o‘tkazilishi lozim bo‘lganda tergov harakatlari videokonferensaloqa rejimida o‘tkaziladi. Shuningdek, tergov harakatini o‘tkazish qiyinlashishi yoki ortiqcha xarajatlar keltirib chiqarishi mumkinligi haqida asosli sabablar mavjud bo‘lganda mazkur amaliyot qo‘llaniladi.

Ta’kidlash joiz, muayyan tergov harakatini videokonferensaloqa rejimida o‘tkazish haqida surishtiruvchi, tergovchi, prokuror yoki sud jinoyat protsessining muayyan ishtirokchisini chaqirtirishni va tergov harakatini videokonferensaloqa rejimida o‘tkazishni tashkil etishni so‘rab surishtiruv va dastlabki tergov harkatlarini olib borish vakolatiga ega bo‘lgan organga topshiriq yuboradi. Tergov harakatini videokonferensaloqa rejimida o‘tkazish uchun axborot kommunikatsiya sohasida zarur malaka va bilimga ega bo‘lgan mutaxassislar jalb qilinishi mumkin.

Tergov harakatining bayonnomasi surishtiruvchi, tergovchi, prokuror yoki sud va topshiriqni bajaruvchi mansabdor shaxs tomonidan tuziladi. Videokonferensaloqa materiallari bayonnomaga qo‘shib qo‘yiladi.

Videokonferensaloqa rejimida o‘tkazilgan tergov harakati bayonnomasi surishtiruvchi, tergovchi, prokuror yoki sud, topshiriqni bajarayotgan mansabdor shaxs hamda tergov harakatining boshqa ishtirokchilari tomonidan imzolanadi. Topshiriqni bajarayotgan mansabdor shaxs tomonidan tuzilgan bayonnoma surishtiruvchiga, tergovchiga, prokurorga yoki sudga yuboriladi.

Qonun bilan voyaga yetmagan guvoh va jabrlanuvchilarni so‘roq qilishning o‘ziga xos jihatlari huquqiy jihatdan takomillashtirildi.

Ya’ni, endilikda jinsiy erkinlikka qarshi, o‘n sakkiz yoshga to‘lmagan shaxslar savdosiga oid jinoyat ishlari bo‘yicha voyaga yetmagan guvohni yoki jabrlanuvchini so‘roq qilish, agar buni odil sudlovning yoki voyaga yetmagan shaxsning manfaatlari talab etsa, stenografiya, videokuzatuv, shuningdek audio va video qayd etish tizimlari bilan jihozlangan maxsus xonada qonuniy vakil, pedagog yoki psixolog ishtirokida o‘tkazilishi mumkin. Zarur bo‘lgan hollarda, himoyachi, voyaga yetmagan shaxsning qonuniy vakili, pedagog yoki psixolog savollarni surishtiruvchining, tergovchining, prokurorning yoki sudning ruxsati bilan qayta tuzish huquqiga ega, bunda savollarning mohiyati o‘zgartirilmasligi belgilandi.

Qonunchilikka kiritilgan bu o‘zgartirishlar jinoyat protsessida fuqarolarning huquq va erkinlikarini ta’minlashga huquqiy asos bo‘lib xizmat qiladi.

Sherzod To‘xtashev,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring