Erdo‘g‘on Netanyahuning Eronga hujumdan ko‘zlagan maqsadini ochiqladi

Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahuning Eronga hujum uyushtirishdan ko‘zlagan asosiy maqsadi xalqaro hamjamiyat e’tiborini G‘azodagi genotsiddan chalg‘itishdir, deb hisoblaydi Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘on.
Turkiya yetakchisi bu haqda Kuvayt amiri Shayx Mish’al as-Saboh bilan telefon orqali muloqotda ta’kidlagan.
Erdo‘g‘on Isroilning Eronga qarshi hujumi mintaqa xavfsizligiga katta tahdid ekani, yadro dasturi muammosini diplomatik muzokara yo‘li bilan hal etish lozimligini qayd etgan.
Muloqot davomida G‘azo sektorida davom etayotgan xunrezlik yana bir karra qoralangan.
13 iyun tongida Isroil armiyasi tomonidan Eron hududiga hujum uyushtirilgani ortidan Tel-Aviv va Tehron amalda real urush holatida qolmoqda.
Sharqshunos Ruslan Sulaymonov ham Germaniyaning DW radiosiga bergan intervyusida Isroilning hujumidan ko‘zlangan maqsad dunyo hamjamiyati e’tiborini G‘azo sektoridan boshqa hududga yo‘naltirish degan fikrni ilgari surgan.
“So‘nggi vaqtlarda (Fransiya prezidenti Emmanyuel) Makron, (Germaniya kansleri Fridrix) Mers va yevropalik boshqa siyosatdonlar G‘azoda ko‘p sonli tinch aholi vakillari o‘limi sabab Netanyahuni ochiq tanqid qila boshlagan edi. Endilikda bu (G‘azo masalasi nazarda tutilmoqda – tahr.) kun tartibidan tushdi. Shubhasiz, bu vaziyatdan eng ko‘p foyda ko‘rayotgan shaxs Netanyahudir”, – deydi Ruslan Sulaymonov.
Ekspertning fikricha, Isroil bosh vaziri G‘azo sektoridagi harakatlari sabab tanqidlar kuchaygan paytda vaziyatni beqarorlashtirish usulidan avval ham foydalangan.
Netanyahu Eronga qarshi harbiy amaliyot boshlar ekan, Tehron yadro quroli yaratishga juda yaqin kelib qolganini iddao qilgan. Eron rahbariyati bu iddaoni rad etib, tinch maqsadga qaratilgan yadro dasturiga ega bo‘lish uning suveren huquqini ekanini aytmoqda.
Yaqin Sharq bo‘yicha mutaxassis, siyosiy fanlar doktori Ori Goldberg “Al-Jazira” nashrida chop etilgan maqolasida Tel-Avivning Tehron yadro quroli yaratishga yaqin qolgani haqidagi da’vosini tasdiqlovchi biror dalil yo‘qligiga e’tibor qaratgan.
Ori Goldberg ham Eronga qarshi amaliyot sababi sifatida “dunyo diqqat-e’tiborini G‘azodagi misli ko‘rilmagan og‘ir vaziyatdan chalg‘itish”ni ko‘rsatgan.
“G‘azodagi genotsid urushi fonida Netanyahu ma’muriyati (vaziyatdan chiqish uchun) variantlar tugayotganini yaxshi bilar edi. Binobarin, xalqaro hamjamiyat, shuningdek, mintaqaviy ittifoqchilar ham Isroilni ochiq tanqid qilishga tushgandi. Ayrim davlatlar bir tomonlama choralar ko‘rishga, jumladan, Falastin davlatini tan olishga hozirlik ko‘rayotgandi... (Eronga qarshi urush) Isroilning dunyoni o‘z atrofida birlashtirishga qaratilgan urinishidir. Bu esa Isroil davlati unga berilgan mutlaq jazosizlik vakolatidan mahrum etilayotgan pallaga to‘g‘ri kelmoqda”, – deydi Goldberg.
Siyosatshunos Eronga qarshi urush boshlangach, Netanyahuning ichki muxoliflari ham uni dastaklayotgani, demakki, u maqsadiga yetganini qayd etgan.
Ma’lumot o‘rnida: Isroil Eronga qarshi urush bilan parallel ravishda G‘azo sektoriga hujumlarni ham davom ettirmoqda. Jahon axborot agentliklari xabariga ko‘ra, so‘nggi kunlarda ham G‘azo sektorida yuzlab tinch aholi vakillari halok bo‘ldi. Isroil armiyasi HAMAS harakati hujumiga javoban G‘azoga bostirib kirgan 2023 yil 7 oktyabrdan buyon 55432 nafar falastinlik halok bo‘ldi. Falastin tomoni Isroil–Eron ixtilofi fonida xalqaro hamjamiyat G‘azodagi qurbonlar va gumanitar halokatga e’tibor qaratmayotganidan norozi.
Tel-Aviv va Tehron esa o‘zaro raketa zarbalari berishda davom etmoqda.
Avval xabar berganimizdek, AQSh prezidenti Donald Tramp Eronga yadroviy qurolga ega bo‘lishga urinishdan voz kechish bo‘yicha bitimni imzolash uchun “so‘nggi imkoniyat”ni taklif qilishi kutilmoqda.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter