Erkin un bozori: olti kun saboqlari
Qolipli non narxi muvofiqlashtirilgani munosabati bilan o‘tkazilayotgan press-turning ikkinchi kuni O‘zbekiston Respublikasi tovar-xom ashyo birjasi aksionerlik jamiyatida bo‘lib o‘tdi.
Tadbirning maqsadi ommaviy axborot vositalari va ular orqali keng jamoatchilikni Respublika tovar-xom ashyo birjasida un va g‘alla mahsulotlarini ochiq birja savdolarida sotish uchun yaratilgan sharoitlar bilan yaqindan tanishtirish edi.
G‘allachilikda bozor mexanizmlarini joriy etilishidan ko‘zlangan asosiy maqsad bug‘doy va un narxlari barqarorligini ta’minlash ekanligi yana takrorlandi.
Boshqaruv raisining birinchi o‘rinbosari Zulfiddin Kamolovning ma’lum qilishicha, O‘zbekiston Respublikasi tovar-xom ashyo birjasi unga yuklatilgan vazifa – har ikki tomon, mahsulot sotuvchi va xarid qiluvchini yangi jarayonga moslashtirish yo‘lida qator tadbirlarni amalga oshirgan.
«Bug‘doyni birja orqali samarali sotilishini yo‘lga qo‘yish maqsadida 20 mingdan ortiq fermer o‘qitildi. Ular birjada soddalashtirilgan tartibda, elektron imzo orqali ro‘yxatdan o‘tkazildi va brokerlik idoralariga birkitildi».
Ma’lum bo‘lishicha, birja mutaxassislari tomonidan Savdo-sanoat palatasining qariyb 200 nafar xodimi va fermerlarning 500 dan ortiq buxgalterlari brokerlikka o‘qitilgan va birjada broker sifatida ro‘yxatdan o‘tkazilgan.
Zulfiddin Kamolov bug‘doy mahsulotini birja orqali sotadigan fermerlar birja komission to‘lovlari va garov mablag‘larini kiritish shartlaridan ozod etilganini ta’kidladi.
«Bungacha mamlakatda iste’mol uchun chiqarilgan unning oylik miqdori 140 ming tonnani tashkil etgan bo‘lsa, iyun oyida birja savdolariga 170 ming tonna un mahsulotlari qo‘yiladi» deb aytildi tadbirda.
1-iyundan 7-iyunga qadar, olti kundagi erkin un savdosi saboqlari qanday bo‘ldi? «O‘tgan davrda «O‘zdonmahsulot» AJ tarkibidagi 44 ta korxona tomonidan birja savdosiga 45 ming tonna birinchi navli un qo‘yilgan va ulardan 43,8 ming tonnasi – 97 foiz sotilgan.
Olti kun davomida 1-navli unning bir tonnasi 4 549,3 ming so‘mni tashkil qilgan.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «G‘allani yetishtirish va sotishda bozor tamoyilini joriy etishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qaroriga muvofiq un mahsulotlari joriy yil 1-iyunidan, g‘alla mahsulotlari esa 1-iyuldan boshlab ochiq birja savdolariga qo‘yilishi belgilangan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter