Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Eron Hormuz bo‘g‘ozini minalashtirishga tayyorlanyapti – Reuters

Eron Hormuz bo‘g‘ozini minalashtirishga tayyorlanyapti – Reuters

Eron Isroil bilan harbiy to‘qnashuvning faol bosqichida Fors ko‘rfazida kemalarga dengiz minalarini yuklagan.

Reuters Amerika hukumatidagi manbalarga tayanib, Eron, ehtimol, Hormuz bo‘g‘ozini blokada qilishga tayyorlanayotgan bo‘lishi mumkinligini yozmoqda.

Agentlik, shuningdek, Amerika razvedkasi ma’lumotlariga ko‘ra, minalar Isroil Eron yadroviy dasturi bilan bog‘liq nishonlarga zarba bera boshlaganidan bir necha kun o‘tib kemalarga ortilgani, biroq o‘rnatilmagani haqida yozadi. Shu bilan birga, ularning saqlash joylariga qaytarilgan yoki yo‘qligi ham noma’lum.

Ammo ayrim manbalar Eronning xatti-harakatlari AQSh uchun mo‘ljallangan hiyla ekanligini va Tehron aslida o‘tish joyini to‘sib qo‘yish niyatida emasligini ham istisno etmayapti.

«Eron harbiylari bo‘g‘ozni to‘sib qo‘yish buyrug‘ini kutib, shunchaki tayyorgarlik ko‘rayotgan bo‘lishi mumkin», – deb yozadi Reuters.

Ma’lumot uchun, Hormuz bo‘g‘ozi neftni Fors ko‘rfazi davlatlaridan Osiyo bozorlariga yetkazib berishning asosiy yo‘llaridan biri hisoblanadi. Dunyodagi neftning beshdan bir qismi Hormuz bo‘g‘ozi orqali o‘tadi, uning eng tor nuqtasida eni atigi 40 kilometr. Isroil bilan 12 kunlik urush davomida Eron hukumati mamlakatga qilingan hujumlarga javoban Hormuz bo‘g‘ozini yopishi mumkinligini aytgandi.

Manba: bit.ly

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring