Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

“Esimni tanigan kun” Vatanni ardoqlashga chorlaydi...

“Esimni tanigan kun” Vatanni ardoqlashga chorlaydi...

Shu kunlarda taniqli olim, siyosiy fanlar doktori, professor Qodir Jo‘rayevning “Esimni tanigan kun” to‘plami “Yangi sahifa” nashriyotida bosmadan chiqdi. Kitobdan qirqqa yaqin hikoyalar, tarjimalar, badiiy-publitsistik ocherk va maqolalar o‘rin olgan.

“Esimni tanigan kun”, “Onamning qarg‘ishi”, “Bobomning so‘nggi nasihati”, “Eng qudratli tuyg‘u”, “Ko‘r-soqovlar ishi” hikoyalarida muallif hayotda o‘zi duch kelgan eng og‘riqli nuqtalar va hayajonli voqealar haqida kuyunchaklik bilan yozadi.

Q. Jo‘rayev bu dunyo hamonki, boqiy bir makon emas ekan, yashamoqning asl mazmun-mohiyatini o‘zlikni teranroq anglash, imkon qadar boshqalarga yaxshilik qilish, yoshlarga samimiy g‘amxo‘rlik, keksalaraga doimiy e’tibor ko‘rsatish ekani haqida tugal xulosaga keladi.

Olimning vijdon qo‘ng‘irog‘i jarangdor bong urib, mudroq jamiyatni uyg‘oqlikka chorlaydi, har qanday adolatsizliklarga qarshi qat’iy bilan kurashish zarurligini uqtiradi. Uning nazdida, ustozlik sharafi faqat talabaga bilim va ko‘nikmalarni o‘rgatishgina emas, balki bolalar qalbini bog‘bon kabi tarbiyalab, insoniylik mas’uliyati va burchiga sadoqat saqlab qolish tuyg‘ularini ham kamol topshirishda ekanini ta’kidlaydi.

“Fransuz do‘stimdan olgan saboq” hikoyasida muallif o‘zining Parijga tashrifi chog‘ida fransuz elining ona tabiatga katta e’tibori va yuksak ekologik madaniyatidan olgan ibrati-sabog‘i bir umr esidan chiqarmasligini misol sifatida keltiradi.

“O‘ttiz yillik azob-uqubat”da esa qattol sho‘rolar tuzumining adolatsiz tartiblari sababli Usmon ismli yigit boshiga tushgan ayanchli qismatni titroq ila qalamga oladi. 1925 yilda Germaniyada tahsil olishga yuborilgan o‘smir yigit, olmon diyorida ta’lim olayotgan barcha taraqqiyparvar yoshlarimiz qatori shoshilinch tarzda ortga qaytariladi. Rejalari butkul o‘zgarib ketgan yigit 1931 yili Toshkentdagi pedagogika bilim yurtida o‘qib, 1933-38 yillar davomida o‘rta maktab va Buxoro pedagogika institutida nemis tilidan dars beradi.

Ammo shunga ham qaramay, uni davlat organlari bir kun bo‘lsin, tinch qo‘yishmaydi. 1938 yil 13 yanvar kuni to‘satdan ish joyidan qo‘liga kishan solib, Samarqandga olib ketishadi. Aksilinqilobiy unsur, xorijiy razvedkaga yollangan xiyonatkor sifatida og‘ir qiynoqqa solinadi. Sakkiz sutka tik oyoqda turg‘izib, aqldan ozish darajasiga olib borishadi. Tergovchilar unga o‘zlari yozgan tuhmat-bo‘hton hujjatlarni imzolatib oladilar. Shundan so‘ng “ish”ni harbiy tribunalga yo‘llashadi. Tribunal dalil yetishmagani sababli mahbusni ortga qaytargach, yana ikki yil davomida Samarqand turmasida yotadi.

“1940 yil Moskvada menga 8 yillik mehnat tuzatish lageriga yo‘llash jazosini belgilashdi. Jazoni Magadan viloyatidagi Dalstroy lagerida o‘tab, 1946 yil lagerdan bo‘shatildim. Ammo, to‘liq ozod bo‘lmadim. Vatanimga qaytishimga ruxsat berishmadi. 1957 yilda Buxoroga qaytdim. Biroq o‘tgan yillar davomida tahqir, nohaqlik va azoblar ortida ma’nan o‘ldirilgan insonga aylandim”, deb yozadi Moskvaga yozgan murojaatnomasida Usmon. Begunoh inson faqat 1958 yilga kelibgina oqlanadi va shu tariqa 35 yillik umri ko‘kka sovuriladi.

Muallif adolat sindirilgan, insonga adoqsiz pushaymonlik va afsuslar keltiradigan, odamlar taqdirini chang-g‘uborga to‘ldiradigan va fojiaga aylantiradigan davlatning bunchalar salbiy rolini insoniyatga qaratilgan chinakam jinoyat deb baholaydi.    

Bundan tashqari, “Mening onam – bo‘ri”, “Vidolashgani kelgan fillar”, “Talabsho bobo va ayiqqiz Mariya”, “Bir asrlik og‘riq”, “Qaldirg‘och haqida esse”  kabi hikoya va publitsistik ocherklarda agar olamda haqiqiy mehr-muhabbat va sabr-toqat bo‘lsa, inson bilan hayvonot va nabotot dunyosi o‘rtasida ham to‘g‘ridan to‘g‘ri muloqot o‘rnatish mumkinligi targ‘ib qilinadi. Bunday ezgu g‘oyalar Juma Jumayev, Entoni Lourens, Talabsho singari qahramonlar timsolida qiziqarli ochib beriladi.  

Qodir Jo‘rayev atoqli fransuz adibi Gi de Mopassanning “Marjon”, rus yozuvchisi Irina Samarinaning “Farishtalar mudom yoningda”, amerikalik adibi Elizabet Ballardning “Teddi yozgan maktublar” hikoyalarini fransuz, ingliz rus tillaridan mahorat bilan tarjima qilgan.

Uning Fransiya davlatchiligi borasida yoqlagan doktorlik ilmiy ishi, xalqaro munosabatlar sohasida rus va ingliz tillaridan talabalarga 30 yildan buyon saboqlar berib kelayotgani, xorijiy tilni bilish borasidagi professional mahoratini charxlagan. Albatta bu salohiyat uning kelgusida ko‘plab qissa va romanlarni ham o‘zbek tiliga tarjima qilish imkoniyati yetarli ekanidan ishora beradi.  

Undan keyingi badiiy-publitsistik ocherklar va maqolalarda professor, taniqli diplomat Saidmuxtor Saidqosimov, O‘zbekiston xalq baxshisi Shomurod Tog‘ayev, tarix fanlari doktori, professor Rahmon Farmonov hayoti va faoliyati haqida so‘z yuritadi.

“Ibn Battutaning Vobkent va Buxoro haqidagi bitiklari”, “Muqaddas bitikni o‘g‘irlagan noshudlar” tarixiy-publitsistik ocherklarida esa o‘zi kamol topgan viloyatdagi ko‘hna qadamjolar tarixini puxta tahlil qilishga urinadi. “Fuji va Hazrati Sulton” qiyoslama maqolasida sayyohlik borasida yaponlarning ilg‘or tajribasini, o‘rganishimiz kerak bo‘lgan jihatlar talay ekanini, kuzatilayotgan oqsoqliklarni bartaraf etish zarurligini tilga olinadi.

Muallifning hayotning har bir ibratli lahzasidan hayratlanish fazilati qat’iyatli jurnalistlarga xos bo‘lgan oqimga ko‘nikmaslik mavqei bilan uyg‘unlashib ketadi. To‘plamning butun mazmun ko‘lami yagona o‘q ildiz-chiziqda – har bir insonning Vatan taqdiri uchun befarq bo‘lmaslik, har kuni oriyat va g‘urur jangiga otlanish da’vati bilan kechadi. Go‘yo bir qarashda mayda, e’tiborsiz ko‘ringan muammolar Q. Jo‘rayevning bezovta ruhi va umumbashariy tafakkur prizmasida ko‘lamdor masalaga aylanadi.

Yozilish tili ravonligi, mantiqiy izchilligi tugalligi, mavzular rang-barangligi va hayotiy syujetlarga boyligi sababli kitob bir nafasda o‘qiladi. Muallifning zukko qiyofasida jamiyatda sokin yurgan, lekin qat’iy ijtimoiy pozitsiyasiga ega bo‘lgan, doimiy kurashuvchan inson obrazi paydo bo‘lgan. Kitob keng omma uchun mo‘ljallangan.

Laziz Rahmatov,
Siyosiy fanlari bo‘yicha falsafa doktori,
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring