E’tiborli bo‘ling, «hojatbarorlar»ga chuv tushmang!

Shu kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda mobil qurilmalarni IMEI tizimidan ro‘yxatdan o‘tkazishda muammolar ko‘paygani haqida ma’lumotlar paydo bo‘ldi. Unga ko‘ra, mobil qurilmani yurtimizga olib kirishda bojxona deklaratsiyasidan o‘tkazishni unutganlar va birinchi marta eSIM faollashtirganlarda ushbu muammo kuzatilgan. Natijada “Malika” bozorida IMEI kodni “noqonuniy” faollashtirish narxi 30-40 dollardan 250 dollarga qadar ko‘tarilib ketgani aytilmoqda.
Xabar.uz axborot tahliliy portali vaziyatni o‘rganish uchun “O‘zbekiston telekommunikatsiya tarmoqlarini boshqarish respublika markazi” davlat unitar korxonasiga murojaat qildi.
Yuzaga kelgan holat muammomi?
“O‘zbekiston telekommunikatsiya tarmoqlarini boshqarish respublika markazi” DUK direktori o‘rinbosari Bahrom Ziyayev tomonidan ma’lum qilinishicha, mobil qurilmalarni ro‘yxatdan o‘tkazish tartibi 100 foiz raqamlashtirilgani va shaffof bo‘lishi qora bozorda muammolarni yuzaga keltirdi.
– Yurtimizda barcha sohalarda bo‘lgani singari IMEI tizimi ham to‘liq raqamlashtirildi. Shu sababli hozirgi vaqtga qadar soyada bo‘lib kelgan aylanmalar yuzaga chiqib, chegaradan noqonuniy olib o‘tilgan qurilmalarni soxta ma’lumotlar asosida ro‘yxatga olish urinishlari oldi olindi.
Gap shundaki, ilgari tizim shunchaki fuqaro chegarani kesib o‘tgan yoki o‘tmaganini tekshirar va mobil qurilmani ro‘yxatdan o‘tkazishga ruxsat berar edi. Endilikda tizim to‘liq raqamlashgan, bojxona bilan integratsiyalashgan va faqat bojxona deklaratsiyasida ko‘rsatilgan qurilmalarni belgilangan me’yor asosida davlat bojini to‘lamasdan ro‘yxatdan o‘tkazish mumkin.
Belgilangan tartib asosida jismoniy shaxslar o‘zi foydalanishi uchun 1 000 AQSh dollarigacha narxdagi mobil qurilmani yurtimizga olib kirsa, hech qanday boj to‘lamaydi. Faqat buning uchun mahsulotni yurtimizga olib kirish asnosida uni bojxona deklaratsiyasida ko‘rsatishlari lozim bo‘ladi.
Tadbirkorlar importni amalga oshirgan taqdirda esa, mahsulotga 12 foiz QQS va 5 foiz boj to‘lashlari kerak. Mana shu ikki holatda qurilmani IMEI ro‘yxatdan o‘tkazishda hech qanday muammoga duch kelinmaydi.
Aksincha, bo‘lgan holatlarda esa Davlat bojxona qo‘mitasi saytiga kirib, qurilmani ro‘yxatdan o‘tkazish va 30 foiz qiymatda boj to‘lashlariga to‘g‘ri keladi.
– “Malika” bozorida noqonuniy tarzda mobil qurilmani IMEI ro‘yxatdan o‘tkazish mumkinmi?
– Yo‘q, umuman mumkin emas. Aslida “Malika” bozoridagi o‘sha 250 dollarga IMEI kod olib berayotgan sotuvchilar ham shunchaki fuqarolarning xabarsizligidan foydalanishmoqda. Ya’ni, ular Davlat bojxona qo‘mitasi sayti orqali qurilmani qonuniy ravishda ro‘yxatdan o‘tkazib, mijozning pulini olishadi. Faqat o‘z xizmat haqlarini ham ustiga qo‘ygan holatda. Aslida har bir fuqaro bu xizmatdan bemalol foydalanishi mumkin. Buning uchun bozorga borish ham shart emas, shunchaki https://imei.customs.uz saytida ro‘yxatdan o‘tib, tegishli to‘lovlarni amalga oshirishsa bo‘lgani.
Iste’molchilar mobil qurilmalarni xarid qilganida uning barcha IMEI kodlarini ro‘yxatdan o‘tkazilganini tekshirib olishlari maqsadga muvofiq bo‘ladi. O‘zlari bilan chet eldan xarid qilib olib kelinayotgan mobil qurilmalarni esa respublikamiz hududiga kirib kelishda bojxona deklaratsiyasini to‘ldirilishi “Malika”dagi soxta operatorlar xizmatidan foydalanmaslik va o‘z mablag‘larini behuda sarflanishi oldi olinadi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter