Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Falastin uchun tarixiy kun

Falastin uchun tarixiy kun

Falastinning BMTdagi vakili Riyoz Mansur.

Foto: Reuters

BMT Bosh assambleyasining 79-sessiyasi ochilishi Falastin uchun muhim kun sifatida tarixga muhrlandi: Falastinning xalqaro tashkilotdagi maqomi bir pog‘ona ko‘tarildi, deb xabar berdi TRT.

Falastinning BMTdagi doimiy vakili Riyoz Mansur ilk bor Shri-Lanka va Sudan vakillari o‘rtasida, oldingi qatorda o‘tirdi. Hozirga qadar u asosiy qatorlarda emas, zalning orqa qismida o‘tirgan.

Diplomat bu hodisani BMTning to‘laqonli a’zosi bo‘lish yo‘lida muhim qadam ekanini ta’kidlagan.

Falastinning BMTdagi maqomi ko‘tarilishi Bosh assambleyaning joriy yil 10 maydagi rezolyusiyasi ortidan ro‘y berdi.

Falastin ayni paytda BMTda doimiy kuzatuvchi davlat maqomiga ega. Bu maqom egasi tashkilotning barcha majlislarida qatnashsa-da, asosiy tuzilmalarda ovoz berish huquqidan mahrumdir.

Joriy yil aprel oyida BMT Xavfsizlik kengashida Falastinning xalqaro tashkilotga to‘laqonli a’zoligi to‘g‘risida rezolyusiya loyihasi yuzasidan ovoz berish o‘tkazilgandi. Xavfsizlik kengashining 12 a’zosi hujjatni yoqlab ovoz bergan bo‘lsa, Buyuk Britaniya va Shveysariya betaraf qolgan. Birgina AQSh veto huquqidan foydalangan holda rezolyusiya loyihasini yo‘qqa chiqargan.

Hozirga qadar BMTga a’zo 193 davlatdan 145 tasi Falastinni davlat sifatida tan olgan.

Tahlilchilarga ko‘ra, mustaqil Falastin davlati tuzish g‘oyasiga tish-tirnog‘i bilan qarshi chiqayotgan Isroil ma’muriyati BMTga to‘laqonli a’zo bo‘lish yo‘lidagi urinishlarni ham AQSh ko‘magida yo‘qqa chiqarib kelmoqda.

Avval xabar berganimizdek, joriy yil 18 iyul kuni Isroil parlamentida ko‘pchilik ovoz bilan Falastin davlati tashkil etilishini rad etuvchi qaror qabul qilindi. Knesset qaroriga xalqaro tashkilotlar yetakchilari, jumladan, BMT bosh kotibi Antoniu Guterrish e’tiroz bildirdi. Bosh kotib ta’kidicha, 1967 yilgi chegaralarda, poytaxtlari Quddus bo‘lgan mustaqil, suveren va demokratik ikki davlat mavjudligi mintaqada barqarorlik o‘rnatishning yagona oqilona yo‘li sanaladi. 

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring