Qamalda qolgan uch yoshli qizaloq
Bu qizchani erkaklar olomonida payqash qiyin.
Askarlar qamalga olingan erkaklarni yechintirib, kameraga qarashga majbur qilishdi. Ular orasida keksalar va birgina qizcha ham bor edi.
BBC prodyuseri suratdagi kichkina qizni payqadi, u uzoqqa qarab turardi. Ehtimol, uning e’tiborini kimdir yoki nimadir tortgandir. Balki shunchaki askarlarning qurollariga qarashni xohlamayotgandir.
Harbiylar odamlarni to‘xtatib, ular orasida qurol-yarog‘, hujjat va HAMAS bilan aloqador bo‘lishi mumkin bo‘lgan har qanday belgilarni tekshirishgan.
Qizchaning yuz ifodasi juda ko‘p savollar tug‘diradigan tafsilotdir.
Birinchidan, u kim? Unga nima bo‘ldi? Surat bir hafta oldin olingan.
Bir hafta ichida yuzlab odamlar halok bo‘ldi, ko‘plar yaralandi va minglab odamlar o‘z uylarini tashlab ketishdi. Bolalar havo hujumlari oqibatida vayronalar ostida qoldi yoki davolanish uchun dori-darmonlar yoki tibbiyot xodimlari yo‘qligi sababli halok bo‘ldi.
OAV vakillariga G‘azoga kirishiga Isroil ruxsat bermaydi, shuning uchun nashrlar mustaqil jurnalistlarning tarmog‘iga bog‘lanib qolgan. Shimoldagi gumanitar tashkilotlariga yordam so‘rab murojaat qilindi va 48 soatdan keyin javob keldi. Telefondagi xabarda: «Biz uni topdik!»
Julia Abu Varda, uch yoshda va u tirik. Jabaliya shahrida Julia otasi, bobosi va onasi bilan birga edi.
Oxirgi 21 kun ichida oila besh marta boshqa joyga ko‘chirilgan. Har safar ular havo hujumlari va otishmalardan qochib ketishgan.
Suratga olingan kuni ular Isroilning havo xujumidan evakuatsiya haqida ogohlantirishni eshitdilar.
Bu Al-Xaluf hududida edi, u yerda qurolli kuchlar HAMASga qarshi oldinga siljigan.
«Tasodifiy hujumlar bo‘ldi. Biz Jabaliya qochqinlar lageri markaziga, nazorat punktiga borishga qaror qildi»”, – deydi Muhammad, qizning otasi.
Oila kiyim-kechaklari, bir nechta konserva va shaxsiy buyumlarini olib ketishdi.
Avvaliga hamma birga edi. Julianing otasi, onasi Amal, 15 oylik ukasi Hamza, bobosi, ikki amakisi va amakivachchasi.
Ammo tartibsizlikda Muhammad va Julia boshqalardan ajralishga majbur bo‘lishdi.
Ota va qiz nihoyat odamlar oqimi bilan yurishga majbur bo‘lishdi. Ko‘chalar o‘lim hidiga to‘lgan. «Biz vayron bo‘lgan binolar va jasadlar yerga sochilganini ko‘rdik», – dedi Muhammad. Julianing bu daxshatliklarni ko‘rishiga to‘sqinlik qilishning iloji yo‘q edi. Bir yildan ortiq davom etgan urushda bolalar zo‘ravonlik va jasadlarni ko‘rishga o‘rganib qolishdi.
Guruh Isroil nazorat punktiga yetib keldi.
«Tanklarda askarlar bor edi. Ular odamlarga yaqinlashib, boshlari ustidan o‘q otishni boshladilar. Otishma paytida odamlar bir-birlarini itarib yuborishgan».
Erkaklar ustki kiyimlarini yechishga majburlanganlar. Bu maxfiy qurollar, bombalarni qidirishdagi keng tarqalgan amaliyot. Muhammadning aytishicha, ular nazorat punktida 6-7 soat ushlab turilgan. Suratda Julia xotirjam ko‘rinardi. Ammo otasi keyinchalik uning azobini esladi.
Oila yana birlashdi. Ko‘chirilgan odamlar kichik joylarda to‘planib qolishgan. Shuning uchun G‘azo shahrida yangiliklar tez tarqaladi. Julia uni sevadigan odamlar tomonidan taskin topdi.
Keyin Muhammad Julianing Jabaliyadan G‘azo shahriga yetib kelgunga qadar kechirgan chuqur jarohatlari haqida gapirib berdi. Uning sevimli amakivachchasi bor edi. Uning ismi Yahyo, u yetti yoshda edi. Taxminan ikki hafta oldin Yahyo ko‘chada edi, isroilliklar uchuvchisiz samolyotdan hujum uyushtirgan. Bola o‘ldirilgan.
«Ilgari hayot oddiy edi. Julia yugurib, o‘ynab yurardi», — dedi u. — «Ammo hozir, otishma boshlanganda, u osmonga tikiladi va dronlarga ishora qilib, yig‘laydi».
BMT bolalar agentligi UNICEF ma’lumotlariga ko‘ra, urush paytida 14 ming bola halok bo‘lgan.
UNICEF vakili Jonatan Krixxning ta’kidlashicha, kun sayin bolalar o‘zlari boshlamagan urushning badalini to‘lashmoqda. Shuningdek, bolalarning aksariyati dahshatli sharoitlarda yaqinlarini yo‘qotgan.
BMT hisob-kitoblariga ko‘ra, G‘azo sektoridagi deyarli barcha bolalar (ular bir milliondan oshiq) ruhiy salomatlik yordamiga muhtoj.
Julianing nimani ko‘rgani va yo‘qotgani, qayerda tuzoqqa tushgani haqida o‘ylansa, uni omadli deb atash qiyin. Keyinchalik uning orzulari va xotiralarida nima aks etishini kim biladi. Endi u kichikligiga qaramay, hayot birdaniga dahshatli tarzda tugashi mumkinligini biladi.
Uning birgina baxti — havo hujumlari, otishmalar, ochlik va kasalliklarga qaramay, uni himoya qilish uchun hamma narsaga tayyor oilasi borligida.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter