Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Falastinning BMTga a’zoligi bo‘yicha rezolyusiya: qaysi davlatlar qarshi ovoz berdi?

Falastinning BMTga a’zoligi bo‘yicha rezolyusiya: qaysi davlatlar qarshi ovoz berdi?

Foto: BMT

10 may kuni BMT Bosh assambleyasining navbatdagi tashqari yig‘ilishida Falastinning xalqaro tashkilotga to‘laqonli a’zoligi ko‘zda tutilgan rezolyusiya ovozga qo‘yildi.

Hujjatni 143 davlat, jumladan, O‘zbekiston qo‘llab-quvvatladi. 25 ta davlat ovoz berishdan tiyildi. AQSh, Argentina, Chexiya, Vengriya, Isroil kabi 9 ta davlat hujjatga qarshi ovoz berdi.

Ko‘pchilik ovoz bilan ma’qullangan rezolyusiyaga asosan BMT Bosh assambleyasi Xavfsizlik kengashiga Falastinni tashkilotga to‘laqonli a’zo sifatida qabul qilish va unga qo‘shimcha huquqlar berishni tavsiya etgan.

Hujjatda ta’kidlanishicha, Falastin BMT Ustavining 4-moddasiga asosan to‘laqonli a’zolik mezonlariga javob beradi. Shunga muvofiq u BMT a’zoligiga qabul qilinishi kerak. Bosh assambleya Falastinga istisno tariqasida xalqaro tashkilot tuzilmalarida ishtirok etish huquqini berish lozim deb hisoblaydi.

Hujjatda Isroilning Falastin hududlarini bosib olish bilan bog‘liq 1967 yilda boshlangan kampaniyasini to‘xtatish borasida harakatlarni kuchaytirish kerakligi ham uqtirilgan.

Davlatlarning BMTga a’zoligini hal etish vakolati BMT Bosh assambleyasi emas, balki Xavfsizlik kengashiga tegishlidir. Shu bois Assambleya Kengashga tavsiya yo‘llamoqda.

Avval xabar berganimizdek, joriy yil 18 aprel kuni BMT Xavfsizlik kengashida Falastinning BMTga to‘laqonli a’zoligi to‘g‘risida rezolyusiya loyihasi yuzasidan ovoz berish o‘tkazilgan edi. O‘shanda Xavfsizlik kengashining 12 a’zosi hujjatni yoqlab ovoz berdi. Buyuk Britaniya va Shveysariya betaraf qoldi. Birgina AQSh veto huquqidan foydalangan holda rezolyusiya loyihasini yo‘qqa chiqardi.

Mustaqil Falastin davlati tuzish g‘oyasiga tish-tirnog‘i bilan qarshi chiqayotgan Isroil ma’muriyati BMTga to‘laqonli a’zo bo‘lish yo‘lidagi urinishlarni ham AQSh kabi ittifoqchilari ko‘magida yo‘qqa chiqarib kelmoqda. 2011 yilda bo‘lib o‘tgan ovoz berishda ham shunday holat kuzatilgan edi.

2012 yil 29 noyabr kuni BMT Bosh assambleyasi Falastinga kuzatuvchi davlat maqomini berish to‘g‘risidagi rezolyusiyani ma’qullagandi. O‘shanda ham 138 davlat qo‘llab-quvvatlangan hujjatga AQSh qarshi chiqqan edi. Ammo Vashington Bosh assambleyada veto huquqiga ega bo‘lmagani bois hujjat qabul qilingandi.

G‘azo sektorida qirg‘in davom etayotgan bir paytda Falastin ma’muriyati xalqaro hujjatlarda kafolatlangan mustaqil davlat tuzish huquqini talab qilmoqda.

Hozirga qadar BMTga a’zo 193 davlatdan 139 tasi Falastinni mustaqil davlat deb tan olgan.

Yaqin kunlarda Ispaniya, Irlandiya, shuningdek, Malta va Sloveniya Falastin davlatini rasman tan olishi kutilmoqda.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring