Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Farg‘onada tanlovlar haftaligi: 50 km balandlikka uchirilgan sovg‘a (video)

Farg‘onada tanlovlar haftaligi: 50 km balandlikka uchirilgan sovg‘a (video)

Marg‘ilon raqamli texnologiyalar o‘quv markazi yoshlarni AKT dunyosiga jalb etish, kelajak kasblarini egallashlariga yaqindan yordam berish borasida faxrlansa arzigulik yutuqlarini namoyish etmoqda. Zotan, sa’y-harakatlar ortidan erishilgan samaralar o‘sib kelayotgan avlodlarga qanot bag‘ishlashi, o‘z istiqbolini belgilab olishlariga xizmat qiladi. Shu ma’noda Hackathon tanlovi doirasida Ideathon (TATU Farg‘ona filiali bilan hamkorlikda) tanlovi, Robototexnika va kosmosga sayohat dasturi, Kibersport musobaqasidan iborat aql bellashuvlari boshlanib ketgani yangilanishlar, ulkan o‘zgarishlarni boshlab kelishi turgan gap. Farg‘ona viloyati shahar va tumanlarning hammasida, ya’ni 19 ta raqamli texnologiyalar o‘quv markazlari faoliyat olib bormoqda. O‘tgan bir yarim yil mobaynida viloyat bo‘yicha raqamli texnologiyalar o‘quv markazlarida 10000 nafardan ziyod yoshlar ta’lim olishdi. Favqulodda quvonchli natijalarni qo‘lga kiritayotganlar safi ortib bormoqda. Yaqinda Ilhomjon Boltaboyev boshchiligidagi jamoa 171 mln so‘mlik marraga yetishdi. Grafikachi dasturchilarning ham marralari yuqorilab, 2000 dollarga yetib qoldi.

«Kelajakka ishonchli qadam» shiori bilan boshlangan haftalik ochilishiga bag‘ishlangan marosimda so‘zga chiqqan IT park direktori Farhod Ibragimov respublikada va viloyatda «Bir million dasturchi» loyihasi borasida olib borilayotgan ishlarning ahamiyati va navbatdagi vazifalarga, bu yo‘nalishdagi ishlarda farg‘onaliklar tajribasiga alohida to‘xtaldi va viloyatda jahonga bo‘ylaydigan dasturchilar tayyorlashda raqamli texnologiyalar o‘quv markazlari fidoiylariga ulkan muvaffaqiyatlar tiladi.

Viloyat hokimining o‘rinbosari Fayzulla Qosimov viloyatda axborot texnologiyalarini rivojlantirishdek dolzarb ishlarda yordam berayotgan aloqa va telekommunikatsiyalarni rivojlantirish vazirligiga, respublika IT parkiga hokimlik nomidan minnatdorchilik bildirdi va raqamli texnologiyalar o‘quv markazlaridan umid nihoyatda katta ekanligini ta’kidlab o‘tdi.

Marosimda Marg‘ilon raqamli texnologiyalar o‘quv markazi rahbari Bahromjon Jalilov viloyat o‘quv markazlari faoliyati haqida qisqacha axborot berdi.

Shu kuni robototexnika bo‘yicha tanlov o‘tkazilib, g‘oliblar aniqlandi.

Tadbir so‘ngida farg‘onalik yoshlar orasida o‘zgacha iqtidori bilan tanilgan Ziyodullo Butaxonov hamda Iteach Akademy, Royal Taxi, Barkamol avlod jamoalari tayyorlagan sovg‘a – 50 km balandlikka aerostat uchirilgani dillarga ayricha tantanavorlik bag‘ishladi. Tanlovlar qizg‘in davom etmoqda.

Hafiza Salyahova,

«Xabar»ning Farg‘ona viloyatidagi muxbiri

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring