Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

“Feyk” suratdan qonli qotillikkacha yoxud o‘zga yurtdagi Qobiljon nega o‘ldirildi?

“Feyk” suratdan qonli qotillikkacha yoxud o‘zga yurtdagi Qobiljon nega o‘ldirildi?

foto: chatgpt

Ushbu suratni saqlab qo‘yganimga bir oylar bo‘ldi. Boshqa manbalardan ham qidirib ko‘rdim. Hatto bu surat yolg‘on  ma’lumot degan xabarni ham o‘qidim... 

Doimo boshqa xalqlarning O‘zbekiston haqidagi maqolalarini, postlarini, video chiqishlarini kuzatib boraman. Ayniqsa, sayohatchilarning O‘zbekiston va xalqimizning hayot tarzi, milliy ovqatlari, qadriyatlari haqidagi qiziqarli, ijobiy fikrlari millatimga bo‘lgan faxrni oshiradi. Keyinchalik internet menga yurtimiz bilan bog‘liq boshqa mavzularni ham taklif qila boshladi. Ayniqsa, Rossiyada ishlayotgan yurtdoshlarimiz ya’ni muhojirlar bilan bog‘liq targ‘ibot-tashviqotga to‘lib ketgan postlarni, maqolalarni ko‘rib nahotki targ‘ibot postlar yoki maqolalarga bu mamlakatda shunchaki ruxsat berilsa, deb o‘ylab qoldim. Maqolaning boshida ta’kidlaganim saqlab qo‘ygan surat yolg‘on yoki rostmi... bugun bu rasmdan ham ko‘ra xavotirliroq manzaraga duch kelib turibmiz. 

  
Muhojirlardan qo‘rqish kerakligi haqida juda ko‘p postlarni o‘qidim.

Ularni suratini sun’iy intellekt orqali shu qadar qo‘rqinchli va bachkanalashtirganki, har qanday muhojirlar bilan bog‘liq mavzularda bunday suratlarni izoh o‘rnida yoki sarlavhaga olib chiqishi tabiiy hol.

 

To‘g‘ri, muhojirlar bilan bog‘liq jinoiy ishlar ham uchrab turishi rost. Va bu jinoiy ishlar rus mediasida ko‘pirtirilib, vahima bilan taqdim qilinishi ham bor gap. Bu boshqa mavzu...
Kuni kecha nimagadir, boshlang‘ich sinfda o‘qiydigan tojik millatiga mansub o‘quvchini o‘ldirgan o‘smir keysi rus OAVlarida u qadar vahimali tarzda yoritilmayapti.
Yuqorida ko‘rsatganim: “san’at darsida o‘quvchi qizaloq Rossiyaning dushmani churkalar ekanligini chizibdi” xabari, mayli feyk, yolg‘on deylik, lekin shu feyk surat tagiga izoh yozgan ota-onalardagi alamzadalikni nima deb baholash mumkin. Axir ular o‘quvchi tomonidan shunday surat chizilishi mumkinligiga ishonishimiz kerakligini o‘z xatti-harakatlari bilan isbotlamayaptimi? Bu suratni kattalar “bu feyk, yolg‘on, san’at darsida o‘qituvchi bunday topshiriq bermagan bo‘lardi” demayapti, balki, “yashavor qizaloq, qizcha to‘g‘ri qilibdi”, deya izohlarda uni olqishlamoqda, motivatsiya bermoqda.

   

Demak, shunga o‘xshash gaplar oilada ham aytiladi, yosh avlodda boshqa millat vakillariga, muhojirlarga nisbatan nafrat, ayirmachilik uyg‘otadi... Mayli, muhojirlar haqida bunday surat chizilmagan ham deylik, “churka” yozuvini feykligiga, u rasmni qizaloq chizmaganiga ishondik ham deylik. Lekin bugungi voqea feyk emas-ku... Boshlang‘ich sinf o‘quvchisi millati uchun qotillik qurboni bo‘lgani rostku. Bu haqda negadir rus mediasida jimjitlik.

Maqolani yozib tugatish asnosida telegram kanaliga duch keldim. 286 ming nafarga yaqin obunachisi, tasavvur qiling 285 mingdan ortiq odamlar kuzatib boradigan ushbu kanalda pichoqlangan bolakay haqida post qo‘yilgan va uning ustidan ochiqchasiga “lichinka”, “churka” deb mazaxlashgan, kamiga suratiyam ochiq qo‘yilgan bolajonning.

Yanayam achinarlisi, “mamlakat bitta injenerdan, bitta olimdan quruq qoldi”, deb kulgu ostiga olingani. Va eng dahshatlisi, ushbu postga achingan, yig‘laganlardan ham ko‘proq kulguli smayliklarning qo‘yilgani bo‘ldi.

Bu degani o‘sha mazaxlab kulgan kanal egasidan tortib uni qo‘llab-quvvatlayotganlar potensial qotil degani emasmi, bunday kanallar, “muhitlar” qotillikni normallashlirishga yo‘l ochmayaptimi?

 

Hozirgina o‘sha 300 mingga yaqin obunachisi bor kanalda bolakayning qonga botgan videosi joylandi. Yana shunday kesatiqli fikrlar bilan post qo‘yilgan, mazmuni bularning bittaga kamaygani yaxshi bo‘ldi degan ma’noda...

Men san’at darsida qizaloq Rossiyaning dushmanini qanday tasavvur qilasan, degan suratga muhojirlarni pichoq bilan tasvirlangan suratini chizgani yolg‘on ekan, degan xabarning o‘zi feykmasmikan deb o‘ylab qoldim. Gapning ochig‘i qizaloq muhojirlarga katta nafrat bilan o‘sayotganiga va shunday surat chizishga qodirligiga mana shu kanalda yozilgan izohlar orqali ishondim. Xuddi shunday surat chizishga, nafratini pichoq orqali isbotlashga, o‘lgan muhojir bola ustidan kulishga, mazaxlashga tayyor avlod yetishib chiqayotganini ko‘rdim. Bu esa qudratli mamlakatni ich-ichdan yemiradigan eng katta falokatdir. Ayting-ayting, bu millat vaqti kelib muhojirlardan emas, o‘z farzandlaridan qo‘rqadigan, qochgani joy topa olmay qoladigan kunlar kelmasin...

                                                                                                           Barno Sultonova

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring