Frontdan maktublar – «Uch yilda ham borishimiz aniq emas...», «Hozircha sovuq -20...-25 gradus o‘rtasi»
Ikkinchi jahon urushi odamlar hayotiga, o‘y-fikrlari va kundalik turmushiga qanday ta’sir qilganini frontdan kelgan xatlar orqali ham his qilish mumkin.
Frontdan kelgan o‘zbek tilidagi xatlar uch xil alifboda – kirill, lotin va o‘zbek tilining arab alifbosida yozilgan. Kirill va lotin alifbolari aralashtirib yozilgan xatlar ham ko‘p. Qo‘lyozmalarning ayrimlari xotirjamlikda chiroyli dastxat bilan yozilgan bo‘lsa, ba’zilari shoshib bitilgani seziladi.
Frontdagi askarlar oila a’zolarining turmushi, farzandalari haqida qayg‘urishgan. Ular orasida bolalarining yaxshi o‘qishini uzoqdan turib bo‘lsa ham rag‘batlantirayotganlar bor.
Askarlar o‘zlari haqida gazetalarga ham xat yozishgan, hatto she’rlar ijod qilib yo‘llangan maktublar ko‘p. O‘sha vaqtda xatlar qattiq senzura qilingani uchun nashriyotlarga yo‘llangan maktublarning ko‘pida bir xil ruh seziladi.
«Xabar.uz» Ikkinchi jahon urushi qatnashchilarining xatlaridan namunalar taqdim etmoqda.
«Bolalarimdan boxabar bo‘linglar... »
Sevikli qora ko‘zlarga salom.
Men Qizil armiya safida sog‘ va omon xizmat qilib yuribman. Sizlar-chi, sog‘-omonmisizlar, yaratgan Xudoyimdan tilayman – kecha va kunduz sog‘-omon bo‘linglar, duoda bo‘linglar, askarlarni unutmanglar, tez-tez xat yozib turinglar.
Onajon, men sizning nomingizga 24/XII oyida pochta bilan xat yubordim, shuni olganigizdan keyin menga xat yozing.
Yana xat yuboraman, mendan hamma do‘st va qarindoshlarga salom aytinglar, tez-tez xat kutaman, mehribon onajonim, ukajonimning ishlaridan boxabar bo‘lib, ishiga hushyor bo‘ling, bolalarimdan boxabar bo‘linglar yoki akamning uylariga xat yozib yuboringlar.
Salom bilan /imzo/ Sodiqov J.
***
«Magazinlarga qachon borsangiz non, yemish topiladi...»
Sog‘liq salom xati!
Salom yetib ma’lum bo‘lsinkim, men yaxshi ko‘rgan jiyaningiz, Ibrohimov F. tomonidan siz xolajonim Abdiyevaga, dadajonim va onajonimga o‘tkir va qizg‘in salom bo‘lsin. Ukajonlarimizning hammasiga salom bo‘lsin. Mendan xat bormagani uchun xafa bo‘lib yurganlaringizni bilib, ushbu xatni yozishga majbur bo‘ldim.
Bizlar 31 martda Novograd-Valinsk shahridan bir kecha o‘zimiz ham bilmay qolib, vagonga minib jo‘nab qoldik, shunday qilib bir necha sutkadan keyin Vinnitsa degan shaharga kelib qolipmiz. Bu yerda bizlarni va boshqa joydan kelgan askarlardan, 200 ga yaqin kishi, polkovoy shkolaga oldi, shularning ichida biz ham bor. Bizlarga tochni adres bermagani uchun men sizlarga ham yozib o‘tirmadim, bu uchun xafa bo‘lmanglar.
Endi meni ahvolimdan so‘rasangiz yomon emas. Bu joy Novogradga qaraganda ancha yaxshi ekanligi aniq bo‘ldi. Magazinlarga qachon borsangiz non, yemish narsalardan topiladi, ishlar yaxshi.
Faqat ozgina bizlarni 2 yilda borishimiz 1 yilga ortdi, 3 yilda ham aniq emasligi turgan gap. Polkovoy shkolani sentyabr oyida tamom qilib, ishga chiqib ketamiz. Hozir darslar juda qiyin boshqalarga qaraganda ... juda qattiq … bormoqda. Komandir bolasizlar deb har kun 3 soat kundalik zanyatidan zanyatiye o‘tadi. Sog‘ bo‘lsak bir kun ko‘rishib qolarmiz. Bu uchun xafa bo‘lib yurmanglar.
Fayzulla Ibrohimov. 12 aprel, 1941 yil.
***
«Opa, rasmingizni yuboring, sizni sog‘inaman»
Men o‘g‘lingiz Nurmatdan siz mehribon opamga ko‘pdan-ko‘p salom bo‘lsin. Halima singlimga salom bo‘lsin. Tozagul singlimga salom bo‘lsin. Kenjavoy, qaroboy ukamizga ko‘pdan-ko‘p salom bo‘lsin va boshqa meni so‘rovchilarga salom ayting.
Qadrli va qimmatli opa, mening vaqtim xush, jonim sog‘, o‘ynab kulib Belarussiyada dam olishda hozir ham turamiz. Meni o‘zingiz ko‘rgandagidan ham vaqtim xush. Opa, menga ahvollaringizdan xat yozing va shu xatni olishingiz bilan menga o‘zingizning va ukamlarning rasmini, baringiz birga rasmga tushib yuboring. Opa, men siz yuborgan bir dona Rahima opam bilan tushgan rasmingizni hozir ham saqlab yuribman. Opa, qanday bo‘lsa-da rasmingizni yuboring, sizni sog‘inaman. Opa, men Rahima opamlardan hozir tez-tez xat olib turibman, shunung uchun sizlar ham tez-tez xat yozib turing. Xo‘pmi, deb yozuvchi,
Nurmat Sapayev. /imzo/ 1 oktyabr 1944 yil.
***
«Burhon, yaxshi o‘qiganligingni nazarga olib, seni yuz so‘m pul bilan mukofot qilaman»
Salomdan so‘ng men o‘zimning bu tomonda sog‘ va salomat bo‘lib, xizmat etib yurganligimni sizlarga bildirib turib, sizlarning ham Samarqand shahrida sog‘ va salomat bo‘lib ishlab, o‘ynab kulib yurishlaringizni hozirgi og‘ir kunlarning birida tilab yurmoqdaman.
Besh oydan beri xat olmasdan yurib, 27 oktyabrda yozgan xatlaringizni 13 noyabrda, birdaniga sizlardan xat olib shunday xursand bo‘ldimki, he... endi hech qo‘yaveringlar, go‘yoki boshim osmonga yetdi.
Endi birontalaringizning kelishlaringizni to‘g‘risida bo‘lsa, o‘ylab turib, bir oz chatoqroq topdim. Chunki birinchidan, bu yerga kelgandan keyin hammadan asosiysi ovqat topishning o‘zi bir mushkul ish, ya’ni hatto kartoshka, karam knijkaga beriladi hali non u yoqda tursin. Ikkinchidan, «Xudo biladi», bu yerga kelganlaringizcha men bu yerdan ketib qolamanmi yuqoriga qarab. Uchinchidan, bir kunda boradigan yo‘lni poyezd shu kunlar uch kun yuradi.
Shuning uchun ham sizlar ham bu masalani yana bir o‘ylab ko‘ringlaru, agar juda ham kelmoqchi bo‘lsanglar 10–15 kunlik ovqat olib kelmasanglar, ish chatoq. Urush boshlanmagandan burun shu stansiyaga Samarqanddan 2–2,5 kunda kelish mumkin edi. Hozir eng kami 6 kunda kelsa bo‘ladi, bo‘lmasa 8 kun.
Bu sonlarni ko‘rib, keladigan bo‘lsalar ham endi kelmaydigan ham bo‘larlar. Kelinglar, shunisi to‘g‘ri, qo‘yinglar shu foydasiz tashvishlarni. Umrimiz uzoq bo‘lsa, sog‘ va salomat bo‘lsak yaqin orada bir-birlarimizni ko‘rib ketarmiz.
Endi ob-havo to‘g‘risida bo‘lsa, bu yerlar ham Moskva tomon sovuqlaridan qolmaydi. 25 oktyabrdan boshlab qor yog‘a boshladi. Hozircha sovuq -20...-25 gradus o‘rtasida turibdi.
Burhon! Men sening yaxshi o‘qiganligingni ham, o‘qishda hamma jiyanlarimdan o‘tganligingni nazarga olib turib, seni yuz so‘m pul bilan mukofot qilaman va yana ham o‘qishingni a’lo darajada davom ettirishingni tilayman. Men 13 noyabrda uyimizga alohida besh yuz so‘m yuborgan edim. Endi o‘sha pul borib yetsa, onamiz oldilariga borsang, sening yuz so‘mingni beradilar. Men Burhonga yuz so‘mni bersinlar deb telegrammaga yozgan yedim. Shuning bilan so‘zim tamom.
Agar tayyor suratlaringiz bo‘lsa, shu xatning javobi bilan birga yuborishlaringizni so‘rayman.
Katta-kichik hammalaringizga ko‘pdan-ko‘p salom bilan harbiy uchuvchi Nabi. Javobingizni kutib qolaman, ko‘rishguncha xayr.
16 noyabr 1941 yil.
***
«Frontdan salom!»
Assalomu alaykum qadrli ziyolilar, kolxozchilar, ishchilar, aka-singillar!
Men, siz front ortida xizmat qiluvchilarga murojaat qilaman.
Biz frontda bo‘lib turgan shaxsiy tarkib turli millat o‘g‘lonlari o‘z Vatanimizning har bir rayoni, shahri va aholi punktlarini nemis bosqinchilaridan ozod qilayapmiz. Bizning bo‘limimiz bir kunda 4 ta dushman samolyotini urib tushirdi. Bu qisqa janglarda dushman o‘zining bitta «Yunker-87»ni yo‘qotdi. Bizning hisobimizda 17 ta urilgan va 2 ta urib tushirilgan samolyot bor. Kecha qismimiz ofitser-serjantlar va jangchilar umumiy yig‘ilishida ushbu sonni 5 va 40 taga ko‘paytirishimizni kelishib oldik.
Olib borilgan janglarda namuna ko‘rsatgan qismimizning 9 nafar jangchisi Sovet Ittifogining orden va medallari bilan taqdirlandilar. Siz ham front ortida xizmat qilayotgan staxanovchi aka-singillarimiz o‘zlaringizning yutuqlaringiz haqida va frontga qanday yordam qilayotganligingiz haqida bizga yozib yuboring. Siz rahbarimizning 309-buyrug‘ini qanday bajarayotganligingiz haqida ham yozing.
Sizga jangovar salom bilan
Muhitdinov Mixail Saidovich,
javobini kutamiz.
3 noyabr, 1944 yil.
***
«She’rimni gazetaga bostirsangiz...»
Unutilmas O‘zbekistonimning «Qizil O‘zbekiston»imning bosmaxonasiga yozaman. Qadrli redaktor! Sizdan iltimos qilib so‘raymanki, mening ushbu she’rimni «Qizil O‘zbekiston» gazetasining biron joyidan joy berib bostirsangiz, o‘rtoqlarim va do‘stlarim o‘qisinlar.
Ey go‘zal vodiy, go‘zal joy ...
Menga atab gullar terarding.
Ona kabi alla sen avtib
Quyosh bo‘lib meni o‘parding.
Mana bugun jangga yubording
Jang qil deding, yovni qir deding,
Odamzodning odamxo‘rini
Sen yo‘q qilib, tezroq qayt deding.
Meni kutar chamanzor bog‘lar,
Meni kutar go‘zal tabiat.
Meni kutar mehribon ona
Meni kutar ko‘p tanish xona.
Sen ham meni kutarsan qo‘zim,
Seni dedim ko‘ngildan o‘zim.
Bugun yovga otlandi ko‘zim,
Bir qilishga sen bilan tuzim.
Gvardiyachi qizil askar Nurullayev Xayrulla
29 dekabr, 1942 yilda yozilgan
Sizdan yana iltimosim shu, o‘sha gazetadan shu she’r yozilgan joyni yirtib menga yuborsangiz. Chunki, men she’rimni va yozuvimni yaxshilab tekshirolmadim. Askarning gospitalda qanday yotishini o‘zingiz bilasiz.
Xayr, sog‘ bo‘lingiz, deb gvardiyachi qizil askar Nurullayev Xayrulla
Mening adresim: Moskva 40, Bolnitsa im D-ra Botkina 2-yetai, 148-palatka, Nurullayev deb yozingiz.
***
«Bularning barchasini urush davrida talon-taroj qilishgan...»
Sovet Ittifoqi qahramoni Golubenko A.A. – ota-onasiga Germaniyadan Salom!
Assalomu alaykum otajon va onajon. Men tirik va sog‘-salomatman va Sizga ham shuni tilayman. Ayni damda men nemislar yerida Berlindan uzoq bo‘lmagan joydaman. Yashashimiz, ovqatlanishimiz yaxshi. Nemislar bu yerda o‘z jihozlarini tashlab ketishgan, biz xonalarimizni ajoyib jihozlab yashamoqdamiz. Qanaqa narsalar yo‘q deysiz bu yerda, bularning barchasi Rossiyadan, Gollandiyadan, Fransiyadan urush davrida talon-toroj qilingan narsalardir. Bu yerda ob-havo iliq. Marisiya, Inusiya xolalarga, Rukinovaga, Vasyaga, Nyuraga va boshqalarga salom ayting.
Salom bilan gattiq o‘pib qoluvchi Alyosha.
1945 yil, 29 mart.
«O‘zarxiv» agentligi matbuot xizmati bilan hamkorlikda tayyorlandi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter