Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Fuqaro vs mansabdor shaxs: qonun kim tomonda?

Fuqaro vs mansabdor shaxs: qonun kim tomonda?

O‘zbekistonda so‘nggi yillarda olib borilayotgan tizimli islohotlar inson qadrini ulug‘lash, oddiy qilib aytganda, har bir fuqaroning farovon hayot kechirishi uchun imkon qadar ko‘proq qulaylik yaratishga qaratilgan.

Avvallari dodini kimga aytishni bilmagan, amaldorlar oldiga yurak yutib bora olmagan xalqimiz bugun o‘zini tashvishga solayotgan muammolar haqida mutasaddilarga ochiqdan-ochiq gapira oladi, huquq va erkinliklarini yetarli darajada tanib olgan. Konstitutsiyaga kiritilayotgan o‘zgartish va qo‘shimchalar esa bu huquqlar ro‘yxatini yanada kengaytiradi, har qanday vaziyatda Bosh qomusimizga yuzlanish orqali muammolarning qonuniy yechimlarini topish imkoniyatini beradi.  

Xususan, Yangi tahrirdagi Konstitutsiyaning 26-modda, 1-qismida davlat organlari yoki ularning mansabdor shaxslari tomonidan noqonuniy harakat yoki harakatsizlik tufayli shaxsga zarar yetkazilgan taqdirda, bu zarar davlat tomonidan qoplab berilishi belgilanmoqda.

Xo‘sh, bu bizga, ya’ni oddiy fuqarolarga nima beradi? Amaldagi Konstitutsiyaning 43-moddasida «davlat fuqarolarning Konstitutsiya va qonunlarda mustahkamlangan huquqlari va erkinliklarini ta’minlashi» qayd etilgan. Endilikda har bir davlat organi yoki mansabdor shaxs davlatning vakili bo‘lgani va tegishli vakolatlar berilgani uchun, mabodo fuqaroga ular tomonidan zarar yetkazilsa, uni qoplab berish majburiyatini davlat o‘z zimmasiga olishi aniq belgilanadi. Bundan buyog‘iga ushbu normani «aylanib o‘tish» yoki mansabdor shaxs tomonidan o‘z foydasiga «burish»ning iloji yo‘q.

Esingizda bo‘lsa, bundan uch-to‘rt yil oldin ko‘p qavatli turar joylar atrofidagi garajlar yoppasiga buzib tashlangan edi. O‘sha paytda kimlardir garajini arzimagan pul evaziga sotishga ulgurdi, ayrimlar esa, dardi ichida, yetkazilgan moddiy zarar o‘rnini qanday qoplashni bilmay, armonda qoldi. O‘zgarishlar kuchga kirgandan so‘ng mana shu holat yuz beradigan bo‘lsa, fuqarolar tegishli joyga murojaat qilishi va yetkazilgan moddiy zararni davlatdan undirishga haqli. Davlat shu zahoti moddiy zararni qoplab beradi va keyin tegishli mutasaddi tashkilotdan regress tarzida o‘sha mablag‘ni undiradi. Bu yerda ko‘zda tutilayotgan asosiy jihat – fuqarolarning eshikma-eshik sarson bo‘lib yurmasligi, byurokratik to‘siqlardan xalos bo‘lishdir.

Ushbu normaning Konstitutsiyada aks ettirilishi davlat va fuqaro munosabatlarida insonga nisbatan adolatsizlik yoki nohaqlik holatlari yuzaga kelgan holatda, fuqaro roziligi birlamchi ahamiyatga egaligini amalda ko‘rsatadi. O‘z navbatida, odamlarning davlatga bo‘lgan ishonchi ortib, davlat idoralari va mansabdorlar esa qilayotgan har bir ishiga yanada mas’uliyat bilan yondashadi.

 

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring