Fuqarolarning o‘z tasviriga bo‘lgan huquqlari mustahkamlanadi – loyiha

Oxirgi 3 yilda kishiga ma’naviy yoki moddiy zarar yetkazishi mumkin bo‘lgan ma’lumotlarni oshkor etish/shaxsiy hayot daxlsizligini buzishga oid ma’muriy huquqbuzarlik 2,5 baravar, bu boradagi jinoyat ishlari salkam 40foizga oshgan.
Bu haqda Adliya vazirligi Axborot xizmati rahbari Hayot Qilichev ma’lum qildi.
Xususan, kishilar to‘liq yoki qisman yalang‘och bo‘ladigan joylarda ham kuzatuv kameralari o‘rnatilmoqda va ayrim hollarda undagi tasvirlar Internetda tarqatilmoqda.
Masalan, do‘konlarning kiyim almashtirish xonalari, hammomlar, yotoqxonalar, ayrim tibbiyot xonalarida o‘rnatilgan videokuzatuv kameralari ko‘plab e’tirozlarni keltirib chiqarmoqda.
Bu singari holatlarni oldini olish uchun Adliya vazirligi tomonidan amaldagi milliy qonunchilik va 30 ga yaqin xorijiy davlatlar tajribasi o‘rganilib, Fuqarolik kodeksi, Mehnat kodeksi va MJTKga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish bo‘yicha qonun loyihasi ishlab chiqildi.
“Shaxslarning tasvirga bo‘lgan huquqlari himoyasini kuchaytirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi bilan quyidagi tartiblarni o‘rnatish taklif etilmoqda:
- umumiy qoida tariqasida, har qanday kishining foto yoki video tasviridan foydalanish uchun uning roziligi talab qilinadi;
- agar shaxs 16 yoshdan kichik bo‘lsa, uning ota-onasi rozilik beradi.
Quyidagi holatlarda esa tasvirdan foydalanish uchun hech qanday rozilik talab qilinmaydi:
- tasvirdagi kishiga nisbatan qidiruv e’lon qilishda;
- jamoat joylarida, ommaviy tadbirlarda kishini shaxsni tasvirga olishda;
- ma’muriy huquqbuzarlik, jinoyat haqida xabar berishda;
- tasvir uning egasi tomonidan hamma foydalana oladigan ochiq manbalarga, aytaylik, Internetga joylashtirilgan bo‘lsa;
- jamoat tartibini saqlash, xavfsizlikni ta’minlash maqsadida videokuzatuv tizimlari orqali shaxslarni tasvirga olishda.
Shu bilan birga, davlat xizmatchilarini ularning roziligisiz tasvirga olish mumkinligi belgilab ketilmoqda.
Ya’ni, o‘z xizmat vazifasini bajarayotgan davlat xizmatchilarini ulardan so‘ramagan holda rasm, videoga olish va uni tarqatish mumkin bo‘ladi.
Bundan tashqari, kishilar qisman yoki to‘liq kiyimsiz bo‘ladigan joylarda videokuzatuv kameralarini o‘rnatish va shaxslarni tasvirga olish taqiqlanmoqda.
Jamoat joylarida videokuzatuv tizimlari o‘rnatilsa, bu haqda aniq va barchaga tushunarli ogohlantiruvchi belgi o‘rnatilishi shart.
Qonunni qo‘llashda turli talqinga sabab bo‘lmasligi uchun jamoat joyi tushunchasiga ta’rif berilmoqda.
Shuningdek, Mehnat kodeksiga xodimni tasvirga olish, ushbu tasvirlardan foydalanish uchun xodimni oldindan ogohlantirish va roziligini olish tartibi belgilanmoqda.
Loyiha bilan shaxsiy va oilaviy sirlarni tashkil etuvchi axborotni to‘plash yoki tarqatish maqsadida axborotni yashirincha olishga mo‘ljallangan texnika vositalaridan foydalanish uchun ma’muriy javobgarlik belgilanmoqda.
MJTKga ushbu normani kiritish zarurati shundaki, mehmonxonalar, yotoqxonalarga yashirin kameralar o‘rnatilib, kishilarning haddan tashqari shaxsiy sirlarini ularning roziligisiz va xabarisiz to‘plash hollari kuzatilmoqda.
Loyiha aholining fikr va mulohazalarini o‘rganish asosida takomiliga yetkazilib, yuqori turuvchi organlarga kiritiladi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter