G‘aroyib hodisalar: 22 yil g‘oyib bo‘lgan yigit
Bu g‘aroyib hodisa 1753-yil 3 may kuni Sitsiliyaning Takone shaharchasida ro‘y berdi. Qal’ada hayot odatdagiday davom etardi. Alberto Gordoni ism-sharifli kosib el qatori kundalik yumushlar bilan shug‘ullanib, hovlisida kuymalanib yurgandi. Birdaniga u hammaning, jumladan, xotini va graf Zanettining ko‘z o‘ngida g‘oyib bo‘ldi-qoldi. Ta’bir joiz bo‘lsa, quyosh nurida bug‘lanib ketgan tonggi shabnamdek nom-nishonsiz yo‘qoldi.
Hodisa guvohlari avvaliga es-hushlaridan ayrilayozdilar. O‘zlariga kelgach, kosibni izlashga tushishdi. Yon-atrofning tit-pitini chiqarishdi. Foydasi bo‘lmadi, Albertoning o‘zi tugul soch tolasi ham topilmadi.
Nachora, Xudoning qudratiga shak keltirib bo‘lmaydi. Yo‘q narsani bor qilish, harchand urinmasin, xom sut emgan bandasining qo‘lidan kelmaydi. Ammo hayot ko‘z ko‘rib, quloq eshitmagan mo‘’jizalarga, kutilmagan tasodifiy voqealarga nihoyatda boy.
Ana, isboti: oradan roppa-rosa yigirma ikki bahor o‘tib, 1753-yilgi hayratomuz hodisa yana takrorlandi. Aniqrog‘i, Alberto qayerda yo‘qolib qolgan bo‘lsa, xuddi o‘sha joyda paydo bo‘ldi. Bundanam qizig‘i, u zarracha o‘zgarmagan, yurish-turishi, kiyinishi, hatto ko‘rinishi ham 22 yil burungidek o‘sha-o‘sha edi. Holbuki, vaqt degan odil va beshafqat hakam boshqalarga allaqachon o‘z ta’sirini o‘tkazib bo‘lgandi. Albertoning tengqurlari soch-soqollari oqarib, qaddilari bukchaygan, yoshlar esa voyaga yetib, kuch-quvvatga to‘lgandilar.
Tabiiyki, qarindosh-urug‘lari va do‘stlari Albertodan nimalar ro‘y berganini, u shuncha yillar mobaynida qayerlarda daydib yurganini so‘rashdi. «Qiziqmisizlar? – deya ajablandi Alberto. – Men hech joyga ketganim yo‘q, shu yerda edim-ku! Oradan ko‘p emas, bor-yo‘g‘i 5-10 daqiqa o‘tdi-ku!»
Qarabsizki, bu mojaro xunuk yakun topdi. Albertoni g‘irt jinniga chiqarib, savdoyilar uyiga yo‘llashdi. Yetti yozu yetti qish uni hech kim eslamadi. Faqatgina sakkizinchi yili ruhoniy Mario ota yo‘qlab bordi. Bafurja suhbat chog‘i qariyb o‘ttiz yil oldingi voqea tafsilotlarini so‘radi. Alberto yana eski gaplarini takrorladi. «Odamlar ko‘zidan pinhon bo‘lgan mahalim, – deya qo‘shimcha qildi, – o‘zimni torgina yerosti yo‘lagida ko‘rdim. Oldinga yurgach, oppoq nur taralib turgan allaqanday joyga chiqib qoldim. Keyin shu zahotiyoq ortimga qaytdim. Bor gap shu!»
Taajjubga tushgan Mario ota Albertoning so‘zlari nechog‘lik to‘g‘ri-noto‘g‘ri ekanligini tekshirib ko‘rmoqchi bo‘ldi. Shu maqsadda u bilan birga Takone tomon yo‘l oldi. Ular hovlining aynan o‘sha qismiga kirishganida mo‘’jiza takrorlandi. Boyaqish Alberto «Yerosti yo‘lagi taxminan manovi yerda edi», deya olg‘a bir qadam bosdi-yu, xuddi avvalgidek yana ko‘zdan g‘oyib bo‘ldi.
Shundan so‘ng uni qayta ko‘rish hech kimga nasib etmadi. Ruhoniy ota o‘zicha nimalarnidir pichirlab, shosha-pisha cho‘qindi-da, yonidagilarga buyurdi: «Fikri ojizimcha, bu yerga shaytonlar qopqon qo‘ygan, darhol atrofini devor bilan o‘rab, ustini berkitib tashlanglar!»
Shu-shu, o‘sha kasofat joy «Iblis tuzog‘i» degan nom oldi.
A.Haydarov


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter