Germaniyadagi bu uyda qachonlardir Vladimir Putin oilasi bilan 6 yil yashagan (foto)
«Bild» nashri jurnalistlari qachonlardir Rossiyaning hozirgi prezidenti Vladimir Putin Drezden (Germaniya)da yashagan xonadonga kirishga muvaffaq bo‘lishdi.
Kreml sohibi 1985-yilning kuzidan 1991-yilning martigacha Drezdendagi Radeberger shtrasse (ko‘chasi)da joylashgan olti qavatli panel uyning 4-qavatidagi xonadonda xotini va bolalari bilan yashagan. Putin o‘sha paytlarda KGBning Drezdendagi xodimi edi.
66 kvadrat metrli kvartira — uch xonali, oshxonasi, sanuzeli, balkon va saqlovxonasi bor. Xonadon markaziy isitish tizimiga ulangan, elektr plita o‘rnatilgan.
1991-yil boshlarida Putin sobiq Ittifoqqa oilasi bilan qaytgach, uning o‘rniga ko‘chib kirgan mebelsoz usta Yorg Hofmann hanuz shu yerda umrguzaronlik qiladi.
O‘shanda Vladimir Putinning rafiqasi Lyudmila kvartira bilan tanishtirganini Yorg Hofmann kechagidek eslaydi. «Hammayoqqa qora rus mebeli qo‘yilgan, devorlarga GDRga xos alyuminiy oboylar yopishtirilgan, polga qaymoqrang gilam to‘shalgandi», — deydi Hofmann.
1991-yilning mart oyida kvartiraning kalitini yangi ijarachiga Vladimir Putinning shaxsan o‘zi topshirgan. «O‘n yoki o‘n ikki nafarcha rus askari mebellarni taxlab, yog‘och qutilarga joylashgandi. Ayniqsa, katta kir yuvish mashinasi ularga dahmaza bo‘lgandi. Oltovlashib pastga arang olib tushishgandi», — eslaydi Hoffman.
Yorg Hofmann ham ijara pulini xuddi Putin kabi to‘lagan: uy uchun — 58,90 nemis markasi (DEM) hamda issiq suvga — 9,80, issiqlikka — 26,20, oyiga jami — 94,90 nemis markasi.
Oradan salkam 30 yil o‘tsa hamki Yorg Hofmann Vladimir Putindan keyingi tanho ijarachi ekanidan qanoatlanadi. «Faqat ba’zida rus sayyohlari o‘tirgan avtobuslar uy ro‘parasida to‘xtab o‘tishi asabimga tegadi. Ular bu yerni Putinning uy-muzeyi deb o‘ylashadi, shekilli», — istehzoli kuladi mebelchi.
Yorg Hofmann hali hech birovni o‘z xonadoniga ekskursiya uyushtirish uchun kiritmagan. Hatto Putinning ashaddiy raqibi Aleksey Navalniyni ham. Hofmanning aytishicha, Rojdestvo arafasida uy atrofida Navalniy tansoqchisi bilan aylanishib yurganini ko‘ribdi. Mebelchining gumonicha, Navalniy hujjatli film olayotgan bo‘lgan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter