Gulnora Karimova uy qamog‘idan umumiy rejimdagi koloniyaga o‘tkazildi – Bosh prokuratura
Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar sudi tomonidan 1972 yilda tug‘ilgan Gulnora Karimova Islomovna 2017 yilning 18 dekabr kuni 10 yilga ozodlikdan mahrum etilgan, deyiladi O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi xabarida.
Insonparvarlik tamoyillari va mahkumning jinoiy yo‘l bilan orttirilgan pul mablag‘lari hamda davlatga yetkazilgan zararni qaytarish bo‘yicha o‘z zimmasiga olgan majburiyatidan kelib chiqqan holda, jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar sudining 2018 yil 1 iyuldagi ajrimiga muvofiq, G. Karimovaning jazosi 5 yilga ozodlikni cheklash jazosiga almashtirilgan.
Ozodlikni cheklash jazosi mahkum G. Karimovaning xohishiga ko‘ra uning qizi Iman Karimovaning yashash joyi bo‘yicha tayinlangan. Bunda mahkum G. Karimovaga qonunchilikda belgilangan qator cheklovlarga, jumladan, turar-joyni tark etmaslik, aloqa va internet vositalaridan foydalanmaslik, shuningdek, zararni qoplash talabi qo‘yilgan.
G. Karimovaga agar ozodlikni cheklash jazosini o‘tashni qo‘pol ravishda buzish, shuningdek, sud tomonidan unga yuklatilgan majburiyatlar bajarilmagan taqdirda, sud ozodlikni cheklash jazosining o‘talmay qolgan qismini boshqa jazo turlariga almashtirishi mumkinligi tushuntirilgan.
Ammo, G. Karimova jazoni o‘tash davrida sud tomonidan belgilangan cheklovlarni tizimli ravishda buzib, majburiyatlarini bajarmay keldi.
Masalan, 2018 yilning 22 noyabr kuni G. Karimova turarjoyni o‘zboshimchalik bilan tark etgan va shu munosabat bilan tartibni va jazoni o‘tash shartlarini buzishga yo‘l qo‘yilmasligi haqida ogohlantirilgan.
Ogohlantirishga qaramasdan, G. Karimova o‘ziga tegishli xulosalar chiqarmasdan, jazoni o‘tash tartibi va shartlarini qo‘pol ravishda buzishda davom etdi. Jumladan, bir necha marta aloqa vositalaridan, shu jumladan, internetdan foydalangan, jinoyat ishi bo‘yicha o‘rnatilgan yetkazilgan zararni qoplashga faol qarshilik qilgan.
Ichki ishlar vazirligi Jazoni o‘tash bosh boshqarmasi huzuridagi Probatsiya xizmati taqdimnomasi asosida jazoni o‘tash talabi va shartlarini qo‘pol ravishda buzganligi sababli jinoyat ishlari bo‘yicha Yashnobod tumani sudi tomonidan G. Karimovaga nisbatan tayinlangan jazoning qolgan qismini jinoyat-ijro qonunchiligiga muvofiq umumiy rejimdagi koloniyada o‘tash jazosiga almashtirish to‘g‘risida ajrim chiqarildi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Gulnora Karimovaning qizi Imon Karimova «Instagram» tarmog‘ida ularning Toshkentdagi kvartirasiga prokuratura xodimlari kirib, onasini noma’lum tomonga olib ketgani haqida yozgandi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter