Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Hajda ilgari kuzatilmagan holatlar (foto)

Hajda ilgari kuzatilmagan holatlar (foto)

Masjidul-Haromda bomdod namozi. Makkai mukarrama, 2025-yil 3-iyun.

Foto: SPA

Bu yil muqaddas Haj amallari va ziyoratchilarga xizmatni tashkil etishda zamonaviy texnologiyalardan yanada ko‘proq foydalanilmoqda. Saudiya Arabistoni matbuoti yozishicha, bu yil ilgari qo‘llanmagan bir qator usullar istifoda etilmoqda.

Ma’lumki, Haj amallarini ado etish uchun millionlab musulmon bir paytda, bir joyda jam bo‘ladi. Shunga ko‘ra, katta izdihomni yo‘naltirish va boshqarish mas’uliyatli vazifa sanaladi.

Ko‘p sonli ziyoratchilar orasida tiqilinch yuzaga kelmasligi uchun real vaqt rejimidagi kameralar, havo monitoringi kabi texnologiyalardan foydalanilmoqda.

Saudiya sog‘liqni saqlash vazirligi xabariga ko‘ra, Haj davomida dori-darmon dronlar orqali yetkazib beriladi. Agar transport vositalari orqali dori-darmon o‘rtacha 90 daqiqada yetkazilgan bo‘lsa, dronlar ko‘magida bu amaliyotni 6 daqiqada bajarish mumkin. Uchuvchisiz qurilmalardan tibbiy maqsadda foydalanish ikki yillik tajriba va sinovlar mahsuli ekani aytilmoqda.

15 ming yurtdoshimiz muqaddas ziyoratga otlangan.
Foto: O‘zbekiston musulmonlari idorasi

Qurbonlik amalini tashkil etishda ham raqamli texnologiyalar asqotmoqda. Go‘sht vaznini o‘lchash, sovitish, tozalash kabi amaliyotlarda texnologiyalar yordamga keladi.

Bir million kvadrat metrni egallagan yettita kushxonada yuz minglab jonliq so‘yiladi.

Bu ishga 25 ming malakali xodim, jumladan, 600 nafar ulamo, 500 nafar veterinar, 16 500 nafar qassob va 400 nafar texnik xodim safarbar etilgan. Qurbonlik go‘shti insonparvarlik ko‘magi sifatida dunyo bo‘ylab tarqatiladi.

Saudiya hukumati tarqatgan Haj bo‘yicha yo‘riqnomada esa xavfsizlikka oid talablar aks etgan.

Bu yil jami ikki million musulmon Haj arkonlarini bajarishi kutilmoqda.
Foto: AFP

2024-yili 1 833 164 nafar musulmon Haj arkonlarini ado etgan bo‘lsa, bu yil 2 million kishi ushbu farz ibodatni bajarishi kutilmoqda. Demak, bu yil hojilar soni pandemiyaga qadar bo‘lgan ko‘rsatkichga yetadi.

Haj amallari 4–9-iyun kunlariga to‘g‘ri kelmoqda. Jumladan, ziyoratchilar 4-iyun kuni Mino vodiysida, 5-iyun kuni esa Arafot va Muzdalifa vodiylarida asosiy ruknlarni ado etadilar.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring