«Har bir maktab qulf-kalitli bo‘ldi» — Milliy gvardiya qancha ota-onani jarimaga tortgani ma’lum qilindi
Milliy gvardiyaning dastlabki o‘rganishlarida joriy yil 6-8 fevral kunlari darslarga sababsiz 188 000 o‘quvchi kelmaganligi aniqlangan. Bu haqda AOKAda o‘tkazilgan brifingda Milliy gvardiya axborot xizmati rahbari Davron Jumanazarov ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, kasallik bahonasi bilan darsda qatnashmaslik holatlari ham o‘rganilmoqda. Qashqadaryo viloyatida o‘tgan xaftada kasal deb belgilangan o‘quvchilarning uylariga borib o‘rganilganda 50 ta holatda kasal emasligi, aksincha sababsiz darsga kelmaganligi aniqlangan. O‘quvchilarning barchasi darslarga qaytarilib, ota-onalariga ma’muriy javobgarlik choralari ko‘rilgan.
Ta’kidlanishicha, bu kabi holatlar Respublikamizning barcha xududlarida qayd etilgan.
«Ta’lim-tarbiya borasidagi majburiyatlarni bajarmagan 124 ming nafar ota-onalar rasmiy ogoxlantirildi, to‘rt minga yaqiniga Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 47-moddasiga ko‘ra ma’muriy chora ko‘rildi», deyiladi Milliy gvardiya xabarida.
Aytilishicha, ko‘rilayotgan chora-tadbirlar natijasida respublikadagi maktablarda davomat ijobiy tomonga o‘zgarib, darsga kelmayotgan o‘quvchilar kuniga o‘rtacha 30 mingtaga kamayib bormoqda.
«Joriy yilning 6 fevral kunidan 7 mart kuniga qadar yangi tizimda amalga oshirilgan ishlar natijasida, 1 mln 769 ming nafar o‘quvchi maktablarga qaytarildi. Hozirda respublika buyicha davomat 97,7 foizga yetdi», deyiladi xabarda.
Maktablarda o‘quvchi va o‘qituvchilarni xavfsizligini ta’minlash borasida qorovullarning yangi ish tizimi joriy qilingan.
«Oldin maktab qorovuli faqat tungi paytda maktab ichkarisida o‘tirish bilan chegaralgan bo‘lsa, hozirda yangi ish tartibi bo‘yicha bir nafar qorovul kunduzgi vaqtda xizmat olib boradi, maktabga begonalar kirishini oldini oladi, kirish-chiqish va ichki tartibni nazorat qiladi. Qorovullik lavozimlari boschiqma-bosqich harbiy xizmatni o‘tagan yosh kadrlar bilan to‘ldirilmoqda. Bir so‘z bilan aytganda, har bir maktab qulf-kalitli bo‘ldi. Ushbu tizim o‘z samarasini ko‘rsatib so‘ngi haftani o‘zida respublikamiz bo‘yicha 6 ta turli holatlarda maktablarga begonalar kirishining oldi olindi», dedi Davron Jumanazarov.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter