“Har maktabga 100 kitob” yohud Bekobod tajribasi haqida

So‘kong‘ich, g‘o‘ddaygan, pora bilan qo‘lga tushgan, hatto davlatning maktabi yerlarini pullagan hokimlar haqida eshitganmiz. Lekin bir tumandagi har bir maktabga yuztadan kitob hadya qilgan, kitobxonlikni chinakam bayramga aylantirgan rahbarlarni har doim ham uchratavermaymiz.
Bekoboddagi voqelik esa shu kunlarda ijtimoiy tarmoqlarni xushxabarlarga to‘ldira boshladi. “Dolzarb 90 kun” doirasidagi kitob taqdimotlari, har bir maktabga 100 tadan kitob tarqatish tashabbusi, shoir va yozuvchilarning turli maktablardagi ijodiy uchrashuvlari an’anaviy adabiy muhitning qayta uyg‘onishidek tasavvur paydo qildi.
Bu ishlar ko‘zga ko‘rinmasdek tuyulsa-da, qalbni uyg‘otuvchi yuksak harakatlardir.
Ma’naviy ko‘prik
Bekobod tumanidagi tashabbus nimasi bilan ibratli? Unda kreativlik bor, ilm-fanga, adabiyotga muhabbat bor. Shuning uchun ham adabiyot namoyandalari Toshkent viloyatining uzoq bir tumaniga chorlandi, kitoblar dastxatlar bilan tarqatildi.
Mashhur adabiyotshunos Qozoqboy Yo‘ldoshning “Kitob tarqatilishi — yaxshilik alomati”, deb ta’kidlaganida ham keng ma’no bor. Bu alomat tumandagi o‘zgarishlarda, aholining kayfiyatida ko‘rinadi.
Bekobod o‘zgaryapti. Yo‘llar sozlanyapti, simyog‘ochlar yangilanyapti, ko‘priklar qurilyapti, yangi shahar loyihalari boshlanyapti, temir yo‘l kelyapti... Lekin, nazdimizda, tumanda barpo etilayotgan eng katta ko‘prik — ma’naviy ko‘prikdir. Shu ma’noda, kitob tarqatish ortida teran g‘oya bor: maktabga, xonadonlarga kitob kirsa — shu mahallaga nur kiradi, kitob ko‘paytirilsa — zulmatdan chiqish osonlashadi.
Daryo ustida ko‘prik qurilishi jisman yaqinlashish bo‘lsa, kitob bilan yuraklarni bog‘lash ruhan yaqinlikdir.
Kelajak uchun sarflangan sarmoya
Bugun bir rahbar kitob tarqatyapti. Ertaga boshqasi nega undan o‘rnak olmasin?! Axir rahbar faqat ijrochi bo‘lmasligi kerak. U uyg‘otuvchi, ruhiyat yetakchisi bo‘lmog‘i ham zarur. Uning har bir harakati odamlar kayfiyatiga ta’sir qilsa, har bir so‘zi ma’naviy quvvat baxsh etsa, aynan shunday rahbar xalqning duosiga, millatning faxriga aylanadi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev shunday degan edi: “Bitta kitob o‘qiydigan bola, o‘nta televizor ko‘radigan bolani ergashtiradi”. Bu hayotning sinalgan haqiqati. Bugun Bekobodda ana shunday o‘quvchilar ko‘paya boshladi. Buning zaminida faqatgina “100 kitob” emas, balki o‘sha kitobni qadrlayotgan jamiyat va tashabbuskorlar turibdi.
Bekobodda biz guvohi bo‘lgan yangicha bir ruh, yangi bir siyosiy madaniyat mamlakatimizda haqiqiy ma’naviy Renessans boshlanayotganidan darak beradi. Bunday kreativ tashabbuslar butun bir jamiyatni o‘rnidan turg‘azishi mumkin. Axir kitob uchun sarflangan har bir so‘m, uning targ‘iboti uchun ajratilgan har bir soniya elning kelajagiga qo‘yilgan ulkan investitsiyadir. Endi bunday tashabbuslarni butun respublikada davom ettirish har bir rahbar, ziyoli va ota-onalarning vazifasiga aylanmog‘i zarur.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter