Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Har qanday katta yoshdagi kishi yetuk emas

Har qanday katta yoshdagi kishi yetuk emas

foto: depositphotos.com

Yetuklik bu –  har doim ham yosh bilan birga kelmaydigan sifat. Har qanday katta yoshdagi kishi yetuk emas.

Yetuklik  bu – yoshga qaraganda ancha chuqurroq ma’noga ega. U sizning atrofingizdagi dunyoni qanday idrok etishingiz va tushunishingiz bilan bog‘liq.

Yetuk inson boshqalarning his-tuyg‘ulariga hurmat bilan munosabatda bo‘ladi, o‘z so‘zlarini ehtiyotkorlik bilan tanlaydi va qiyinchiliklarga sokinlik bilan javob beradi.  Yetuk inson nimani qadrlayotganini biladi va o‘z hayotidagi muhim odamlar va narsalarni alohida qadrlaydi.

Haqiqiy yetuklik o‘zingizni qanday tutishingiz va atrofdagilarga qanday munosabatda bo‘lishingizda aks etadi. 

Biz hammamiz ham katta bo‘lamiz, lekin hamma ham yetuk bo‘la olmaydi. Afsuski, o‘zini haliyam boladek yoki o‘smirdek tutadigan kattalar yetuklardan ko‘proq.

Ba’zan, atrofimdagi va ijtimoiy tarmoqlardagi 55-60 yoshdan oshgan kishilarning fikrlarini kuzatib, afsuslanaman.

Yoshi katta bo‘lsa ham, ular yetuk emas. O‘zlarining hayotiy tajribalaridan ham saboq olmaganlar, haliyam bolalikdagi yoki o‘smirlikdagidek o‘zlarini boshqalar bilan solishtiradilar, tengdoshini ayblaydilar, farzandlarini haliyam (garchi farzandlari kamida 40 yoshga yetgan bo‘lsada) boshqalarning farzandlari bilan solishtiradilar. O‘zlarini ko‘rsatgisi keladi (hech ma’no-mazmunsiz odatlari bilan) va eng yomoni, 30-40 yil birga yashagan jufti bilan nima uchun shuncha yil birga yashayotganini haliyam anglamaganlar.

Mayli, butun dunyoni idrok qilaolmasinlar, lekin hech bo‘lmaganda o‘z oilasi, yaqinlari bilan bo‘layotgan munosabatlarning asl mohiyati nimada ekanligini anglashi kerak. Odamlar nima qilayotgani, nimani o‘ylayotgani va nimalarni gapirayotganiga e’tibor berishdan ko‘ra, aslida o‘zlari shuncha yil yashab o‘tgan hayotini ko‘proq analiz va sintez qilishlari kerak va yosh avlodga o‘z hayotiy saboqlari haqida so‘zlab bersalar nur ustiga a’lo nur bo‘lardi. Afsuski, ko‘chiligi hayotidagi ko‘plab omadsiz tajribalarida haliyam boshqalarni, duyoni yoki zamonni ayblab yashayaptilar. Xatolarini tan ham olmagan, saboq ham olmagan.

Afsuski, ko‘pgina kattalar yoshi ulg‘aygani sari kognitiv tomondan fikrlarini mazmunini yo‘qotgandek tuyuladi menga. Albatta, bu boradagi shaxsiy fikrlarim ilmiy tadqiqotlarga tayanilsa yaxshi bo‘lardi, lekin

men bu yerda demensiya haqida gapirmadim. Aslida, demensiya (qarigandagi aqliy zaiflik) yoshi ham 65 yoshdan keyin deb belgilangan. Ammo hatto 50 yoshdan oshgan odamlarda ham o‘zini fiziologik qaridek tutishlarini ko‘raman. Hatto, ba’zilar «bizda xotira qoldimi endi, yosh emasmiz»  deyishadi. Aslida, shunday fikrlashning o‘zi ham yetuk emaslikdan dalolat.

Ba’zida o‘ylayman, mehnat qilish qobiliyatini yo‘qotgan yoki nafaqadagi aholimizga moslashtirilgan qandaydir institut ishga tushishi kerak. Masalan, ularni tezlikda o‘zgarayotgan zamonning yangicha bilimlari bilan tanishtirib boradigan to‘garaklar yoki nafaqadagi mutaxassislarga o‘z bilimlarini yangilash uchun universitetlardagi leksiyalarga kirishiga ruxsat berilishi kerakmikin?

                                                                             Madina Miytan, psixolog

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring