Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Xattotlik festivali, sun’iy intellekt va Ipak yo‘li videoo‘yini – Toshkentda xalqaro madaniy meros haftaligi boshlandi

Xattotlik festivali, sun’iy intellekt va Ipak yo‘li videoo‘yini – Toshkentda xalqaro madaniy meros haftaligi boshlandi

Joriy yilning 18-26 oktyabr kunlari O‘zbekiston poytaxti yuzlab olimlarni birlashtirib, xalqaro madaniy muloqot markaziga aylanadi.

Haftalik doirasida 20 dan ortiq davlatdan tashrif buyurgan turli nufuzli tashkilotlarning 100dan ortiq olimlari ma’ruzalari tinglanadi. Shu bilan birga mazkur xalqaro madaniy meros haftalida O‘zbekistondagi islom sivilizatsiyasi markazi Ilmiy platformasining «Islomdan avvalgi davr sivilizatsiyalari» ekspozitsiyasini takomillashtirishga yo‘naltirilgan 100dan ortiq loyihalarning taqdimotini o‘tkazish belgilangan.



Buyuk ipak yo‘li va O‘zbekiston bilan bog‘liq tarixiy mavzular bo‘yicha videoo‘yinlar yaratish, «O‘zbekiston hududidagi ilk petrogliflar» katalogini chop etish, «O‘zbekiston shaharsozligi tarixi» medialoyihasi, «Temuriylar davri qur’on qo‘lyozmalari faksimile nusxalarini yaratish», «Amir Temur nabirasiga atab ko‘chirtirgan Qur’onning faksimilesini tayyorlash», Qur’on zalida 24 soat tilovat qilinishini joriy etish, Qur’on matnlarini o‘rganishda sun’iy intellektdan foydalanish: islom ma’naviy merosiga yangi innovatsion yondashuvlar, «Xalqaro Qur’on xattotligi» festivalini yo‘lga qo‘yish kabi muhim ahamiyatga ega bo‘lgan loyihalar shular jumlasiga kiradi. Haftalik davomida O‘zbekiston madaniy merosiga oid muhim tadqiqotlarning natijasi e’lon qilinishi kutilmoqda.

Haftalik doirasida Toshkent aholisi va poytaxt mehmonlari tashrif buyurishi mumkin bo‘lgan ko‘rgazmalar tashkil etiladi. O‘zbekistonning boy tarixiy va madaniy merosiga bag‘ishlangan noyob ekspozitsiyalar Temuriylar tarixi davlat muzeyi, Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti, Alisher Navoiy nomidagi Milliy kutubxona va O‘zbekiston tarixi davlat muzeyining Toshkent filialida namoyish etiladi.

Ilmiy doira vakillari va rasmiylar ishtirokida mavzuga oid forumlar o‘tkaziladi. Madaniy meros haftaligining har bir kuni islomgacha bo‘lgan davrdan boshlab Yangi O‘zbekistonda Uchinchi Renessans davrigacha bo‘lgan davrlarga bag‘ishlanadi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan amalga oshirilayotgan «O‘zbekiston Islom sivilizatsiyasi markazi» mega loyihasi taqdimoti haftalikning muhim qismi bo‘ladi. Madaniy meros haftaligi ishtirokchilari qurilayotgan Islom sivilizatsiyasi markazi binosiga tashrif buyurish va u yerda xorijiy hamkorlar bilan birgalikda noyob ilmiy loyihalar taqdimoti o‘tkazish uchun noyob imkoniyatga ega bo‘ladilar. Shuningdek, O‘zbekiston madaniy merosini o‘rganish, saqlash va ommalashtirish bo‘yicha Butunjahon jamiyati (WOSCU) a’zolari ishtirokida tashkil etiladigan Markazning muzey zallarida mavzuli ko‘rgazma va ekspozitsiyalar ochiladi.

Umuman olganda, Madaniy meros haftaligi Samarqandda o‘tkazilgan VIII Kongress doirasida boshlangan va tasdiqlangan bir qator yirik loyihalarning mantiqiy davomi hisoblanadi. Endilikda, ushbu loyihalarni ishlab chiqish jarayoni boshlanmoqda.

Eslatib o‘tamiz, Toshkentda boshlangan madaniy meros haftaligi «Sharq Renessanslari fenomeni: saltanatlar, dinlar, shaxslar va tamaddunlar» deb nomlanadi. Ushbu tadbir doirasida konferensiyalar, seminarlar, forumlar, ko‘rgazmalar va taqdimotlar tashkil etiladi. Tadbirda 100 dan ortiq xorijiy olim va mutaxassislar, jumladan, xalqaro madaniy tashkilotlar rahbarlari, chet el muzey va kutubxonalari boshqaruvchilari ishtirok etishi kutilmoqda. CNN va Euronews telekanallari axborot yo‘nalishida ko‘maklashadi.

Toshkentda Madaniy meros haftaligini o‘tkazishning asosiy maqsadi xalqaro muloqot va o‘zaro bilim almashishni mustahkamlash, chet ellik hamkorlar bilan yangi qo‘shma loyihalarni tasdiqlash bo‘lib, bular mamlakat madaniy merosini saqlash, o‘rganish va ommalashtirish uchun yo‘naltirilgan. Bu tadbirlar O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan Yangi O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlarga muvofiq ravishda o‘tkazilmoqda.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring