Hayvonlar inson immun tizimiga qanday ta’sir qiladi?

It, mushuk, ot yoki boshqa hayvonlar bilan bir xonadonda yashash faqat ruhiy yuksalish emas, balki sog‘lig‘imiz uchun ham foydali bo‘lishi mumkin. Ilmiy tadqiqotlar hayvonlar bilan yaqin munosabat inson organizmi, xususan immun tizimiga kuchli ta’sir o‘tkazishini ko‘rsatmoqda. Hatto bu holat allergiya, ekzema yoki autoimmun kasalliklar xavfini kamaytirishi mumkin.
Amishlar siri nimada?
XVIII asrda Markaziy Yevropadan Shimoliy Amerikaga ko‘chib kelgan Amishlar bugungi kunda ham ot aravada yuradi, qishloq xo‘jaligi bilan shug‘ullanadi. Ular haqida ko‘plab filmlar suratga olingan, maqolalar yozilgan. Biroq so‘nggi 10 yilda Amishlar tibbiyot olimlarini ham qiziqtira boshladi.
Negaki, 1960-yillardan buyon bolalar orasida allergiya, astma va ekzema kabi immun bilan bog‘liq kasalliklar oshib borayotgan bo‘lsa-da, Amishlar bu xavfdan deyarli xoli. Bu holat olimlarni hayratga soldi.
Ikki xalq, ikki turmush tarzi
2012-yili AQSh va Germaniya olimlari Indianadagi Amishlar hamda Janubiy Dakotadagi Xutteritlar nomli qishloq jamoasi bolalaridan qon namunalarini olib, immun tizimini o‘rgandi. Har ikkalasi ham tabiiy oziqlanadi, havo ifloslanishi kam, ammo natijalar farqli chiqdi. Xutterit bolalarida astma va allergiya holatlari Amishlarga qaraganda 4–6 marta ko‘p edi.
Farq shundaki, Xutteritlar sanoatlashgan fermerlik usulini qo‘llaydi, hayvonlar fermada, uylardan uzoqda. Amishlar esa uy-joylarida hayvonlar bilan yaqin yashashadi.
Hayvonlardan kelayotgan mikroblar: yordamchi yoki xavfmi?
Itlar va mushuklar tufayli bizning terimizga, og‘zimizga va hatto ichaklarimizga turli bakteriyalar vaqtincha kirib kelishi mumkin. Olimlar bundan foydalanib, hayvonlar orqali inson immun tizimini «tarbiyalash» mumkinligini o‘rganmoqda.
Viskonsin Universiteti professori Nasiya Safdar bu g‘oyadan ilhomlanib, hayvon va odamlar ichidagi mikroblarni tahlil qilish orqali umumiyliklarni aniqlashga harakat qilmoqchi. Ammo professor Gilbert bu fikrga shubha bilan qaraydi: «It yoki mushuk bakteriyalari organizmimizda doimiy qolmaydi, lekin ularning vaqtinchalik ta’siri immun tizimimiz uchun muhim», — deydi u.
«Qadimiy mikroblar» va irsiy xotira
Irlandiyalik tadqiqotchi Fergus Shanaxan Irlandiyadagi sayyoh rom xalqining mikrobiomini tahlil qilib, ularda hanuzgacha «qadimiy mikroblar» saqlanib qolganini aniqladi. Bu holat Tanzaniya, Mongoliya, Fiji kabi hududlarda yashayotgan an’anaviy qabilalarniki bilan o‘xshash.
Bu xalqlarda Kron kasalligi, ichak yallig‘lanishi, skleroz yoki qandli diabet kabi autoimmun xastaliklar deyarli uchramaydi. Bu esa organizmning ko‘p mikroblar bilan duch kelishi uning immun tizimini tabiiy ravishda «chinishini» ta’minlashini anglatadi.
Xulosa: hayvonlar — sog‘lom immunitet garovi
Bolalikda yoki keksalikda bo‘lsa-da, hayvonlar bilan birga yashash immun tizimimiz uchun foydalidir. Aholi hayvonlar bilan ko‘proq muomala qilgan sari, kasalliklar kamroq kuzatiladi. Masalan, Italiyada bolalarga otlar bilan muloqot qilish uchun maxsus ferma tashkil qilindi va natijada bolalarning ichaklarida foydali bakteriyalar ko‘paydi.
Immunolog Liam O‘Maxonining fikricha, hatto it bilan yurishga chiqishning o‘zi ham organizmni turli mikroblar bilan aloqaga kirishishga majbur qiladi, bu esa sog‘liq uchun juda muhim.
Manba: bbc.com
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter