Hindiston noma’lum muddatga «AstraZeneca» vaksinasini eksport qilishni to‘xtatdi
Hindiston «AstraZeneca» kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilgan koronavirus vaksinasini eksport qilishni vaqtincha to‘xtatdi. Bu haqda Tashqi ishlar vazirligi veb-saytida ma’lum qilingan. COVAX dasturi bo‘yicha hozirgi kunda 180 davlat ushbu vaksinani yetkazib berishlarini kutayotgan edi.
Ma’lum qilinishicha, mamlakatning ushbu qarori Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining COVAX dasturi bo‘yicha kambag‘al mamlakatlarga koronavirusga qarshi vaksinalar yetkazib berishni o‘z ichiga olgan ta’minotga ta’sir qilishi mumkin.
«Hindiston hukumati mamlakatda koronavirusga chalinish ko‘rsatkichi yana oshgani bois «AstraZeneca» vaksinasini eksport qilishni to‘xtatdi. Bu bilan hukumat, birinchi navbatda, mahalliy aholini koronavirusga qarshi emlashga ko‘proq e’tibor qaratmoqchi. Ammo bu — vaqtinchalik chora», — deyiladi xabarda.
Hindiston bosh vaziri Narendra Modi 1-aprel sanasidan boshlab mamlakatdagi 45 yoshdan kattalarni birinchilardan bo‘lib emlash kerakligini ta’kidlagan. Shu jumladan, boshqa mamlakatlarda ham shu yoshdagi aholini tez suratlarda emlash kerakligi haqida tavsiyalar berilgan.
Hozirga qadar COVAX dasturi Hindistondan 17,7 million doza «AstraZeneca» vaksinasini olgan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter