Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Hokim haydovchisi prezident oldida usta sifatida ko‘rinish berdi

Hokim haydovchisi prezident oldida usta sifatida ko‘rinish berdi

Foto: Prezident matbuot xizmati

Ijtimoiy tarmoqlarda prezident Shavkat Mirziyoyevning Farg‘ona viloyatiga tashrifi doirasida Furqat tumanidagi «Usta Yusufjon naqqosh» oilaviy korxonasida bo‘lganida olingan suratda o‘ymakor usta libosida tuman hokimining haydovchisi turganligi qayd etilgan xabar e’lon qilindi.

So‘ng esa Prezident bilan muloqot qilgan yana bir usta tumandagi 21-maktab direktor o‘rinbosari ekani haqida chiqishlar paydo bo‘ldi.

Holatga Furqat tumani hokimligi axborot xizmati izoh berdi.

«Haqiqatdan ham, rasmda ko‘zga tashlangan shaxs Furqat tuman hokimining haydovchisi Ilhom Ahmadjonov bo‘lib, u O‘zbekiston xalq ustasi Muhammadali Yunusovning shogirdlaridan biridir. Ilhom Ahmadjonov bir yildan beri Furqat tumani hokimligida haydovchi bo‘lib faoliyat ko‘rsatib keladi. Avvaldan o‘zida o‘ymakorlikka, duradgorlikka qiziqish borligi sabab, tumanga kelgach «Usta Yusufjon naqqosh» oilaviy korxonasida milliy yog‘och o‘ymakorligi san’ati o‘rganish imkoniyati mavjudligidan foydalanib, shogird sifatida hunar sirlarini o‘rgana boshlagan. Kechagi tashrifda ham korxonada doimiy faoliyat olib borayotgan ustalardan tashqari Hunarmandlar maktabining qator o‘rganuvchilari ham bo‘lishganini e’tiborga olganda, Ilhom Ahmadjonovning ham ular qatorida u yerda bo‘lishi tabiiy holatdir. Aytib o‘tish kerakki, Muhammadali Yunusovning korxonasida o‘ymakorlik o‘rganayotgan shogirdlarning ko‘plari boshqa kasb hamda ish egalari.

Davlat rahbari bilan muloqot qilgan Ilhomjon Sulaymonov, faoliyati davomida maktabda mehnat fanidan o‘qituvchi bo‘lgan, o‘quvchilarga duradgorlik va o‘ymakorlik bo‘yicha saboq bergan. Hozirda tumandagi 21-maktabda ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha 0,75 stavkada direktor o‘rinbosar bo‘lib ishlab keladi. Uzoq yillardan beri amaliy o‘ymakorlik bilan shug‘ullanadi, «Usta Yusufjon naqqosh» oilaviy korxonasida tushdan keyin usta-o‘rgatuvchi lavozimida ishlaydi, 10 nafar shogird biriktirilgan», deyiladi izohda.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring