Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

"Hokim yordamchilari"ga nima bo‘layapti?

Peshku tumanida hokim yordamchisining  

pora bilan ushlanishi jiddiy signal 

 

Ijtimoiy tarmoqlarda kunora tarqalayotgan xabarlarni o‘qir ekanmiz, har o‘n-o‘n beshta jinoyatdan biri salkam "hokim yordamchilari" va ularning pora bilan qo‘lga olinayotgani bilan bog‘liq.  

Kuni kecha Buxoro viloyati, Peshku tumanida istiqomat qiluvchi tadbirkor o‘z mahallasida faoliyat yuritayotgan hokim yordamchisining noqonuniy harakatlari yuzasidan tegishli organlarga rasmiy murojaat bilan chiqqani va uning ortidan hokim yordamchisining qo‘lga olingani muhokamalarga sabab bo‘ldi. 

Holatga ko‘ra, Peshku tumani hokim yordamchisi o‘z xizmat mavqeidan shaxsiy manfaati yo‘lida foydalangan. U hokimiyat zaxirasidagi 7 sotix yer maydonini «K-savdo» avtomatlashtirilgan axborot tizimi orqali tadbirkor nomiga rasmiylashtirib berish evaziga undan 6.000 AQSh dollari talab qilgan. Bu jarayonda u yerni elektron auksion orqali «rasmiylashtirib beraman», degan va’da bilan harakat qilgan. 

Buxoro viloyati IIB axborot xizmatining «Xabar.uz»ga ma’lum qilishicha,  aniqlangan faktlar bo‘yicha ushbu mansabdor shaxs ta’magirlik yo‘li bilan pulini uchinchi shaxs orqali olgan vaqtida, Davlat xavfsizlik xizmati, Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti hamda Ichki ishlar vazirligi xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbir natijasida qo‘lga olingan. 

Hozirda unga nisbatan Jinoyat kodeksining 210-moddasi 2-qismi «v» bandi (ta’magirlik bilan pora olish) bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, ehtiyot chorasi sifatida qamoqka olingan. Tergov harakatlari olib borilmoqda. 

            Savol tug‘iladi: nega "hokim yordamchilari" xalq ishonchiga xiyonat qilishmoqda? Nega 2-3 yildan buyon pora bilan qo‘lga olinayotgan "hokim yordamchilari" va "mansabdorlar"ning safi ortmoqda https://xabar.uz/g9zs, https://xabar.uz/i48xhttps://xabar.uz/lu9g https://xabar.uz/163o 

 Aslida, «Mahallabay» ishlash tizimi doirasida joylarda faoliyat yuritayotgan hokim yordamchilari aholining turmush sharoitini o‘rganish, ishsizlikni kamaytirish, tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash kabi muhim vazifalarni bajarishi kerak. Ammo, afsuski, ayrim hollarda bu tuzilmalar korrupsiyaga botgan «yangicha» mansabdorlar sinfiga aylanib bormoqda.  

Xalq bilan davlat o‘rtasidagi «tilmoch» sifatida ishga qabul qilingan ayrim hokim yordamchilarining bu ishonchli vazifani suiiste’mol qilib, uni shaxsiy boylik orttirish vositasiga aylantirishayotgani achinarli. Bu, nafaqat, jinoyat, balki, jamiyat manfaatlariga ham qarshi chiqishdan boshqa narsamas. 

- Nima uchun bunday holatlar sodir bo‘layapti? Bu nazoratning yetishmasligi oqibatidir. Hokim yordamchilari ustidan samarali nazorat mexanizmining yo‘qligi, ularning harakatlari jamoatchilikka yoki OAVga yetarlicha ochiq emasligi bu kabi holatlarni keltirib chiqarmoqda. Bundan tashqari, ayrim mansabdorlar hanuz davr o‘zgarganini anglab yetmagan. Ular davlat xizmatiga xizmat emas, imtiyoz sifatida qaraydi. Uning ildiziga bolta urish vaqti allaqachon yetgan. Huquqiy savodxonlikning yetishmasligi esa mansabdorlar o‘rtasidagi suiste’molliklarni kamaytirishga emas, oshirishga xizmat qilayotgandek. Yetmaganiga, bugun pora bilan qo‘lga olingan mansabdor – sodir etgan jinoyatining berilgan «muddati»ni o‘tab-o‘tamay, ertaga boshqa bir mansab kursisini to‘ldirmoqda, - deydi jurnalist hamkasblarimizdan biri. 

Demak, bugungi kun har bir hokim yordamchisining faoliyatini ochiq va shaffof monitoring qilish, jinoyatga aloqador mansabdorlarga nisbatan qat’iy jazo choralarini qo‘llash orqali profilaktika kuchaytirilishi lozim.  Zero, fuqarolik jamiyati va ommaviy axborot vositalarining nazoratini kuchaytirish — ochiqlik va shaffoflikni ta’minlashda muhim omildir. 

Agar hokim yordamchilari xalq muammosini hal qilish o‘rniga, ularni savdo ob’yekti sifatida ko‘ra boshlasa, u holda «mahallabay» tizimning haqiqiy mohiyatini yo‘qqa chiqaradi. Bunday holatlar mutasaddi tashkilotlar tomonidan keskin baholanishi va bartaraf etilishi shart. 

Har bir fuqaro o‘z huquqini bilishi, mansabdor esa o‘z javobgarligini unutmasligi zarur, nazarimizda. 

Laylo Hayitova

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring