Hududlarda mumkin bo‘lgan amaliyotlar uchun respublika markazlariga yo‘llanma berilmaydi – Prezident

Prezident yig‘ilishda hududlarda yuqori texnologik operatsiyalarni o‘tkazish imkoniyati bo‘lsada, bemorlar hali ham Toshkentga kelayotganini qayd etdi. Misol uchun, o‘tgan yili yurak ishemik kasalligi bor bemorlarga ko‘rsatilgan koronarografiya va stentlash amaliyotining 80 foizi Toshkentda bajarilgan.
Jarrohlik amaliyoti talab qilmaydigan yurak ishemik kasalligi bor bemorlarni ham poytaxtga kelishi kamaymagan.
Eski «order» tizimidan voz kechilib, imtiyozli toifadagi shaxslarni «elektron yo‘llanma» orqali davolashga o‘tilganiga ikki yil bo‘ldi.
Lekin respublika markazlarining birortasi bemorlarning viloyat yoki tumanda qolib davolanishidan manfaatdor emasligi tanqid qilindi. Sabab – mablag‘ning asosiy qismi haligacha respublika markazlariga ajratilmoqda.
Shu munosabat bilan respublika markazlarida budjet hisobidan faqat yuqori texnologiyali murakkab amaliyotlar o‘tkazilishi belgilandi. Tuman va viloyatda bemalol qilish mumkin bo‘lgan amaliyotlar uchun respublika markazlariga yo‘llanma berilmaydi.
Mutasaddilarga respublika, viloyat, tumanga yo‘llanma beriladigan kasalliklar ro‘yxatini tasdiqlash topshirildi.
Bu yil elektron yo‘llanma asosida davolashga budjetdan 1,1 trillion so‘m ajratilmoqda.
Mutasaddilarga hududlarga ajratiladigan mablag‘lar ulushini 14 foizdan 30 foizgacha oshirish topshirildi. O‘tgan yili hududlarga 100 milliard so‘m berilgan bo‘lsa, bu yil ushbu mablag‘ 350 milliard so‘m bo‘ladi.
Elektron yo‘llanma berish va taqsimlash tizimi ham tubdan o‘zgaradi. Yo‘llanmaga kiritilgan kasalliklarni davolash xizmatlariga yagona bazaviy narx tasdiqlanadi. Endilikda bemorga respublika darajasida davolanish uchun berilgan yo‘llanma yagona elektron platformaga joylashtiriladi.
Platformada respublika markazi, boshqa viloyatdagi davlat va xususiy klinikalar ishtirok etadi. Ya’ni, yo‘llanma uchun tanlov bo‘lib, shifoxonalar bemorni qachon qabul qilishi, qanday davolashi, kerak bo‘lsa, shifokorini hududga yuborib, muolajani o‘sha yerda qilishi bo‘yicha eng maqbul taklifini beradi. Ushbu takliflar asosida bemor o‘ziga eng qulay shifoxonani tanlaydi.
«Shunda respublika markazlari va hududiy shifoxonalar o‘rtasida erkin raqobat bo‘ladi», - dedi Prezident.
Umuman, tibbiy sug‘urta tizimi faoliyatini tubdan takomillashtirish bo‘yicha qaror loyihasini kiritish topshirildi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter