Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Ibtidoiy texnika va buyuk ishtiyoq: «Odam-amfibiya» qanday suratga olingan?

Ibtidoiy texnika va buyuk ishtiyoq: «Odam-amfibiya» qanday suratga olingan?

Foto: sun’iy intellekt

Hollivud mutaxassislari kino olamiga endigina kirib kelayotgan, ammo ajoyib g‘oyalarga limmo-lim rejissyor Vladimir Chebotaryov «Odam-amfibiya»ni suratga olishga kirishganida rosa shubhalanishgan. Bu film ssenariysi «Lenfilm» javonlarida chang bosib yotganiga o‘n yil bo‘lgan edi...

«Nyu-York Tayms» gazetasi shunday yozgan: «Hatto Uolt Disney ham suv ostida suratga olish ishlarining murakkabligi tufayli Belyayev romanini ekranlashtirishdan bosh tortgan edi, ibtidoiy texnikada ishlovchi rus kinoijodkorlari esa taqdirda nimani bo‘lsa ko‘rishga qaror qilishdi!»

Va, haqiqatan, taqdir ularni siyladi! «Odam-amfibiya» shu qadar muvaffaqiyatli chiqdiki, o‘sha paytdagi madaniyat vaziri Ye.Fursevaning so‘zlariga ko‘ra, u Moliya vazirligi uchun chinakam sovg‘a bo‘ldi – filmni bir yil ichida sobiq ittifoq tomoshabinlarining uchdan bir qismi tomosha qildi. Uni 100 dan ortiq mamlakat tomoshabinlari ham ko‘rdi. Kassa yig‘imlari bo‘yicha film barcha rekordlarni yanchib tashladi...

«Odam-amfibiya» nafaqat davlat xazinasiga, balki tomoshabinlarga ham haqiqiy tuhfa bo‘ldi. O‘shanda men sakkiz yoshdan sal oshgan edim, bizning ishchilar posyolkamizdagi klubga hali bu filmni olib kelishmagan, lekin dugonam Natashka allaqachon vaziyatdan xabardor edi: u hayajondan  to‘lqinlanib, menga «chiroylidan-chiroyli» sevishganlarning sarguzashtlarini jonlantirib aytib, qo‘shiqlarini kuylab berardi. Men ko‘zlarim katta-katta ochilgancha tinglardim va bu hali ko‘rilmagan film haqidagi ilk taassurotim – Natashkaning zavqqa to‘la hikoyasi edi...

Bu sarguzasht-filmning yaratilishi esa o‘z-o‘zidan haqiqiy sarguzashtga aylandi. Gap shundaki, dunyodagi birinchi suvosti badiiy filmini suratga olish uchun ajratilgan budjet Kostroma yog‘och me’morchiligi muzeyida oddiygina bolalar ertagini suratga olish uchun beriladigan mablag‘ bilan bir xil edi. Va agar tasvirchi Eduard Rozovskiyning texnik ixtirolari va professionalligi bo‘lmaganida, «Odam-amfibiya» risoladagidek bo‘lmasdi.

O‘rta Yer dengizida suratga olish va Jak-Iv Kusto bilan hamkorlik qilishga, tabiiyki, pul yetmasdi. Natijada jonzotlarga u qadar boy bo‘lmagan Qora dengiz bilan kifoyalanishga to‘g‘ri keldi. Dengiz jonzotlarining gavjum hayoti haqida taassurot uyg‘otish uchun operator kamera obyektivi qarshisiga ichida bir nechta baliq suzib yurgan suvli idishni joylashtirishni o‘ylab topdi – shu tariqa suvosti dunyosi taassuroti yaratildi. U yerdagi o‘simliklar plastikdan yasaldi, Ixtiandrga hujum qilgan akula rolini esa qoradengizlik baliqchilardan sotib olingan kattagina baliq ijro etdi.
Suv ostida suratga olish ishlarining xavfsizligi eng katta bosh og‘rig‘iga aylandi. Rozovskiyning yana bir ixtirosi – hech kimni tok urmasligi uchun kinokameralarni gidroizolyasiya qiluvchi maxsus o‘ramlar bo‘ldi.

Bosim va harorat o‘zgarishidan yorituvchi chiroqlar portlab ketardi – Mudofaa vazirligi orqali reaktiv samolyotlar uchun mo‘ljallangan lampalarni qo‘lga kiritishga to‘g‘ri keldi. Yakunda esa, Moliya vazirligiga qilgan «sovg‘asi» uchun tasvirchi Rozovskiy partiya biletidan ayrildi va davlat mablag‘larini bir million rubl miqdoridan ortiq sarflagani uchun panjara ortiga tushishiga sal qoldi.

Suv ostida suratga olishni boshlashdan oldin, aktyorlar va ijodiy guruh bir necha oy davomida Leningraddagi Lesgaft jismoniy tarbiya institutida suzishni o‘rganishdi. Anastasiya Vertinskaya suzishni mutlaqo boshidan o‘rgandi.

Bosh qahramonlar rollari uchun rejissyor o‘zgacha, ilohiy tashqi ko‘rinishga ega bo‘lgan yosh, unchalik tanilmagan aktyorlarni izladi: Guttierening ko‘zlari xuddi osmondek, Ixtiandrniki esa dengizdek bo‘lishi kerak edi. Va topishdi – Vertinskaya va Korenevni...

Anastasiya Vertinskaya hali maktabda o‘qirdi, uning yonida maktab darsliklari va daftarlari bilan onasi doimo birga yurardi. Yosh aktrisa imtihonlarini Bokuda – film suratga olinayotgan joyda topshirishiga to‘g‘ri keldi.

Vladimir Korenevni esa assistent uning diplom spektaklidan olib keldi va bu shunday katta omad bo‘ldiki, boshqacha Ixtiandrni tasavvur qilib bo‘lmasdi. Mazkur rol yosh aktyorga telbavor mashhurlik keltirdi, muxlislar uning uyi yo‘lagidagi barcha devorlarni lab bo‘yog‘i bilan sevgi izhorlariga to‘ldirib tashlashdi, shu sababli Korenev o‘z hisobidan yo‘lakni ta’mirlashga majbur bo‘ldi.

Suv ostidagi suratga olishda xavfsizlikni g‘avvoslik bo‘yicha mutaxassislar ta’minlab turishdi: aktyorlar bilan birga suv tubiga tushib, ulardan akvalanglarni olishar va ish boshlanardi. Suratga olish bir daqiqadan ortiq davom etmas, keyin yana akvalang kiyishardi, keyin yana s’yomka. Bu harakatlarning uzluksizligi effektini yaratish uchun qilinardi.

Yosh Nastya Vertinskaya sho‘ng‘ishdan juda qo‘rqardi, lekin unga dublyor sifatida taklif qilingan baquvvat suvosti suzish bo‘yicha chempion qizni ko‘rgach: «Yo‘q, u mening o‘rnimga suratga tushmaydi! Yaxshisi, cho‘kib keta qolay!» – dedi.

Va, albatta, yosh, ammo favqulodda yorqin bastakor Andrey Petrovning musiqasisiz film xitga aylanmagan bo‘lardi!

«Odam-amfibiya» o‘z ishiga ko‘ngil qo‘ygan yosh, fidoyi insonlar tomonidan yaratildi va kattalar uchun barcha zamonlarning ertagiga aylandi. Oradan yillar o‘tib, Vladimir Korenev bunday «o‘lmas asar» faqatgina boylik orttirish ishtiyoqidan yiroq bo‘lgan, fidokor insonlar mehnatidangina tug‘ilishi mumkinligini aytgan edi...

Mana, oltmish yildan ortiq vaqt o‘tsa hamki, bu jozibali, yorqin va romantik filmning aslo ohori to‘kilmaydi va bu uning ijodkorlariga halolligi, fidoyiligi va biz, tomoshabinlarga bo‘lgan muhabbati uchun berilgan haqiqiy mukofotdir.

Slava Falkovskaya

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring