Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Ikki shoir raqobati

Ikki shoir raqobati

Rus adabiyotining «kumush davri»da bu ikki shoir o‘rtasida keskin adabiy va shaxsiy raqobat bo‘lgan. Bir-birini yoqtirmagan bu daholarning pichinglari, kinoya va achchiq istehzolari qiziq.

 Kutaisilik Mayakovskiy – keskin o‘zgarishlar tarafdori, futurist va inqilobchi shoir bo‘lsa, ryazanlik Yesenin esa qishloq va tabiatga maftun imajinist edi.

 «Men uni birinchi marta ko‘rganimda yengiga naqsh tushirilgan ko‘ylak kiyib olgandi. Menga bachkana va qalbaki tuyuldi», deydi Mayakovskiy. U Yeseninning oq qayin qarshisida bosh egib she’r o‘qishining ustidan kulgan edi. O‘zining «Yubiley» she’rida Yeseninni «qo‘lqop kiygan molboqar» deb ham ataydi. «Molboqar» shoir esa xuddi yosh boladek jahl qilib, uchrashish uchun payt poylardi.

«U Mayakovskiyni shunchalik yomon ko‘rib qoldiki, uyidagi barcha kitoblarini yirtib tashladi. Biroq uni masxaralash uchun she’rlarini baribir o‘qirdi», deb yozadi V.Shklovskiy.

Ichkilik va mushtlashuvlar jonu dili bo‘lsa-da, Yesenin musht o‘qtalib Mayakovskiyning yoniga yugurmadi. Aksincha unga yaqinlashish yo‘lini izladi.

Odamlarga bu ikki zabardast shoirning adabiy bahsi yoqardi. Ularning aytishuviga guvoh bo‘lish uchun butun Moskva-yu Peterburgdan yig‘ilib kelishardi. Shoirlarning tortishuvi va masxaralari esa qizigandan-qizirdi. Barcha ular salkam dushmanligini bilardi. Ammo «Yangi olam» nashrida Mayakovskiy kutilmaganda Yesenin she’riyatini maqtab, ko‘pchilikni hayron qoldirdi. Biroq so‘zining yakunida: «E’tibor bering, Yeseninda men aytgan xislatlarning birortasi ham yo‘q», deb qo‘shimcha qilib, she’riyat muxlislarining hafsalasini pir qiladi.

 Bir jihatdan, Yesenin va Mayakovskiyni bir-biriga dushman deyish xato bo‘ladi. Sababi, ular achchiq so‘zlar ortida bir-biriga tan berishgan.

«Nima bo‘lganda ham Mayakovskiyni chiqarib tashlash imkonsiz. U adabiyotda mustahkam xoda kabi yotadi va ko‘pchilik bu xodaga qoqiladi», – deydi Yesenin.

 Mayakovskiy esa: «Imajinistlar yo‘qolib ketadi, lekin ulardan birgina Yeseninning nomi qoladi», – deydi.

Ikki shoirning taqdiri ham o‘xshab ketadi.

1925 yil 28 dekabrda Sergey Yesenin o‘z joniga qasd qilganida, Mayakovskiy: «Bu hayotda o‘lish yangilik emas, yashashga kuch topish qiyin», deb uning qilmishini ojizlik deb hisoblaydi.

Lekin Yeseninning o‘limidan so‘ng u ancha iztirob chekib, uxlay olmay chiqqanini sevgilisi Lili Brik o‘z xotiralarida yozib qoldirgan.

Eng qizig‘i, oradan besh yil o‘tib (1930 yilda) Mayakovskiy ham «imajinist» hamkasbi kabi o‘zini otib o‘ldiradi...

Biroq o‘zaro raqobat ham, fojiali o‘lim ham ularning adabiyotdagi shon-shuhratiga zarracha ta’sir qilmaydi. Aksincha, yuz yil o‘tib ham Yesenin va Mayakovskiy she’riyati yashashda davom etmoqda.

timur_books sahifasidan olindi.

 

 

 

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring