«Inglizlar qanday qilib bu yerga kelib qolishdi?» – Lavrov Samarqandda ingliz tilidagi yozuvga e’tibor qaratdi

Ayni kunlarda Samarqandda bo‘lib turgan Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov shahardagi «Motamsaro ona» yodgorligi poyiga gul qo‘ydi va ushbu jarayonda majmuada yozilgan ingliz tilidagi yozuvga e’tibor qaratdi.
Yodgorlikning yon tomonlarida ikki tilda – o‘zbek va ingliz tillarida yozuv bor. Rossiya TIV rahbari bu yerda rus tilida yozuv bo‘lmagani uchun hayratlanganini yashirmagan.
Rossiyaning RIA nashri Sergey Lavrov va O‘zbekiston tomonidan unga biriktirilgan ekskursovodning qisqa suhbatini keltirmoqda.
«Inglizlar qanday qilib bu yerga kelib qolishdi? Qarasam, inglizcha yozuv», – deb so‘radi u ekskursovodga yuzlanib.
«Umuman olganda, bu yerda hamma tillarda bor. Turizm shahri», – deb javob berdi u.
«Men rus tilidagisini ko‘rmayapman», – deb javob berdi vazir.
Eslatib o‘tamiz, Lavrov ayni paytda Samarqandda va bugun O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev bilan uchrashuv o‘tkazdi. Uning O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov bilan muzokaralar olib borishi ham rejalashtirilgan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter