Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Isroil askarlari masjidda noma’qulchilik qildi

Isroil askarlari masjidda noma’qulchilik qildi

Isroil askarlari tomonidan Falastinning Jenin shahridagi masjidda amalga oshirilgan noma’qul va tahqiromuz xatti-harakat xalqaro hamjamiyat tomonidan qoralanmoqda.

Hodisa bir necha kun avval Isroil askarlari ishg‘ol ostidagi G‘arbiy sohilda uyushtirgan reyd payti ro‘y bergan.

Buyuk Britaniyaning «The Guardian» nashri chop etgan videolavhada Jenin shahridagi masjidlardan biriga bostirib kirgan Isroil askarlari azon aytish va namoz o‘qishga mo‘ljallangan ovoz kuchaytirgich orqali yahudiy diniy qo‘shiqlarini kuylayotganini ko‘rish mumkin.

Askarlardan biri imom xutba o‘qiydigan minbarga chiqib olgan, qolganlari esa joynamozlarni oyoq kiyimi bilan bosgancha masjidga nisbatan hurmatsizlik qilgan. Askarlar musulmonlar masjidida yahudiy dini ibodati ado etilishini o‘z qo‘li bilan videoga olgan.

Falastin tashqi ishlar vazirligi Isroil askarlarining ushbu xatti-harakatini «islomiy muqaddasotlar ustidan kulish» deya keskin tanqid qilgan.

Falastin prezidenti Mahmud Abbosning rasmiy vakili bu kabi harakatlar mintaqada diniy urushga olib kelishidan ogohlantirgan. Unga ko‘ra, «Isroil yoqishga urinayotgan diniy urush alangasi mintaqa bilan cheklanmay, butun dunyoga tarqalishi mumkin».

Mahmud Abbosning rasmiy vakili xalqaro hamjamiyatni Falastin xalqining haq-huquqlari va diniy qadriyatlarini toptayotgan Isroilga bosim o‘tkazishga chaqirgan.

Musulmon davlatlari, jumladan, Turkiya Isroil harbiylarining islom diniga nisbatan hurmatsizligini keskin tanqid qilgan.

Tel-Avivning yaqin ittifoqchisi sanalgan Vashington ham ushbu harakatni qoralagan. Xususan, AQSh davlat departamenti matbuot xizmati rahbari Mettyu Miller hodisani «xavotirli» deb baholagan.

Isroil armiyasi vakillari o‘z askarlarining masjidda yahudiy qo‘shiqlarini kuylaganini tanqid qilgan va bu holat armiya nizomiga zid ekanini bildirgan. Mudofaa rasmiylariga ko‘ra, ushbu harakatni sodir etgan askarlarga nisbatan intizomiy chora ko‘riladi.

Ayni choqda, Isroil milliy xavfsizlik vaziri Itamar Ben-Gvir masjidda noma’qulchilik qilgan askarlarni yoqlab, ularga intizomiy chora ko‘rilishini bildirgan mudofaa vazirligi vakillarini tanqid qilgan. Vazir masjidda yahudiycha duo va ibodat qilgan askarlarni qahramon deb atagan.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring